Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Korrupsiya darajasi yomon va yaxshi bo‘lgan tashkilotlar e’lon qilindi

Korrupsiya darajasi yomon va yaxshi bo‘lgan tashkilotlar e’lon qilindi

Foto: Xabar.uz

Aksilkorrupsiya agentligi davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi samadorligi bo‘yicha tasniflarini e’lon qildi. 

Joriy yilda 2023 yil natijalari bo‘yicha 95 ta davlat tashkilotining, jumladan 36 ta davlat tashkiloti ilk marotaba, qolgan 59 tasi esa takroran baholashdan o‘tkazilgan bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 42 ta tashkilot faoliyati samaradorligi «yaxshi» – (81-100 ball), 38 ta tashkilot «qoniqarli» – (55-80 ball) va 15 ta tashkilot «qoniqarsiz» – (55 balldan past) toifalarga ajratildi.

E’tiborli jihati, Investitsiya va savdo vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiya vazirligi, Andijon va Surxondaryo viloyati hokimliklari, Madaniy meros agentligi reytingi «qoniqarsiz» deya topildi. 

Natijalarining xolisligini ta’minlash maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo‘lgan Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantirilib, ular tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining baholash natijalari mustaqil va xolis ko‘rib chiqildi va xulosalar taqdim qilindi.

Tahlil natijalari davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida bir qator kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmaganligi, jumladan faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlar aniqlanmaganligi, ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va xaridlar jarayonida manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va aniqlash bilan bog‘liq choralar amalga oshirilmaganligi, korrupsiya haqida xabar berish bo‘yicha aloqa kanallarining yo‘lga qo‘yilmaganligi, ushbu yo‘nalishdagi hujjatlar ijro etilmaganligi, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etishga yetarlicha e’tibor qaratilmaganligi tashkilotlar faoliyati qoniqarsiz baholanishiga sabab bo‘ldi.

Masalan, Surxondaryo va Andijon viloyat hokimliklarining korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi ketma-ket ikki yil davomida «qoniqarsiz» baholandi. Andijon viloyat hokimligi tomonidan esa korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi shtat birligi xodim bilan jamlanmagan.

Baholash natijalariga ko‘ra, «qoniqarli»deb topilgan davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar amalga oshirilgan bo‘lsada, ayrim masalalarga e’tiborsizlik bilan qaralgan. Jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlar to‘g‘ri baholanmaganligi natijasida korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlari manzilli ishlab chiqilmagan va ijrosi to‘g‘ri tashkil etilmagan, xodimlarni korrupsiyaga qarshi o‘qitish va ularda murosasiz munosabatni shakllantirishda yetarli ishlar amalga oshirilmaganligi, belgilangan tadbirlar ijrosini nazorat qilish sohasida kamchiliklar mavjudligi kuzatildi.

Baholash natijalariga ko‘ra «yaxshi» deb topilgan 42 ta davlat tashkiloti faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar tizimli ravishda amalga oshirilgan. Jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, natijalariga asosan manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ular samarali amalga oshirib kelingan. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, monitoring va nazorat tadbirlarini amalga oshirish, turli tanlovlar jarayonida korrupsiya omilini istisno qilish, xodimlar va aholini korrupsiyaga qarshi murosasiz ruhda tarbiyalashga oid tizimli choralar ko‘rilgan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatida birinchi rahbarlarning irodasi namoyon qilinib, xodimlar va keng jamoatchilik bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda tizimli muloqot yo‘lga qo‘yilgan.

Reyting baholash tizimi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalarni samarali monitoring qilish bilan birga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, sohada sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish hamda tashkilot rahbarlarining mas’uliyatini yanada oshirish imkonini berdi.

Baholash yakunlari bo‘yicha «yaxshi» deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi. «Qoniqarli» deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring