Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ekrandagi tajovuz yohud kinoning kuchidan qanday foydalanishmoqda?

Ekrandagi tajovuz yohud kinoning kuchidan qanday foydalanishmoqda?

Biz kommunikatsiya tizimi taraqqiy etgan zamonda yashayapmiz. Deyarli har kuni internet, ommaviy axborot vositalari orqali dunyoning u yoki bu mamlakatida kattalar va bolalar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlardan xabardor bo‘lib turibmiz. Jahonda turli qotillik, zo‘ravonlik, qonli to‘qnashuv, otishma, o‘g‘rilik bilan bog‘liq noxush hodisalar yuz beradi. Ularning paydo bo‘lishida ma’lum ma’noda kinofilmlarning ham ta’siri bor. Shu o‘rinda 1987- yilda ekranlarga chiqarilgan «Kaputsínlar xiyobonidagi kishi» filmini misol sifatida keltirib o‘tish kerak.

Film qahramoni Mister Jonni Fyost AQShning Yovvoyi G‘arbidagi shaharlardan birida kinoteatr ochib, mast-alast, urish-janjallar bilan shug‘ullanib keladigan mahalliy aholiga ezgulikni targ‘ib qiluvchi filmlarni namoyish qila boshlaydi. Shu tariqa kino odamlarni tarbiyalashga xizmat qilishi targ‘ib etiladi. Haqiqatan mo‘’jiza yuz berib, jinoyatchilik avj olgan shaharda ma’naviy yuksalish boshlanadi. Bezorilar yangi hayotga yuz tutadilar. Ammo bu jarayon uzoq davom etmaydi.

Fyost bir necha kunga shaharni tark etadi. U qaytganida shahar ostin-ustun bo‘lib ketgan edi. Mister Sekond ismli shaxs shaharga jangarilik, dahshatli ko‘rinishlar aks etgan filmlarni olib kelib, namoyish qilardi. Aholi bir zumda ortga qaytgan – shaharda zo‘ravonlik, mast-alast yurishlar, boshboshdoqlik yuzaga kelgan edi. Endi kino ma’naviyatni emas, bosqinchilikni targ‘ib qilardi. Mister Fyost shaharni tark etishga majbur bo‘ladi.

Agar tarjima qilinmagan bo‘lsa, hali ham kech emas, mana shu filmni o‘zbekchalashtirib, tez-tez televideniye orqali ko‘rsatib turish kerak. Kinosanoat zamonaviy insonning turmush tarzi va fikrning shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Kinomagnatlar film yaratar ekan, millionlab dollar mablag‘ ishlab olishni ko‘zlaydi. Bolsheviklar dohiysi «Sanatlar ichida biz uchun eng muhimi kino» degan edi. Mana shu san’atdan bugun zo‘ravonliklarni targ‘ib qilishda foydalanishmoqda.

28 dekabr – Xalqaro kino kuni. Shu munosabat bilan kinoga aloqador bir nechta voqeani keltirib o‘taman. 2012 yilda Kolorado kinoteatrida yuz bergan otishma jangari filmlarning inson ruhiyatiga salbiy ta’siri haqidagi bahslarga moy sepgandek bo‘ldi. O‘shanda qotillik sodir etgan Jeyms Xolms ismli shaxs Betmen haqidagi filmlarni tomosha qilganidan so‘ng kino qahramoni singari bo‘lishni istab qolgan. Floridadagi ruhiy salomatlik markazlaridan birining prezidenti, jangari filmlarning inson ruhiyatiga ta’sirini o‘rganib kelayotgan doktor Jey Rivning so‘zlariga qaraganda, mazkur kinoasarlar odamlarni zo‘ravonliklarga targ‘ib qilar ekan. «Bunday filmlarni tomosha qiladigan odamlarning yashirin nozik jihati bor. Mana shu pinhonalik ularni film qahramonlaridek bo‘lishga undaydi», deydi mutaxassis.

2002 yilda Vashington yaqinida bir o‘smir 10 kishini otib tashlagan edi. Mazkur ishni tekshirgan tergovchilarning fikricha, u «Matritsa» (The Matrix) ilmiy-fantastik trillerini tomosha qilgan ekan. «Zo‘ravonliklar aks etgan filmlar, teleko‘rsatuvlar, videoo‘yinlar zo‘ravonlik xavfini kuchaytiradi» deydi Michigan universitetining psixologiya bo‘yicha professori Rouell Xyusman. Shu o‘rinda 1981 yilda prezident Ronald Reyganning hayotiga suiqasd qilganlikda aybdor deb topilgan Jon Xinkli «Taksichi» (Taxi Driver) filmidagi qahramonga o‘xshamoqchi bo‘lgani aytiladi.

1999 yilda Koloradodagi maktablardan birida yuz bergan ommaviy qotillikni o‘rgangan tergovchilarning ta’kidlashicha, o‘z maktabdoshlariga o‘q otgan o‘smirlardan biri kundaliklarida «Qotil bo‘lib tug‘ilganlar» (Natural Born Killers) filmi haqida yozib qoldirgan. Qurbonlar hamda jabrdiydalarning ota-onalari esa otishmani uyushtirgan har ikki qotilga «Basketbolchining kundaligi» (The Basketball Diaries) filmi ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

Mutaxasssilar bir guruh odamlar ishtirokida eksperiment o‘tkazishdi. Ularga hujjatli, melodrama va jangari filmlar ko‘rsatildi. Shundan so‘ng tahlil uchun qonlari olindi. Melodrama va hujjatli filmlar tomoshasidan so‘ng odamlar qonida o‘zgarish bo‘lmagan. Jangari filmni ko‘rganlaridan keyin esa qondagi antitel miqdori oshib ketgan. Psixologlarning xulosasiga ko‘ra, dahshat filmlarni tomosha qiluvchilar tajovuzkor bo‘lar ekan. Mana shularni inobatga olgan Xitoy hukumati bir qator dahshatli filmlar namoyishini to‘xtatib qo‘ydi. Texas universitetida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga qaraganda, dahshatli filmlar inson asabi uchun trening vazifasini bajarar ekan. Ming afsuski, so‘nggi yillarda dahshatli filmlar ishqibozlari ortib bormoqda.

Kino ko‘chma ma’noda ham, to‘g‘ri ma’noda ham hayot. U insonga ham salbiy, ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Olimlarning fikricha, filmlar odamlarga muammolarini bir zum bo‘lsa-da unutishga xizmat qilib, kayfiyatini ko‘taradi. Buning uchun film qaysi janrda bo‘lishining farqi yo‘q.

To‘g‘ri, ekrandagi zo‘ravonliklarni har kim o‘zicha tushunadi. Lekin hammani ham o‘zingizga o‘xshatishingiz kerak emas. Filmda aks etgan hodisalarni siz to‘g‘ri ma’noda qabul qilsangiz, boshqa birov bu zo‘ravonliklarni to‘g‘ri ma’noda miyasida idrok etishi mumkin. Eng xavflisi ana shunda. Bostondagi Shimoli-Sharqiy universitet professori, kriminolog Jeyms Foks «ko‘pchilik hayotiy reallik bilan fantaziya o‘rtasidagi farqni ajrata olmaydi» degan fikrni aytadi.

Vaziyatni o‘rgangan mutaxassislarning fikricha, jinoyat va jazo ruknidagi ko‘rsatuvlarni ham imkon qadar kamaytirish kerak. Ularda dahshatli jinoyatlar haqida ma’lumot berilar ekan, jurnalist katta ish qilganidan faxrlanishi mumkin. Ammo bu kabi ma’lumotlar aksar hollarda ko‘pchilik uchun o‘quv qo‘llanmasi bo‘lib qolayotganidan ham ko‘z yummaslik kerak. O‘tgan asrning 80-yillarida AQShda mahbuslar o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga qaraganda, jinoyatchilarning 63 foizi teleqahramonlardan o‘rnak olib, shu ishni qilganliklarini aytishgan bo‘lsa, 22 foizi filmlardagi jinoyat texnologiyasidan foydalanganini ta’kidlagan.

Shu o‘rinda bolalarga mo‘ljallangan multfilmlardan ham ehtiyot bo‘lish lozim. Masalan, 1942 yilda ilk bor ekranga chiqarilgan «Tom va Jerri»ga nisbatan o‘z vaqtida «kartondagi zo‘ravonlik» iborasi ishlatilgan edi. Mazkur multfilm bolalardan ko‘ra ko‘proq kattalarga mo‘ljallangan deguvchilar ham bor. Xorijiy multfilmlarda tajovuzkor va behayo sahnalar borligidan ko‘z yumish kerak emas. Bu kabi multfilmlarni bolalarga sira ko‘rsatib bo‘lmaydi.

Ekrandagi tajovuzkorlik hayotdagi zo‘ravonlikni keltirib chiqaradi, demoqda psixiatr va psixologlar. Ularning gapida jon bor. Kimdir kinoni xuddi adabiyot va musiqa singari san’at asari sifatida, boshqa birov zo‘ravonlik targ‘ibotchisi sifatida qabul qiladi. Haqiqatan, bugun zamonaviy televideniye va kinematografiya katta kuchga aylandi. Kino dunyoqarashning shakllanishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, katta muammo ham borki, bu filmda aks etgan voqea-hodisalarni qanday qabul qilinishidadir.

Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda, televizor bolalar uchun asosiy axborot manbaiga aylangan. Masalan, Rossiyada bolalar bir kunda o‘rtacha 3–5 soat, Polsha 2–4 soat televizor qarshisida o‘tirsa, AQShda ular o‘z vaqtini darsdan ko‘ra ko‘proq televizorga sarflashar ekan. Shvetsiyada o‘quvchilar 10 yillik o‘qish davomida 18 ming soatni televizor qarshisida o‘tkazishi ma’lum qilindi. O‘tkazilgan tadqiqotlarda qatnashgan bolalar televizordan ota-onalari, do‘stlari yoki o‘qituvchilaridan ko‘ra ko‘proq ma’lumot olishlarini aytishardi. Amerika Tibbiyot assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘quvchi maktab davrida televizor orqali o‘rtacha 8000 ta qotillik va 100.000 zo‘ravonlikni tomosha qilar ekan. Tadqiqotchilar televideniye axloqsizlikni targ‘ib qilishini ham tan olishadi.

Shu o‘rinda ayrim seriallarda erning xotinga, xotinning erga qilgan xiyonatini namoyish qilish nazarda tutiladi. Sotsiologik tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, yoshlarning 58 foizi film qahramonlarining xatti-harakatlarini takrorlashga urinadi.

Ayrim telekompaniyalar axloq me’yorlariga rioya qilmagan holda chegaradan chiqib ketmoqda. Masalan, 1998 yilning 1 may kuni AQShda erta tongdan bir qator telekompaniyalar bolalarga mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarini uzib qo‘yib, Los-Anjelesdagi ko‘chada o‘z joniga qasd qilgan erkakni ko‘rsata boshladi. O‘shanda bolalar qo‘lda qurol bilan ko‘chada o‘tkinchilarga tahdid qilib chopib yurgan va oxir-oqibat o‘z miyasiga o‘q otib, ko‘chani qip-qizil qonga bo‘yagan erkakni tomosha qilishga majbur bo‘lgan edi. To‘g‘ri, keyinchalik telekompaniyalar ota-onalardan kechirim so‘radi. Ammo g‘isht qolipdan ko‘chgan edi. Ming afsuski, bu kabi ko‘rinishlar bir qator xorijiy mamlakatlarda odatiy holga aylanib ulgurdi. AQSh maktablari, ta’lim muassasalarida o‘quvchi yoki talaba tomonidan sodir etilayotgan otishma va qotilliklarni aytmay qo‘ya qolaylik. Ilmiy tadqiqotlar ko‘rsatishicha, televideniyening salbiy ta’siri natijasida jinoyatchilik avj olmoqda.

Olimlarning aytishiga ko‘ra, har qanday mamlakatda bugun ko‘rsatilgan zo‘ravonlik holati 10–15 yil o‘tib o‘z ta’sirini ko‘rsatar ekan. Bu borada Janubiy Afrika va Kanadada o‘tkazilgan tadqiqotlar misol sifatida keltiriladi. AQSh sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida 1969 yilda jamiyatda zo‘ravonliklarni tadqiq qiluvchi ilmiy-konsultativ qo‘mitasi tashkil etilgan. Qo‘mita xodimlarining so‘zlariga qaraganda, ekrandagi zo‘ravonliklar tomoshabin hayotiga ta’siri bo‘ladi. Shunday ekan, telekompaniyalar o‘z tomoshabinlari, ayniqsa bolalar va o‘smirlar orasidagi mas’uliyatni his qilishlari kerak. 1977 yilda AQShdagi uchta telekompaniyaga (ABS, NBS, CBS) ayblov e’lon qilindi. Ular namoyish qilgan lavha Mayamidagi 15 yoshli o‘smirning 83 yoshli qo‘shnisini o‘ldirishiga sabab bo‘lgani tan olingan edi.

Bugungi kunda «o‘rgimchak uyasi» ham bolalar uchun xavfli bo‘lib bormoqda. Internet va kompyuter o‘yinlari bolalarning ko‘ngilxushlik maskani bo‘lib qoldi. Virtual dunyo bilan oshno bolalar o‘z joniga qasd qilishdan qaytmasligi borasida kattalar ogohlantirilmoqda. Internetga mubtalo bo‘lgan bola monitor oldidagi vaqtini nazorat qilolmay qoladi. U qotilliklar, qon to‘kilishlari, shahvoniy ko‘rinishlar aks etgan o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lgach, sog‘lig‘i va hayotini garovga tikib, hayotda ham shunday qilishga intiladi.

Jamiyat bolalarni o‘yinlar girdobidan olib chiqishni istasa, ota-onalar, o‘qituvchilar, mahalla-ko‘y, umuman olganda, keng jamoatchilik oyoqqa turishi kerak. «Kattalar bolalar uchun vaqt ajratib, ularning nimalar bilan shug‘ullanayotganini nazorat qilishlari lozim» deydi mutaxassislar. Davlat zo‘ravonliklar aks etgan filmlarni taqiqlayotganiga qaramay, ota-onalar farzandlariga vaqt ajratmas ekan, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samara bermaydi. Axloqsizlik, zo‘ravonliklarni targ‘ib qiluvchi film, ko‘rsatuvlar o‘z vaqtida to‘xtatilmasa, bolalarning porloq kelajagi zimistonga aylanishi mumkin.

Sharofiddin To‘laganov,

jurnalist.

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring