Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputat «manqurtlik tasmasi» haqida fikr bildirdi

Deputat «manqurtlik tasmasi» haqida fikr bildirdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «Georgiy lentasi» haqida tanqidiy fikr bildirdi va uni «manqurtlik tasmasi», deb atadi.

«Ma’rifatparvarlarimiz tarbiyaning eng oliy ko‘rinishi tuyg‘ular tarbiyasi, deyishadi. Bayroq, belgi, tasma, ko‘krak nishoni kabilar ham kishining ruhiy kamol topishida bir qadar ahamiyatga ega.

Shu kunlarda 9-may arafasida boshlangan lenta va belgilarni taqib yurish targ‘iboti kampaniyasini kuzata turib, Chingiz Aytmatov va Muxtor Shoxonovning suhbati asosida dunyoga kelgan «Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori» kitobidagi bir misol xotiramda qayta-qayta gavdalanyapti. Unda Muxtor Shoxonov Mo‘g‘ulistonning birinchi kosmonavti Jugdemediyn Gurragchani O‘trorda kutib olishda ro‘y bergan holatni eslab o‘tadi.

Dunyoga mashhur Gurragchani katta e’tibor bilan kutib olgan O‘tror tumani rahbariyati shoir Muxtor Shoxonovga O‘trorning «faxriy fuqarosi» unvonini berishadi. Muxtor Shoxonov esa o‘sha paytlari yer kurrasini aylanib chiqib, qaytib tushgan kosmonavtga qo‘ngan joyining «faxriy fuqarosi» unvoni beriladi, degan an’anaga suyanib, mo‘g‘ulistonlik mehmon Gurragchaga ham O‘trorning «faxriy fuqarosi» unvonini berishni taklif qiladi. Biroq... xalq xotirasi qadim zamonlarda ro‘y bergan vahshiyliklarni hamon unutmagan edi. Mo‘g‘ul qo‘shiniga qattiq qarshilik ko‘rsatgani uchun butun boshli urug‘-aymoqlarni qirib yuborish niyatida homilador ayollarning qornini yorib, go‘daklarni osmonga irg‘itib, nayza tig‘iga sanchgan Chingizxon va uning askarlari qilmishi shuncha asrlar o‘tsinki o‘trorlik avlodlarning qalbida o‘chmas dog‘ bo‘lib saqlanib qolgan ekan. Xullas, oqsoqollar mehmonga «faxriy fuqaro» unvoni bera olmaydilar.

Chor Rossiyasining o‘z vaqtida Markaziy Osiyo xalqlari ustidagi istilochilik harakatlarida bunday vaxshiyliklar yangi ko‘rinishda takrorlangan: dini, e’tiqodi, madaniyati, tili, eng yomoni esa xotirasidan judo qilish maqsadidagi harakatlar alal-oqibat istilochilarning o‘z vaqtida «qahramon»lik darajasida e’tirof etilishiga sabab bo‘lgan. Masalan, o‘sha vaqtda Chor Rossiyasidagi birgina rassomga rasm chizishda ilhom berish maqsadida turli ko‘rinishlarda ermak uchun o‘ldirilgan ko‘plab yurtdoshlarimizning xotirasi haqida o‘qiganimda g‘alati ahvolga tushgandim.

Markaziy Osiyo xalqlari boshiga kulfat yog‘dirgan, musibat keltirgan ana shu «qahramon»lar chor Rossiyasi tomonidan «Georgiy tasmasi»ga ilingan ordenlar bilan mukofotlangan. Masalan rus zobitlari va generallari uchun maxsus — «Qo‘qon xonligini zabt etgani uchun», «Markaziy Osiyoga yurishi uchun», «Xiva xonligiga yurishi uchun» kabi medallar «Georgiy tasmasi» bilan bezatilgan.

Bugun esa ayrimlarimiz buni 9-may arafasida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga bog‘lab «qahramonlik» va xotira belgisi sifatida ko‘ksimizga, avtomobilimizga, uylarimizning peshtoqiga ilish bilan ovoramiz. Bu belgi mohiyatida minglab otalarimiz, onalarimiz, ziyoli yurtdoshlarimiz, o‘yin-kulgu bilan ovora bola qiyofasidagi o‘tmishdoshlarimizning hayotga to‘ymagan yig‘i va nolasi yotibdi. Bu harakatlar manqurtlikdan bo‘lak ish emas.

Tuyg‘ular tarbiyasida manqurtlik sari yana bir qadam ilgarilayapmiz. Ofarin!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring