Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chirchiq qirg‘oqlari ayrim joylarda 30 metrgacha yemirilgan, chiqindilar bilan ifloslangan – Vazirlik tekshiruv natijalarini ma’lum qildi

Chirchiq qirg‘oqlari ayrim joylarda 30 metrgacha yemirilgan, chiqindilar bilan ifloslangan – Vazirlik tekshiruv natijalarini ma’lum qildi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Bosh prokuratura va «Xavfsiz daryo» davlat unitar korxonasi tomonidan Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi hududida nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Tadbir davomida daryoning sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida o‘ndan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan moratoriy talablariga rioya etilmay, muqaddam Geologiya vazirligi tomonidan berilgan litsenziyalar asosida hozirgacha qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlari davom ettirilayotganligi aniqlandi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 17 yanvardagi «Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 17-son Farmoni bilan 2024 yil 1 maydan boshlab Chirchiq, Sirdaryo, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinib, daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallari qazib olish taqiqlangan.

Farmon bilan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi va mutasaddi vazirlik va idoralarga bunday turdagi qazish ishlarini tog‘li yoki tog‘oldi hududlarda (quruqlikda) joylashgan muqobil kon uchastkalarida tashkil etish belgilanib, bu bilan suv resurslari zaxiralarining kamayib ketishi, daryo qirg‘oqlarining yemirilishi, suvni muhofaza qilish zonalarining turli chiqindilar bilan ifloslantirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek sug‘orish tizimlari va gidrotexnika infratuzilma ob’yektlariga zarar yetkazilishini oldini olish nazarda tutilgan.

Ming afsuski, ko‘zlangan maqsad va belgilangan vazifalarning dolzarbligiga qaramay, moratoriy talablari ayrim hududlarda qo‘pol ravishda buzilib kelinayotganligi ma’lum bo‘ldi. Achinarlisi, mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan ushbu noqonuniy faoliyatni to‘xtatish, xususan, amaldagi litsenziyalarni bekor qilish choralari ko‘rilmagan. Oqibatda hududda Chirchiq daryosi qirg‘oqlari ayrim joylarda 30 metrgacha yemirilgan, suvni muhofaza qilish zonalari turli chiqindilar bilan ifloslantirilgan va betartib qazish ishlari tufayli sizot suvlari yuzaga chiqib qolgan.

Shuningdek, amaldagi me’yorlar qo‘pol tarzda buzilgan holda daryoning sohilbo‘yi mintaqasida qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodi qurilib, hozirda faoliyat yuritib kelmoqda.

Ayni vaqtda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan mansabdor shaxslarning beparvoligi va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning noqonuniy faoliyati natijasida tabiatga yetkazilgan ziyon ko‘lami va zarar miqdori aniqlanmoqda.

Natijaga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring