Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorolik «Islomiy jihod ittihodi» rahbari 15 yilga qamaldi

Buxorolik «Islomiy jihod ittihodi» rahbari 15 yilga qamaldi

Salkam o‘n yil qidiruvda bo‘lgan Haydar Ergashev sud hukmi bilan15 yilga qamaldi.

 «Bugun sud ochiqlik talab qiladi. Ba’zan ommaviy axborot vositalarida Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan beriladigan hukmlar e’lon qilinayotganda, aybdorning ismi-sharifi sir tutiladi. Bu galgi sud ishida esa barcha ism-shariflar to‘liq ochiqlanadi. Haydar Ergashev - «Abdulhay» laqabi ostida «Islomiy jihod ittihodi» diniy ekstremistik oqimi (DEO)ga rahbarlik qilib kelgan. «Kamensk-Uralskiy jihodiy jamoati» a’zosi. Separatistik, fundamentalistik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan boyitilgan ma’ruza, eslatma va qo‘shiqlar  targ‘ibotchisi. Xalqaro terroristik tashkilotlar birlashuvidan tashkil topgan «Iroq Shom Islom Davlati» xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shilish, maxsus o‘quvdan o‘tib, qurolli guruhlar bilan Iroq va Suriya davlatlaridagi terrorchilik harakatlarida ishtirok etish va butun dunyoda xalifalik qurishni rejalashtirish jinoyatini sodir qilgan. Salkam o‘n yil qidiruvda bo‘lgan va shu davr mobaynida Suriya davlatida O‘zbekistonga benihoya buzg‘unchilik urug‘ini sochib kelgan bu shaxs 2022-yilda ushlangan. Sud-tergov jarayonlari uzoq davom etdi. Haydar Ergashev bu davrda tyergov hibsxonasida saqlandi va unga nisbatan 15 yil muddatga qamoq jazosi tayinlandi»,- dedi Buxoro viloyat sudi sudyasi Shuhrat To‘xtayev.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi binosida Alisher O‘ralov raisligida bo‘lib o‘tgan sud 10 yillik terror qidiruviga chek qo‘ydi.

2014-yilda Buxoro viloyati, Romitan tumanidagi  «Xosa» MFY, Xosa qishlog‘ilik 37 yoshli Haydar Ergashning sirli ravishda «g‘oyib» bo‘lgani ko‘pchilikni esankiratib qo‘ygan. Ayniqsa, uning yaqin qavm-qarindoshlarini. Nega?! Chunki, g‘oyib bo‘lganidan cho‘chishgani uning istalgan paytda istagan joyida paydo bo‘lib qolib, ularga ziyon yetkazishi mumkinligi xavotiri bo‘lgan. Haydar Ergash salkam yuzga yaqin yaqin qarindosh, urug‘-aymoqlarini aldab, «jihod»  yo‘liga boshlagan. Ularning Suriya va Iroq davlatlarida jangarilar qatorida turib, keyinchalik xo‘rlikda yashashlariga sababchi bo‘lgan.

«Jihod» nayrangiga uchgan qarindoshlar

2014-yilda Haydar Ergashning tuzog‘iga xamirdan qil sug‘irganday ilingan yaqin xeshu tobor, quda-andalar va boshqalar buzg‘unchi mafkura ta’siriga tushib, diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik tashkilot faoliyatida ishtirok etib kelishgani uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudi oldida javob berishgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1977-yilda tug‘ilgan Haydar Ergash o‘quvchilik paytidan boshlab, tojikistonlik domlaning hujrasida saboq olib kelgan. Madrasa yoshiga yetganidan so‘ng Buxoro shahridagi Mir arab madrasasida diniy ta’lim olgan. 1992-yilda tojikistonlik domla uni 3 oy Tojikistonga olib ketgan va u yerda ham dars bergan. Madrasani tamomlagach, ikkita masjidda imom yordamchisi bo‘lib ishlab kelgan.

«U shunday bo‘lganki, bir marta moddiy qo‘llab-quvvatlanib, «signal» olsa, tamom, ota-onasi va oilasi tugul, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtni ham alg‘ov-dalg‘ov qilishga tayyor edi...»,-deydi Haydar Ergashdan jabrlangan Suhrob Soliyev.

Atrofini dini va Vatani tayinsiz yigitlar «o‘rab» olgan Haydar 2012-yilda turmush o‘rtog‘i Nilufar Qurbonova bilan birgalikda RFning Sverdlovskiy viloyati, Kamensk-Uralskiy rayoniga ishlashga ketgan. Bu yerda u hamqishlog‘i Yashin Hamroyevning uyiga joylashib, uning kompyuteri orqali «Jihodchilar»dan saboq chiqara boshlagan.  O‘zining yolg‘on iddaolariga ishongan ayrim shaxslar, ayniqsa, yoshlar va yaqinlarining hayotining barbod bo‘lishiga olib boruvchi harakatlarni amalga oshirgan. U o‘zining turmush o‘rtog‘i, aka-ukasi, opa-singil va jiyanlari, sinfdoshlarini go‘yo Kamensk-Uralskiy rayoniga qurilishda ishlash va ko‘p daromad topish uchun chaqirgan. Va bu yerda u jihodchilikning mafkuraviy rahnamosi bo‘lgan turli laqablar ostidagi ta’qiqlangan 78 ta darsliklarni tinglashga majburlagan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, juda ko‘p yaqin qavmlar amaki va tog‘alari tomonidan qat’iy tartibda o‘rnatilgan diniy muhitda qiyin-qistov bilan yashashga majbur bo‘lishgan. Ayollar hijob kiyishga, yigitlar namoz o‘qishga majbur qilinishgan. Diniy talqindagi videoroliklarni tomosha qilib, ma’ruzalarni muhokama qilishga ham ruhan, ham jismonan zo‘rlab, urib, kaltaklanishgan. Ularni miyalariga majburan singdirishga urinishgan.

«Myen va boshqa qarindoshlarim Kamchatka shahri, «Boxniyaka» ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan birida joylashgan musulmonlar masjidida majburiy va yashirincha saqlab kelindik. Ayniqsa, keyinchalik oramizda paydo bo‘lib qolgan tojikistonlik Naim Muhammad ismli shaxsning bizni ijara uyda huquqlarimizni poymol etib kelgani hammasidan oshib tushgan»,- deydi Suhrob Soliyev.

«Islomiy jihod ittihodi»ga rahbar bo‘lgan imom yordamchisi

Olib borilgan sud-tergov jarayonlarida ko‘plab muhojirlar yerto‘lalarda ta’lim olishga majburlanib kelingani aniqlangan. O‘zbekistondagi Konstitutsiyaviy tuzumni «jihod» yo‘li bilan ag‘darib tashlash va «Xalifalik» davlatini o‘rnatish bilan bog‘liq jinoiy reja tuzib, turmush o‘rtoqlari, aka-ukalari, jiyanlar va hamqishloqlardan iborat «Islomiy jihod ittihodi» diniy ekstremistik oqimini tuzishgan.

Suhrob Soliyevning haddan tashqari qaysarligi sabab uni «Boxniyaka»dagi ko‘p qavatli uylarda qo‘l telefonsiz, och va qiyin ahvolda qoldirishgan. «To‘da»dan chiqib ketishi uchun Askar Sobirov unga Kamchatkadagi «Rayfayzen» bankidan «Zolotaya korona» pul o‘tkazish tizimi orqali ismi-sharifi qayd etilgan shaxsga 1000 AQSh dollari jo‘natishini talab qiladi. Suhrob esa bu pulni nima maqsadda jo‘natayotgani sababini surishtirmaydi. Muhimi, Haydar ko‘rinmaydi. Tinchgina ishlab, o‘z daromadini topsa, bas. Afsuski, oradan ko‘p o‘tmay, Suhrob tog‘asi Askar bilan bo‘lgan suhbatda sarosimaga tushib qoladi. U Suhrobga «qaysarli qimmatga tushgani»ni eslatib qo‘yadi. Qo‘l telefoni orqali internet tarmog‘idan Suriya va Iroqdagi janglarda tushirilgan musulmonlarning ayanchli fotosuratlari va videoroliklarini ko‘rsatib, musulmonlar jihod qilayotganini, ularga moddiy ko‘mak zarurligini, Haydar ham, uning xotini Nilufar Qodirova ham aynan, Suriya va Iroq davlatiga jihod uchun  ketganligini, achinarlisi, unga jiyanining qo‘li bilan mablag‘ jo‘natganini bildiradi...

Oradan ko‘p o‘tmay, O‘zbekistondagi huquq-tartibot organlari vakillari bu moddiy ta’minotning «misi»dan xabar topishgan. Va ishga dahldor, ya’ni «Islomiy jihod ittihodi» diniy ekstremistik oqim (DEO)ning «Kamensk-Uralskiy jihodiy jamoati»ga a’zo barcha qavm-qarindosh va hamqishloqlar sudning qora kursisiga o‘tirishgan.

«Ushbu jamoatga a’zo bo‘lmaganim, diniy amallarni bajarishdan bosh tortganim evazi ham baribir, tog‘am va amakimning qarmog‘iga meni «chuv» tushirgandi. Bir umrga meni yomonotliq qildi. Farzandlarim kasrimga qoldi. Ammo, xursand bo‘lganim shu – o‘z ayoli, farzandlari va xesh-toborlarni yot ellarda xor qilgan narangbozlarning o‘yinlari fosh etildi»,-degan jazoni ijro etish muaassasini o‘tab chiqqan Suhrob Soliyev. 

Sud hujjatlariga ko‘ra, 2013-yilda Haydar Ergash «Yekaterinburg» xalqaro aeroporti orqali uchgan samolyot bilan «Samarqand» xalqaro aeroportiga kelgan. Xotirasida ta’qiqlangan diniy materiallar bo‘lgan yuzga yaqin fleshkartalarni bojxona nazoratidan yashirgan holda O‘zbekiston Bojxona chegarasidan o‘tkazishga erishgan. Buxoroga kelgach, fleshkartalarda mavjud ma’ruzalarni onasi Baxshan G‘aybilloyeva orqali ham tarqatishga erishgan. Ma’ruzalarning nechog‘li islom diniga taalluqli yoki taalluqli emasligi farqiga bormagan Baxshan G‘aybilloyeva ham ularni tinglagan va o‘g‘lining iznida yurgan. O‘z o‘g‘lining ekstremistik hatti-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan ona nevaralarini ham majburlab, nevaralarini uydan haydash bilan qo‘rqitib kelgan.

O‘zi tug‘ilib o‘sgan Romitan tumanida bir necha oy bo‘lgan Haydar Ergash «Islomiy jihod ittihodi» DEO jamoati atrofida ko‘pchilikni birlashtirgan. Ushbu jamoat orqali  aholi va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari o‘rtasida vahima chiqarish maqsadida paxta punktlaridagi paxtalarni yoqib yuborishni ko‘zlagan. O‘z jamoatdoshlariga aholi gavjum bo‘lgan joylarga «jihod» boshlash haqidagi da’vatlar yozilgan plakatlarni va «jihod» bayrog‘ini ilib chiqishni buyurgan. Romitan tumanidagi moddiy jihatdan boy bo‘lgan shaxslarni, bankirlarni o‘g‘irlab, ularni ozod qilish evaziga oila a’zolaridan katta miqdorda pul talab qilib olish amallarini   bajarish payiga  tushgan.

Biroq, hali jamoatdoshlarining aholi va davlat idoralari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga tayyor emasligiga amin bo‘lgan va yana Rossiyaga qaytgan.

«Ag‘dar-to‘ntar»ga jangovar tayyorgarlik

Haydar Ergash Kamensk-Uralskiy rayonining markaziy maydoniga o‘zi pnevmatik qurolidan otishni mashq qilib, o‘zida qurol bilan munosabatda bo‘lish ko‘nikmasini shakllantirgan. Shundan so‘ng Rossiyadagi o‘rmonlaridan birida jamoat a’zolari «PM» to‘pponchasi, Kalashnikov avtomati, F-1, RGD-5 granatalari, PKM pulemyoti va ishlatilishi haqida dars bergan. Ularning tuzilishi, jangovor xususiyatlari, to‘liq va noto‘liq qismlarga ajratish, ularni qayta yig‘ishni o‘rgatgan. Peshin va kechki vaqt arab millatiga mansub shaxslar tomonidan «jixod»ga jangovor tayyorgarlik ko‘rishgan. Va xuddi shu harakatlarning Romitan tumanida ham o‘tkazilishini ta’minlab turgan.

U Rossiyada turib, Romitan tumanidagi jangovar tayyorgarlik ko‘rgan a’zolarni belgilangan vaqtda «ag‘dar-to‘ntar»ga boshlashga chaqirgan. Oradan ko‘p o‘tmay, ukasi Sobir va Umar qo‘ng‘iroq qilib, O‘zbekistonda vaziyat qaltisligini, huquq-tartibot idoralari  tomonidan qat’iy tartibda nazorat amallari olib borishayotganini tushuntirishgan.

Suriyadagi yo‘lboshchilarining topshirig‘ini ado etolmagan Haydar Ergash ularga «jihod» uchun Suriyaga jo‘nab ketishini ma’lum qilgan. Juda ko‘plab odamlardan «jihod» uchun yirik miqdorda pul undirgan.  Va xotini, farzandini olib, avval Rossiya-Moldova-Turkiya aviayo‘nalishi bo‘yicha Istanbul shahriga yo‘l olgan. So‘ngra ular Suriyaga jo‘nab ketishgan.

«Abdulhay»ga aylangan Haydar Ergash

 Jinoiy rejaga muvofiq, Suriyada «Islomiy jihod ittihodi» DEOning «Al Buxoriy» jamoati jangarilari safiga qo‘shilishga erishgan. Haydar Ergashga «Abdulhay» laqabini berishgan. 

«Abdulhay» o‘zining internetdagi profillariga «Ollohning nusrati yaqin» va «Katiba Buhariy Ahmad Teror» degan nom qo‘yib, egnida harbiycha libos, o‘zida ko‘zoynak va qo‘lida kalashnikov avtomatini ushlagan holda tushgan fotosuratini joylashtirgan.

Suriyaning Idlib viloyati Kafar-roxun qishlog‘ida joylashgan «Katibat-ul imom Buxoriy» xalqaro terroristik tashkilotida ishtirok etgan.  U «Salmon» laqabli namanganlik Ma’ruf Qambarov qo‘l ostida «muaskar» (maxsus jangovor tayyorgarlik)ni o‘tagan. «Abu Xolid» nomli shaxs tomonidan «jihodiy» eslatmalar, «jihod», «shahidlik» va «hijrat»ga targ‘ib etuvchi she’rlarni yod olgan. Har tomonlama «pishiq» terrorchiga aylangan Abdulhayga Suriyaning Halab viloyatida prezident Bashar Asadning armiyasiga qarshi jangga qatnashish buyurilgan. U jang davomida «Sharqiy Turkiston Islomiy partiyasi» terroristik tashkiloti safidagi «Ahli sunna» deb nomlangan guruh safiga ham qo‘shilgan. Va bu haydovchilik vazifasini bajarib kelgan. Biroq, Bashar Asad kuchlari unga qarshilik ko‘rsatishda davom etayotgan muxolifat kuchlaridan ustun kelgan. 

«Bu harbiy harakatlarda  ko‘proq tinch aholi vakillari jabr ko‘rishardi. Odamlar boshpanalarini tark etishga majbur bo‘lishardi. Hatto, Turkiya davlati chegaralari tomon qochishardi. Ana shunday xunrezliklarni ko‘rgachgina ko‘r ko‘zlarim ochila boshladi. O‘z qavmlarimni va yaqin tanishlarimni qanchalar zulmlarda qoldirganimni anglab yetdim. Ammo, kech bo‘lgandi... »,-degan Haydar Ergash sud davomida.

Uzoq yillar jangarilikda umrguzaronlik qilgan Abdulhay o‘z oilasini ham, boshqa yaqin qavmlarining ham hayotini xavf ostiga qo‘yib kelgan. Suriyada dom-daraksiz yoxud kutilmaganda «ko‘rinmay qolgan» qarindoshlarini, hatto, izlamagan ham.

2015 -2016-yillarda turmush o‘rtog‘i bilan Halab viloyatining Kafar-nah nomli qishlog‘ida ham istiqomat qilib kelgan. 2016-yilda «Al Buxoriy» jamoati amiri Abu Saloh Abdulhayga jang liniyasida joylashgan Kafar-hamradagi oilalarni Idlib viloyatining tog‘li hududida joylashgan Qalbi-lovzi qishlog‘iga ko‘chirish haqida buyruq bergan. Oraliq masofa 100 kilometrdan uzoqlikda joylashgan Qalbi-lovzi qishlog‘iga Abdulhay jamoatning 30 ta oilasini ko‘chirib olib borishini, mazkur jamoatda 100 tadan ortiq o‘z qavm-qarindoshlari va tanishlari borligini ma’lum qilgan.   

Abdulhay (Haydar Ergash) jamoat a’zolari bilan Qalbi-lovzi qishlog‘ida qo‘nim topib, jangovarlik harakatlarini olib borishayotgan kunlarda jamoat  amiri Abu Salohning Turkiya davlati Istixboroti bilan ham aloqadorligi borligi, xususan, shu Istixborotdan  moliyaviy yordam olib turishini eshitib qoladi. Abdulhay Abu Salohdan bunga izoh berishini talab qiladi. Abu Saloh esa unga bu haqida keyin alohida suhbat qilishini aytadi.

Biroq, oradan ikki-uch kun o‘tib, Abu Salohning ko‘rsatmasi bilan kechgi vaqtda Abdulhay uyda turmush o‘rtog‘i bilan yotgan vaqtida uni jangarilar bosib olib ketishgan. Abdulhayga «O‘zbekistonning josusi» va Abu Salohni o‘ldirmoqchi bo‘lgani haqida uydirmalar qilishgan. Shundan so‘ng Abdulhay «Hay’ati tahrir ash-Shom» jamoatining mahkamasiga topshirilgan. U  Idlib viloyatining Arab Said nomli qishlog‘ida joylashgan jamoatning markaziy qamoqxonasida 11 oy davomida saqlangan. 11 oy davomida uning qavm-qarindosh va yaqinlari jismoniy azoblarga solingan. Bu orada uning xotinini ham yashirib, Qalbi-lovzi qishlog‘idagi beva ayollar turadigan joyda saqlab kelishgan. Abdulhayning qamoqdan qutilishiga «Hayati tahrir ash-Shom» terroristik tashkiloti a’zolari yordam berishadi. Shunda Haydar Ergash «Abdulhay» laqabidan voz kechganini bildiradi.

O‘limdan qochib...

2018-yilda Suriyadagi terroristik jamoatlar o‘rtasida o‘zaro nizolar paydo bo‘la boshlaydi. «Hayati tahrir ash-Shom» terroristik tashkiloti a’zolari Haydar Ergashni Idlibning sharqiy qismida joylashgan o‘zbek millatiga mansub shaxslar yashamaydigan Sarmin qishlog‘iga ko‘chirtirishadi.  Bu vaqtda boshqa bir jamoat tomonidan Abu Salohning turmush o‘rtog‘i va bolasi  o‘ldirib ketilgan bo‘ladi. Abu Saloh bu qotillikni Haydar Ergashdan ko‘radi va uni o‘ldirish kerakligi bo‘yicha fatvo beradi. Abu Salohining «Abu Xolid», «Yah’yo», «Sayfulloh» va boshqalar Haydar Ergashni o‘ldirish uchun izlab kelishadi. Biroq, uning  Sarmin qishlog‘iga oilasi bilan qochirib yuborilgani haqida sir saqlashadi.  Bir necha yil qiyinchilik va zulmlar ostida turmush o‘rtog‘i bilan qolgan Haydar Ergash Sarmindan boshpana izlagan va  dehqonchilik ortidan tirikchilik qilishga majbur bo‘lgan.

2020-yilda Romitan tumanidagi hamqishlog‘i Yashin Hamroyevning yordami «Fua Kafariya» qishlog‘iga ko‘chib o‘tgan. Biror bir jamoatga a’zo bo‘lmaganligi sababli Haydar Ergash 8 oy davomida qamoqqa saqlab turiladi. «Ahli sunna» nomli jamoat tarkibiga kirgandan so‘nggina u ozodlikka chiqqan va jangari ishlarga jalb etilgan. Yana uning zimmasiga O‘zbekistondagi jamoat a’zolari bilan bog‘lanib, mamlakatda «hukumat”ni ag‘daradigan ishlarni amalga oshirish, odamlarni «jihod»ga chorlash va ulardan «zakot» undirish amallarini bajarish majburiyati yuklanadi. Haydar Ergash bu topshiriqlarni ado etish payiga tushadi va 2014-yilda ko‘p yaqin qarindoshlarining boshiga kulfat solib ketgani uning qishloqdagi «martaba»sini ancha tushirib qo‘ygan edi. Shu bois, so‘zlashuvlari zoye ketadi. Zero, bu paytda uning O‘zbekistonda qidiruvda ekani, Suriyaning turli viloyatlari va chekka qishloqlarida ko‘chib qochib o‘tishlari, jangarilar qatorida yot yerlardagi otishmalarda, urushlarda qatnashib kelayotgani ma’lum edi. Shunga qaramasdan, u Suriyada sodir etilayotgan «jihodiy» video-roliklarni, «hijrat, jihod, shahidlik» haqidagi ma’ruza va maqolalarni doimiy ravishda Buxorodagi boshqa qavm-qarindosh va tanishlariga tashlab turgan.

Haydar Ergash qo‘lga olindi

Umri davomida barcha hatti-harakatlari, jumladan, O‘zbekistonning amaldagi davlat tuzumi o‘rnida, «Xalifalik Islom davlati» barpo qilishga ochiqdan-ochiq da’vat qilish, odamlar orasida murosasizlik va nifoq keltirib chiqarish,  diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qilish, fuqarolar totuvligini buzish, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish, jamoat xavfsizligiga tahdid solish, davlat idoralarini portlatish va hukumatga ziyon yetkazishdek rejalari barbod bo‘lib kelgan.

U 2022-yilda Turkiya havo yo‘llari orqali O‘zbekiston poytaxtiga kelib qo‘nganda, huquqni muhofaza etuvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.

Sud-tergov surishtiruvlarida Haydar Ergashning 2004 yilda Romitanning Qahramon qishlog‘ida sodir bo‘lgan portlashlarda hissasi bo‘lgani, portlashlarni sodir etganlar uning qo‘lida ta’lim olgani,  o‘zi esa chetda turib uyushtirishga dahl qilgani ham ochiqlangan.

Sud hukmiga ko‘ra, Haydar Ergashev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining Terrorizm (155-moddasining 1-qismi), Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish (1552-moddasining 1-qismi), Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish (156-moddasi 3-qismi), zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish (159-moddasi 3-qismi), Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish (2441-moddasi 3-qismi), 2442-modda. Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa ta’qiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish (2442-moddasining 1-qismi) va Jinoyat ishtirokchilarining turlari (28-modda), Kontrabanda (246-moddasining 1-qismi) bilan nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topildi. 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shib, o‘tash uchun uzil-kesil o‘n besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring