Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

Energetika vaziriga: Yozda ham, qishda ham elektr o‘chmaydi degan va’da beruvdingiz, esingizdami?

Energetika vaziriga: Yozda ham, qishda ham elektr o‘chmaydi degan va’da beruvdingiz, esingizdami?

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uzoq emas, shu yilning 24 mart kuni bo‘lib o‘tgan selektor yodingizdami? Prezident Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi bo‘yicha o‘tkazgan selektor yig‘ilishi davomida elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti muammosini ko‘targandi. Davlat rahbari o‘tgan qish davomida yuzaga kelgan muammolar takrorlanmasligi uchun energetika vaziri Alisher Sultonovdan hisobot talab qildi ham.

Ha, o‘shanda, energetika vaziri Alisher Sultonov ham mard ketib, selektor yig‘ilishi davomida joriy yilgi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi bo‘yicha muammo bo‘lmasligini va’da qildi. O‘sha paytda vazir janoblari hisob-kitob bilan gapirganiga shubham yo‘q. Ha aytgancha, qo‘shimchasi ham bor bu va’daning: «Bundan buyon nafaqat kuz-qish mavsumi, yilning har bir davriga e’tibor kuchli bo‘ladi. Yil davomida energiya ta’minoti barqaror bo‘lishini ta’minlaymiz. Oxirgi yillarda nafaqat qishda, balki yozda ham elektr energiyasiga talab oshib ketadi. Odamlar konditsionerlar ishlatishadi», deb istisno ham qilib qo‘ygandi vazir. Ammo istisno isbot emas va natijaga ta’sir qilmaydi.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Chiroqchida odamlar tezyurar poyezd yo‘liga chiqib olgani haqida xabarlar tarqadi. Sabab Chiroqchida chiroq yo‘qligi. Vazir va’da berganmidi? Odamlarga shu issiqda poyezd yo‘liga chiqish havas emas, deb o‘ylayman. O‘zbek xalqi bardoshli. Tirnog‘ining tagiga igna sanchsangiz ham chidaydigan xalq o‘zidan o‘zi ko‘chaga, poyezdning yo‘liga chiqmaydi.

Odamlar yashash uchun kurashadi. Oqova suv yetib bormagan yerlarda, ichimlik suvi tanqis joylarda elektrning qadri juda bilinadi. Ular elektrni tekinga so‘rayotgani yo‘q. Pulini to‘lashga tayyor, ammo…

Qishloqda yashab ko‘rgan odam ularning bekordan bekorga dod demayotganini biladi. Elektr bo‘lmasa, na chorvachilik, na dehqonchilik bo‘ladi.

Elektrning o‘chishiga kim aybdorligini bilmayman. Negadir bizning elektr juda nozikta’b. Na issiqni, na sovuqni, na shamolni, na yomg‘irni xushlaydi. Alisher Sultonov va’da bergani hammaning yodida. Va’da ham chakana emas, naq Prezidentimizning shaxsan o‘zlariga berilgan. Bilmadim, va’da berib bo‘lgach, ichlarida «hazillashdim» degandirlar-u biz eshitmagandirmiz. Birovga tuhmat qilish gunohi azim, yanayam bilmadim...

Xalq orasida «echkining qasami» atamasi yuradi. Va’da berilsa-yu, bajarilmasa kimdan «o‘pkalash»niyam bilmaydi odam. Ehtimol, janob vazirimiz, va’dani unutib qo‘ydilarmikan? Ammo ne bo‘lsa ham va’da bajarilmayapti. Qolgan faktorlar sabab emas, «bahona»ga o‘xshab ko‘rinaveradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring