«Ushbu xatim tez va qisqa kunlarda…»
Chorak asrdan buyon xatsiz, bo‘m-bo‘sh ochilib qolgan pochta qutilar haqida emas, balki, umr poyiga ulkan xotira qo‘yadigan – xat (maktub) haqida so‘z.
«Vafosizga. Men o‘zimning bu maktubimni ko‘z yoshlarim bilan yozaman. Negaki, hozirda manim yolg‘iz ko‘z yoshlarimgina emas, butun borlig‘im siyohdir. Men endi og‘izlardagi «vafo» so‘ziga ishonmayman. Chunki, men o‘zimning vafosiga ishong‘anim bir yigitdan ulug‘ vafosizlik ko‘rdim. Uyatimdan ko‘zlarimni ocholmayman. Negaki, yeru ko‘klar, tog‘u-toshlar va dunyodagi barcha narsalar manim aldang‘anim uchun kulib masxara qilg‘andek qaraydilar... Bu kunimdan, bu hasratimdan qutilish uchun o‘zimga ajal chaqiraman. Lekin ajal ham men sho‘rlikdan nafratlangandek, go‘yo ul ham menga vafosizlik qiladir...
... Kumush emas, Tuproqbibi yozdim. 17-javzo, 1265-inchi yil, Marg‘ilon»
Va bunga javoban yozilgan ikkinchi maktubdan qisqacha keltiraylik:
«Umidim yulduzi, orzum chechagi, hayotim tiragi Kumushimga. Kinoya va achchig‘lar bilan to‘liq bo‘lg‘an maktubingizni oldim. Xatni yozg‘an chog‘ingizda tamom bir o‘t ichida, g‘azab dengizida suzg‘anligingiz gavdalanib, ko‘z o‘ngimdan o‘tdilar...
...Siz maning bu xatimni o‘qib, gunohlarimni yarlaqab turg‘an kezlaringizda, albatta, man Marg‘ilon yo‘lida bo‘lsam kerak...
Siz o‘zingizni tuproq bilan tenglashtirmakchi bo‘lg‘ansiz, lekin man hozir Kumushka ham qanoatlanmay, Oltinbibi, deb atamoq fikriga tushdim...
Borlig‘im muhabbatingiz alangasi bilan tutashqani holda zavjingiz Otabek. 26-javzo, 1265-inchi yil. Toshkand»
Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlari»ni takror-takror o‘qir ekanmiz, yozuvchining, nafaqat, tengsiz asar, balki eski o‘zbek tilidagi maktublarning ajoyib namunalarini ham qoldirganiga amin bo‘lamiz. Mazkur asarda maktublar juda katta o‘rin tutgan. Unda keltirilgan maktublar orqali eru-xotin, ona va qiz, ota va o‘g‘il, shuningdek, o‘sha vaqtdagi tarixiy voqeliklar ham ustamonlik bilan yoritiladi.
Demak, maktub (xat), ya’ni bir enlikkina parcha qog‘oz azaldan qalblarni-qalblarga bog‘lovchi, insonlar o‘rtasida mehr-oqibat tuyg‘ularini ulovchi rishta, oddiygina, ammo, buyuk qudratga ega masofalararo muloqotning tengsiz turi sifatida xizmat qilib kelgan.
Xat tarixiga nazar
Maktub tarixiga nazar tashlanadigan bo‘lsa, yer yuzida yozuv kashf qilingandan beri shakllangan. Azaldan odamlar dil izhorlari-yu sog‘inchlarini, qayg‘u-hasratlarini maktublar orqali bir-birlariga bayon etganlar. Hatto, mamlakat va saltanat sirlari ham maktublarda bitilgan. Ular maxsus choparlar va o‘rgatilgan kabutarlar orqali manzilga yetkazilgan. Shuningdek, xatlarni o‘z manziliga talafotsiz yetkazishda savdo karvonlaridan, ot-aravalardan, paroxodlardan, kezi kelganda, notanish odamlar ko‘magidan ham keng foydalanilgan. Ko‘ngil kechinmalari, turmush tashvishlari, sevgi, muhabbat so‘zlari bitilgan, kishilarning barcha-barcha quvonch-u tashvishlari bayon etilgan xat — to‘rt buklangan bir enlikkina qog‘oz (ayrim hollarda jildsiz bo‘lsa-da) o‘z egasiga bekamu-ko‘st yetkazilgan.
Shuningdek, xat — turli fojealarning oldini olishda, odamlarni halokatlardan qutqarishda ham muhim o‘rin tutib kelgan. Zero, tarixdan halokatga uchragan dengizchilarning noma’lum qutqaruvchilardan umid qilib, shisha idish ichiga xat joylab, suvga tashlaganlarini, kabutar qanotlariga ilingan maktub jarga qulagan ayrim kimsalarning og‘ir ahvolidan darak berganligini va bunday falokatlardan boxabar bo‘lganlar zudlik bilan yordamga shoshib, muammolarga yechim topganini ko‘p bor o‘qiganmiz.
Davrlar oshib, zamon taraqqiy etgani sari xatni o‘z manziliga yetkazish sohasi rivojlandi. Telefon, pochta xizmati shakllanib, odamlar xat ishqiboziga aylanishdi. Maktublar yozish, xat orqali odamlar o‘rtasida muomala madaniyati yanada shakllandi, mehr-oqibat, samimiylik, insonlarning bir-birlariga bo‘lgan muhabbatlari oshdi.
Xat yozishning ham o‘ziga xos tartibi, qoidasi bor ediki, u xuddi eng sevimli dil so‘zlaridek muqaddas, qadrli sanalardi: «Ushbu xatim tez va qisqa kunlar ichida ul go‘zal qishloqda yashab yurgan do‘stimga yetib borib, ma’lum va ravshan bo‘lsinkim...» Xat davomida so‘ralayotgan kishining yaqin qarindoshlari-yu do‘st-birodarlaridan alohida-alohida hol-ahvol so‘ralar, ayni damda nima ishlar qilayotganidan tortib, kelgusidagi rejalarigacha qiziqilar, xuddi shuningdek, xat yozuvchi tomonidan uning o‘zi va yaqinlarining har birining ahvoli, turish-turmushi, orzulari to‘g‘risida batafsil bayon etilar edi. Soatlab vaqtlar oq qog‘oz ustida sarflanardi. Uzun va mazmundor xatlar yozilgan bo‘lishiga qaramasdan, samimiy va kamtarinlik bilan: «Qisqacha va mazmunsiz xatim tamom, to quchoq ochib ko‘rishguncha xayr» yohud, ba’zan hazilomuz: «Xatom bo‘lsa kechiring, rezinka bilan o‘chiring» qabilidagi jumlalar bilan yakunlanar edi. Bir enlik qog‘ozda bitilgan olamcha insoniylik, qadr-qimmat, mehr-oqibat, muhabbat tuyg‘ulari xatjildda yelimlanib, manzilga jo‘natilardi.
Albatta, qo‘shni viloyatdagi do‘st-yorlarga, olis yurtda yigitlik burchini o‘tayotgan askar akalarga yohud poytaxtda tahsil olayotgan opalarga maktub yozishning o‘zgacha shavqi, o‘zgacha zavqi bor edi. Shuningdek, xat yozish faqatgina hol-ahvol so‘rashdan iborat bo‘libgina qolmay, qo‘shni tuman yo qo‘shni viloyatlarda yashovchilar maktub orqali bir-birlarining urf-odatlari, bayram tantanalarini qanday o‘tkazishlari-yu, ayrim shevaga xos so‘zlarining mazmun-mohiyatigacha bilib olishardi.
Ha, bir paytlar xat yozishning o‘zi emas, balki uni jo‘natish va xat javobini kutish lahzalarining o‘zi ham kishiga qandaydir kuch, gasht bag‘ishlagan.
Ha, bir paytlar... har bir ko‘cha, qishloqlar yo‘li boshiga o‘rnatilgan pochta qutilari atrofi odamlar bilan gavjum bo‘lgan. Pochtachi javob xatini keltirmasa, yoshlik zavq-u shavqiga berilibmi, gohda unga ishonib-gohda ishonmay, sumkasigacha titkilab ko‘rilgan...
Bugun esa odamlar ana shunday xat yozmay qo‘yishdi.
Tuyg‘ularni parchalagan SMSlar
Ba’zan kitob jovonimizda asrab-avaylab qo‘yganimiz — yoshlikning eng go‘zal damlarini yodga soluvchi yuzdan ortiq xatlarni mehr bilan o‘qiymiz. Takror-takror o‘qilaverganidan satrlari yod bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, ularni har safar qo‘lga olganimizda xuddi birinchi bor o‘qiyotgandek xursand bo‘lamiz. Bunday kezda kishi eski quvonchlardan yana quvonadi, o‘shal alam-iztiroblarni qayta his qiladi. Mehr-oqibat, do‘st-u dugonalik rishtalari, birga saboq olganlik davrlari, muhabbat, sog‘inch tuyg‘ulari qayta jonlanadi. Bir paytlar yozilgan maktublar garchand kuldirib-yig‘latsa ham kishini yoshlik olami bilan bir daf’a yuzma-yuz etgani bilan qadrli va tengsizdir.
Hozir-chi?! Internet-chatlardagi yengil-yelpi muloqotlar, telefondagi uzuq-yuluq suhbatlar-u, bir-birini mazax qiluvchi, haqorotlovchi SMSlar... bugungi kundalik hayotimizning go‘yo mazmun-mohiyatiga aylangan.
Onasiga xat yozmagan kashfiyotchi bola
Yaqinda o‘zining ajoyib kashfiyoti bilan tengqurlari orasida obro‘ topgan talaba bilan suhbat o‘tkazildi. U o‘ta zamonaviy qurilmalarning hozirgi globallashuv jarayonlarida tutgan o‘rni, har qanday kashfiyot inson kelajagiga, nechog‘li, xizmat qilayotgani, shuningdek, o‘qish jarayonida yaratilgan keng imkoniyatlar haqida uzoq so‘zladi. Uning teran fikri va o‘tkir mushohadalari tengqurlarida, shubhasiz, havas uyg‘otdi. Biroq, u: «Uzoq yillar xorij davlatida o‘qib, yashagansiz. Shu yillar orasida ota-onangiz, yaqin birodarlaringizga hech maktub yozganmisiz?»-degan savol oldida angrayib qoldi. Garchand, u shu yillar orasida ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib turgan, opasiga qisqagina SMS yozgan, allaqaysi do‘stiga internet orqali uzuq-yuluq xat yo‘llab turgan bo‘lsa ham uni aytishga botinolmadi. Zero, u umrida bir marta bo‘lsa-da, hech kimga bir enlikkina qog‘oz parchasiga maktub yozmagan, hatto, bunga vaqt ajratish haqida o‘ylab ham ko‘rmagan.
Xatdan afzali yo‘q
Ha, ba’zan achinib ketasan, kishi. Insonning o‘tayotgan har bir oni, zavqi, manzaralari, quvonchi-yu beorom tunlari xotiralarini hech narsa maktublardek tiklab bera olmaydi. Shu o‘rinda, bugungi kunda texnologiya sohasida mislsiz kashfiyotlar yaratilgan bo‘lishiga qaramasdan, insonlarning qalb kechinmalari to‘kiladigan xatdan o‘zga afzali, tengsiz va yagona muloqot madaniyat manbai yo‘q, deb atash o‘rinli.
Afsuski, yaxshi maqsadlar ila taraqqiy etib borayotgan sivilizatsiyadan noo‘rin va noto‘g‘ri foydalanish, aynan, odamlarning o‘z hissasi bilan o‘zlarining ma’naviy dunyosiga tahdid solayotir. Do‘stlik, birodarlik, qavmu-qarindoshlik rishtalarini mustahkam bog‘lovchi, inson kamoloti va fikrining shakllanishida bevosita ma’naviy ahamiyat kasb etib kelgan.
Fikringizga hech kim to‘sqinlik qilmaydi
Biroq, hali odamlar hayotida umr o‘z otini qamchilab o‘tmagan. Yoshlar uchun vaqt mo‘l. Kech emas. O‘qishda bo‘lsangiz, yiroqdagi ota-onangizga, olis qishloqdagi suyukligingizga, sizni bir olam quvonchu cheksiz sog‘inchlar bilan kutayotgan singlingiz yo ukangizga, yaqin xesh-toborlaringizga bir enlikkina qog‘oz qoralab, maktub yozing.
Zero, bunday chog‘da hech kim sizning so‘zingizni bo‘lmaydi. Fikringizga aralashmaydi, to‘sqinlik qilmaydi. Har bir so‘z, har bir jumla ustida tiniq fikrlar yuritasiz, o‘ylaysiz, yoqmagan joyini o‘chirib tashlaysiz. Istagancha mehringizni sochasiz, lozim bo‘lsa, jahlingizni bayon etasiz. Xato va kamchiliklari ko‘pmasmikin, deya qayta-qayta takror o‘qiysiz. Oddiy so‘zlaringiz durga, jumlalaringiz esa go‘yo nurga aylanib boraveradi. Xatni yozib bo‘lgach, go‘yo katta bir san’at asarini yozib tugatgandek biram yengil tortasizki...
Jildni ohista, mehr bilan yelimlab, o‘z manziliga omon-eson yetib borishini ichki kechinmalaringiz bilan bayon etasiz.
To‘g‘ri, xat yozishni bilmaydiganlar ham yo‘q emas. Ammo, buning uchun alohida qobiliyat yoki mahorat kerak emas. Oddiygina salomlashuv, hol-ahvol so‘rash va samimiy xayrlashuvni bilsangiz, kifoya.
Pochta xizmatlari jonlanishiga asos
Xat yozish — qalbni so‘roqlash va uzilib ketgan dil rishtalarini tiklash bilan barobar. Oradan ozmi-ko‘pmi vaqt o‘tib, bir vaqtlar yozgan xatingizga yuborilgan javoblarni o‘qib, o‘zingizni osmonlarda his etasiz. Kecha bugundan yosh bo‘lganingizni, har bir daqiqa umrning poyiga qo‘yilgan ulkan xotira ekanligini anglaysiz.
Balki, sizning maktub yozishga ishqibozligingizning ortishi pochta xizmatlarining yanada jonlanishiga, shuningdek, yo‘qolib ketayotgan qadriyatlarning qayta tiklanishiga turtki bo‘lsa, ajabmas.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, ehtirosli dil so‘zlari bayoni-yu, er-xotin, ota va o‘g‘il, ona va qiz, do‘st-u dugona munosabatlarini ulug‘lovchi maktublar faqat asarlardagina qolib ketmasin.
Laylo HAYITOVA
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter