Diqqat, sovuq! Qishloqdagi qishlov muammolari
Keling, kosmik kemalar fazoni kezib yurgan taraqqiyot paytida men sizga unchalik xush kelmaydigan muammo haqida gapirib beraman. Dunyoning istalgan go‘shasini jonli efirda ko‘rish mumkin bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarni hamda o‘zida millionlab tasvirlarni jamlagan videoxostinglarni o‘chirib... menga quloq tuting.
Yaqinda yomg‘ir yog‘di (yog‘sa yog‘ibdi-da, dersiz) va o‘zi bilan olam-olam muammolarni ham boshlab keldi. Qo‘qqisdan sovuq tushdi. Sovuq desa, ko‘z o‘ngimda gurillab yonayotgan pechka yoki ichida cho‘g‘i «bozillab» tugan sandal keladi (ibtidoiy romantika). Ammo qishloqda ana shu pechkaga o‘tin yoki ko‘mir topib berish katta ma’suliyat, mablag‘ni talab etadi. Hamma gap mana shunda.
Har yil sovuq tushgach, qishloqda yashovchi oddiy oilaning hayotida ham «kichik» sinov boshlanadi. Birinchidan, qishda seni uyingni hech kim isitib bermaydi. Ikkinchidan, bir qishga yetadigan ko‘mir sotib olish uchun ancha-muncha pul kerak.
Bitta yo‘li qoladi — daraxt kesish. Baxtimizga qishlog‘imiz serdaraxt, yong‘oqlar quchog‘ingga sig‘maydi, katta dalalarning chetini qator tutlar egallagan. Laylakqor urib turganda, boltani ko‘tarib, dalaga chiqasan. Odamlarni ko‘zini shamg‘alat qilib, bitta daraxtni kesasan. Ikki kundan keyin yana bittasini... Uyingda choy qaynagan, pechning ustida ovqat pishgan. Bolalaring tanasiga issiq kirganidan xursand. Tashqariga chiqqing kelmaydi, sovuq «chaqib oladi». «Qish o‘chog‘i tor» degan gap bor-ku.
Ikki-uch yil shu taxlit davom etadi. Onda-sonda pillachilik bo‘yicha mas’ul bo‘lgan va odamlardan har mavsum pul yig‘ib olib, jig‘ildoniga urishdan boshqasiga yaramaydigan mas’ullar, ekologiya xavf ostida ekanligidan va’z o‘qib, o‘zi qahratonni shaharda o‘tkazib keladigan «Toshkentboy»lardan boshqa hech kim mushugingni pisht demaydi…
Qor yog‘averadi, yer muzlaydi, daraxt kesiladi, pechkaga o‘t qalanadi… Bu —xuddi Yer quyosh atrofini har yili aylanganidek, muntazam davom etadigan jarayon.
Qishloq tobora yalang‘ochlashib borayotgani, yil quruq kelib, lalmikor dalalar tosh yerga aylanib, hech kimga kerak bo‘lmay qolayotgani, sayozlashgan daryoning chetida sholipoyalar yo‘qolib, tonna-tonna tosh-qumlar mashinaga ortilib, pullanayotgani sen va hamqishloqlaringni daraxt kesishiga aloqasi yo‘qdek tuyuladi.
Aslida, barcha qulay kommunal sharoitlardan mahrum insonga bular haqida va’z o‘qish adolatdan emas.
Shaharlik yurtdoshingni uyida gazi, isitish tizimi bor. Uning ko‘ziga sen tabiat dushmani bo‘lib ko‘rinasan. Ba’zilar sening arra va boltangni yomonlab, hashaki mashqlar ham yozadi, «jabr ostidagi ona tabiatni» madh etadi.
Ammo senga ularning oh-vohlari bir tiyin. Senga uyingni tezroq isishi muhim. Qo‘lingda bolta, daraxt kesishga ketyapsan, chunki kechadan sovuq tushdi. Men seni ayblay olmayman.
Men oddiy xalqning muammosiga befarq, seni daraxt kesishdan qaytarib, boshqa maqbul yo‘lni ko‘rsatish qo‘lidan kelmagan mahalliy mas’ullarni ayblayman.
Dalada siyraklashib qolgan daraxtlarni himoya qilishni uddasidan chiqmayotgan ekoinspeksiya vakillarini ayblayman.
Qishloqqa truba yotqizib qo‘yib, lekin necha yillardan beri gaz bermayotganlarni, odamlar qiynalayotganini ko‘rsa-da, o‘zi shaharda beg‘am qishlab yurganlarni ayblayman.
Jamiyatdagi muammolarga o‘z yechimini bermayotgan ahli ilmni ayblayman.
Va nihoyat, shuncha vaqt jurnalist sifatida jur’atsizlik qilib, miq etmaganim uchun o‘zimni ayblayman.
Ulug‘bek Oripov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter