Chimyonda «Tog‘ sharpasi» mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda
Mudofaa «Chimyon» tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazida kechayotgan «Tog‘ sharpasi» o‘quv kurslari mobaynida sara harbiy xizmatchilar malakali mutaxassislar yetakchiligida jismoniy-taktik imkoniyatlarini oshirmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Kunduzgi va tungi otish, razvedka va aloqa, hududga muvofiq niqoblanish, shartli bemorni favqulodda evakuatsiya qilish, pistirmadan hujum, shartli dushmanni qurshab olish, daryodan kechuv, jarlik va daralar aro kanat orqali xavfsiz o‘tish yo‘li hozirlash, shuningdek tog‘ anjomlaridan bexato istifoda etish kabi o‘nlab murakkab jangovar vazifalarni guruh va yakka tartibda ado etayotgan «tog‘ o‘g‘lonlari» yilning to‘rt faslida – har qanday vaziyatda o‘zlarining jangovar shayligini yuksaltirmoqda.
«Tog‘ sharpalari»dan topografiya, taktika, tibbiy tayyorgarlik kabi muhim harbiy fanlarni puxta bilish barobarida tog‘ ilmidan boxabarlik: jangovar sharoitlarda tabiat va nabodotning nozik unsurlaridan ustamonlik bilan foydalanish singari tajribalarni ham muvaffaqiyatli o‘zlashtirish talab etiladigan o‘quv-mashg‘ulotlar yuqori saviyada olib borildi.
«Tog‘ sharpasi» o‘quv kurslarida a’lo baho olgan harbiy xizmatchilar qishki o‘quv-mashg‘ulotlariga jalb etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter