Eng yaxshi turizm qishlog‘i – Sentob o‘zi qanday joy? (foto)
Samarqandda UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida «Best Tourism Villages 2023 Awards» (2023 yilning eng yaxshi turizm qishlog‘i) nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Navoiy viloyatining «Sentob» qishlog‘i g‘olib bo‘ldi.
Xabar.uz axborot-tahliliy portali ushbu qishloq haqidagi ma’lumotlarni yana bir bor eslatib o‘tishga qaror qildi.
Tasvirlab bo‘lmas toza havo, qushlarning g‘ujg‘on sayrashi, atrofda uchib yuruvchi xonqizilar, kechki shafaq, tog‘ jilg‘asining shildirashi, gullar ifori, xushmuomala aholi, yulduzlarga to‘la osmon...
Ehtimol, bu Nurota tog‘laridagi qishloqning diqqatga sazovor jihatlarining bir qismi xolos.
Navoiy viloyatining Nurota tumani markazidan 120 kilometr uzoqda joylashgan Sentob qishlog‘i hududdagi diqqatga sazovor sayyohlik yo‘nalishlaridan biridir. Qariyb 3 ming aholi istiqomat qiladigan bu qishloq so‘lim tabiati, qadim sivilizatsiya maskanlaridan biri hisoblanadi. Sentob o‘zining qadim tarixi, madaniy-merosi, o‘tmishi, milliy qadriyatlari va urf-odatlarining bugungi kunga qadar saqlanib qolgani bilan noyob qishloq sanaladi.
Sentob Aydarko‘ldan 30 km masofa narida joylashgan bo‘lib, shahar g‘ala-g‘ovuridan charchagan inson intiladigan makondir.
Bu joylar turli xil hayvonlar, qushlar va hasharotlarga boy, ulardan ayrimlari Qizil kitobga ham kiritilgan. Qishloq bo‘ylab sayr qilarkansiz, noyob va puxta o‘ylab qurilgan qadimiy shaharga tushib qolganday bo‘lasiz.
Qoya toshlarga ishlangan V-VI asrlarga oid petrogliflar, tog‘ tepasidagi ko‘hna qo‘rg‘on qoldiqlari, XI-XVIII asrlarga oid toshga o‘yilgan yozuvlar hamda qishloqning eng yuqori nuqtasidagi Fozilmon ko‘li mehmonlarni hamisha qiziqtirib keladi. Sentob qishlog‘idan 12 km uzoqlikdagi «Qora tog‘» qoyatoshlarida ko‘plab ko‘hi uslubdagi arab grafikasidagi yozuvlar, Qur’on oyatlardan fragmentlar hamda qadimiy qo‘rg‘onlarni ko‘plab uchratish mumkin.
Sentob qishlog‘ida Sentob suv ombori, Qadimiy karvonsaroylar, «Xo‘ja Porsho», «Xo‘ja Maxmad Savrato» ziyoratgohlari, «Chashmai ako» bulog‘i, qadimiy qal’alar, arab grafikasidagi ko‘hi yozuvlari, tog‘ toshlaridan qurilgan uylar, o‘ziga xos tog‘li hudud arxitekturasining saqlanib qolganligi muhim tarixiy ahamiyatga ega.
Shuningdek mazkur hududda sayyohlarning mazmunli dam olishlarini ta’minlash maqsadida xonadonlarda hunarmandchilik maskani va kichik muzeylar tashkil etilgan. Sayyohlar uchun umumiy ovqatlanish va yotoqdan tashqari otda, eshakda tog‘lar bo‘ylab sayohatlarini tashkil etish xizmati xam yo‘lga qo‘yilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter