Eng arzon va qimmat osh qayerda? Statistika qo‘mitasining yanvar oyi uchun «Palov indeksi»
O‘zbekistonda eng ommaviy taom — «Palov indeksi» ma’lumotlari shakllantirib borilishi haqida ilgari xabar bergandik. Davlat statistika qo‘mitasi 2020-yil yanvar oyi uchun O‘zbekiston hududlarida palovning o‘rtacha narxi qanchaligini aniqladi.
Oshning o‘rtacha narxini aniqlashda mamlakatimiz markaziy hududlaridagi umumiy ovqatlanish muassasalari (Osh markazlari)da o‘tkazilgan kuzatuv natijalariga asoslanilgan.
Quyidagi jadvaldan ko‘rinib turibdiki, palovning o‘rtacha narxi eng yuqori hududlar: Samarqand (1 porsiyasi — 16 667 so‘m, 1 kg. — 116 667 so‘m), Buxoro (1 porsiyasi — 16 000, 1 kg. — 112 000), Toshkent shahri (1 porsiyasi — 15 400, 1 kg. — 107 800) hamda Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari (1 porsiyasi — 15 000, 1 kg. — 105 000 so‘mdan).
Eng arzon oshni esa Namangan (1 porsiyasi — 11 000, 1 kg. — 77 000) va Surxondaryo (1 porsiyasi — 11 800, 1 kg. — 82 600) viloyatlariga borsangiz yeysiz.
O‘zgarishlar bor: tepadan pastga va pastdan tepaga
Statistika qo‘mitasi 2019-yilning dekabr oyi uchun e’lon qilgan «Palov indeksi»da ham O‘zbekistonda oshning o‘rtacha narxi eng yuqori hudud sifatida Samarqand viloyati ko‘rsatilgan edi: 1 porsiyasi — 20 000, 1 kg. — 140 000 so‘m (quyidagi jadvalga qarang). Hozir ham eng qimmat osh Samarqandda, ammo narxi oldingi oyga nisbatan yanvarda 16,6 foizga pasaygan.
«Eng arzon osh hududlari»da esa, aksincha, palovning narxi qimmatlashgan: Navoiy — +8,3 foiz, Namangan — +2,8 foiz, Surxondaryo — +1,2 foiz.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, kuzatuvchi tomonidan ro‘yxatga olingan kun va vaqtdagi narx-navo qayd etilib, vaqt va joyga qarab narxlar o‘zgarib turadi. Mazkur ma’lumotlarni shakllantirish jarayonida faqatgina tanlab olingan umumiy ovqatlanish muassasalari (Osh markazlari)dagi 1 kg. palovning o‘rtacha narxlari hisobga olingan bo‘lib, restoran va choyxonalardagi narxlar inobatga olinmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter