Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Deputatlardan ayb qidirish muammoni hal qiladimi?» Rasul Kusherbayev Adliya vazirligiga javob qaytardi

«Deputatlardan ayb qidirish muammoni hal qiladimi?» Rasul Kusherbayev Adliya vazirligiga javob qaytardi

Adliya vazirligi «O‘zbekiston» telekanalida efirga uzatilgan, kunduz kunlari avtomobil chiroqlarini yoqib yurish mavzusiga bag‘ishlangan «Munosabat» ko‘rsatuvidagi deputatlar fikrlariga munosabat bildirgan edi. Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev ushbu munosabatga darhol javob qaytardi.

Adliya vazirligining avtomobillarda kunduz kuni chiroqlarni majburiy yoqib yurishga e’tiroz bildirgan deputatlar bo‘yicha munosabatini ko‘rib bir latifa esga tushib ketdi:

Birovning bog‘iga o‘g‘irlikka tushayotgan afandi daraxtga chiqib mevalarini xaltasiga solayotsa, uy egasi kelib afandining kovushidan tortadi:

– Nega meni bog‘imda o‘g‘irlik qilyapsan?

Afandi esa ustomonlik bilan:

– Nega unda o‘zing xotiningga kovush olib bermaysan? – deydi.

Mavzuga qaytsak. Aslida gap Adliya vazirligi masalani boshqa tarafga burib yuborishga harakat qilgan – 2016-yilda yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha ishlab chiqilgan qonun loyihasida emas, balki serquyosh O‘zbekistonda kunduz kuni avtomobil chiroqlarini majburiy yoqib yurishni bekor qilish haqida.

Buni hamma ko‘rib bilib turibdi. Mayli Adliya vazirligi asosiy mavzudan chalg‘ituvchi bu ishni deputatlar qo‘yarda qo‘ymay tashabbus qilib chiqishgan, deyishmoqda. Buni astoydil, mehnat qilib, chuqur o‘rganib aniqlashibdi. Shunday bo‘la qolsin. Biroq bunday tashabbus qanday bo‘lganligi ko‘rga ham ma’lum. Keyin o‘sha qonun loyihasida gap faqatgina yo‘lovchi va yuk tashuvchi, mototransport vositalarining kunduz kuni chiroqlarini yoqib yurmaganligi uchun jarima haqida ketgan. Hozir esa o‘sha qonun bahona hamma haydovchilar shunday qoidabuzarlik uchun jarimaga tortilmoqda.

Adliya vazirligi bu o‘rinda fuqarolarimizning e’tirozlarini eshitish o‘rniga nimaiki yomonlik, odamlarning e’tiroziga sabab bo‘lgan hujjatlar bo‘lsa deputatlarni aybdor qilish bilan shug‘ullanmoqda. Shu adolatdanmi? Adliya vazirligi oppoq: barcha qonun hujjatlari bo‘yicha ekspertizalar a’lo darajada o‘tkazilib, hech bir hujjatda ma’lum guruh va shaxslarning monopoliyasiga yo‘l qo‘yish, nodavlat tashkilotlariga tadbirkor va fermerlarni majburiy a’zolikka kiritish, davlat tilidan boshqa tilda hujjatlar qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaganmi? Aholini arzon uy-joy olishi uchun hukumat belgilangan tartiblarni qo‘llashda qonunbuzilishini ko‘rib turib esa ko‘z yumish holatlari ham bo‘lmagan shekilli? Bu bizga ma’lum natijalar xolos.

Adliya vazirligining bu munosabatini minglab yurtdoshlarimiz tomonidan e’tiroz bildirilgan masalaga vijdonan yondoshib, yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan asossiz o‘zgartirishni oddiy aytganda «xalqning buyurtmasi»ga ko‘ra bekor qilish haqida fikr bildirayotgan deputatlarga nisbatan jamoatchilikda salbiy fikr paydo qilishga bo‘lgan urinish, degan xulosaga kelish mumkin. Xuddi shunday: bu masalada odamlarning ishonch va e’tiborini qozonayotgan, ularning qo‘lloviga erishayotgan deputatlarni xuddi shu odamlar oldida obro‘sizlantirish, kulgiga qo‘yish va ixlosini qaytarishdan bo‘lak ish emas. Bu Adliya vazirligiga nima uchun kerak bo‘lib qoldi?

Barcha mas’ullar, shu jumladan deputatlar va vazirliklar ham avvalo xalq oldida mas’ul va hisobdordir. Xalqning xohish irodasi faoliyatimizning asosiy mezoni. Deputat sifatida biz shunday hisoblaymiz. Xalq e’tiroziga sabab bo‘layotgan muammolarni barchamiz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab hal etishimiz kerak. Afsuski, bugun biz va biz orqali yuz minglab yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashiga umid qilganlar qatorida bir jamoaning yo‘q ekanligiga ishonch hosil qildik. Nailoj, bu yo‘lda ularsiz bo‘lsa ham oxirigacha davom etamiz...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring