Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorodagi 1200 yildan buyon saqlanib kelinayotgan qabriston: kecha va bugun (video)

Abu Hafs Kabir Buxoriy ziyoratgohi hamda jome’ masjidi islom olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti markazi hamda ulug‘ ziyoratgohlaridan biri sanaladi. Xo‘ja Imom Abu Hafsi Kabir Buxoriy odamlarni Hanafiy mazhabiga e’tiqod qilishga chorlagan. Buxoroni sharif shaharga aylantirgan va Qubbatul islom qilgan. Fiqh va hadis ilmini yuqori darajada rivojlantirgan Abu Hafsi Kabir vafotidan so‘ng uning mayiti Buxoro eski shaharining qadimiy devorlaridan shimoliy g‘arbda joylashgan mozorga qo‘yilgan va maqbara o‘rnatilgan. Maqbaraning qibla tarafida o‘g‘illari Abu Abdulloh Muhammad hamda mashhur faqih izdoshlari dafn qilingan. Va buxoroliklar uzoq asrlardan buyon e’zozlanib kelinayotgan bu ulug‘ ziyoratgoh qoshidagi qabristonda dafn qilinishni o‘zlariga faxr, deb bilishgan.

Tarixga ko‘ra, Abu Hafs Kabir, ya’ni «Darvozai Imom» yoxud «Haq darvozasi» deya nomlangan ushbu qabristondan 1200 yildan ortiq vaqtdan buyon foydalanib kelinmoqda.

Odamlarning o‘limdan ilgari «joy» egallash «musobaqasi»ga guvoh qabriston

2019 yilda yilda marhum Buxoro hokimi tashabbusi bilan 19 gektarga yaqin maydonni egallab turgan qabriston qabrlari xatlovdan o‘tkazilgan. Xatlovda qabrlar soni 18 mingdan ortiq ekani aniqlangan.

Eski shaharning qadimiy devorlaridan shimoli-g‘arbda, mozor esa yangi qurilgan maqbaraning shimoli-sharqida joylashgan qabristondan odamlar yillar o‘tgan sari o‘limidan oldin «joy» egallab olib qo‘yishga «musobaqalashishgan». Aynan 2019 yilda ijtimoiy tarmoqlarda Buxorodagi Hazrati Imom qabristonida 1700 tasi mayitsiz ekanligi, ya’ni o‘limidan oldin «egallab» olingani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. 

Qabristondagi bunday og‘riqli holat Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida ko‘tarilgan va o‘sha yiliyoq Buxoroning marhum rahbarlari tomonidan muammolarni bartaraf etish, qabristonda keng ko‘lamli ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari boshlab yuborilgan.

«Joy musobaqasi»ga qo‘yilgan chek 

«Darvozai Imom» qabristoni nazoratchisi Faxriddin Kenjayevning so‘ziga ko‘ra, hozirda o‘limidan oldin «joy» olib qo‘yishlarga chek qo‘yilgan.

«Qabristonning ayrim manzilidagi ochiq sag‘analarga ko‘zingiz tushishi, bor gap. Ko‘rib turganingizdek, sizot suvlarining balandlashgani ayrim qabrlarning zax suvdan yemirilishiga olib kelgan. Va lahadning cho‘kib ketishi mumkinligi ehtimoli yo‘q emas. Shu bois, uning ko‘chirilishi ehtimolida Marhumning yaqinlari tomonidan ochiq sag‘analar tayyorlab qo‘yilgan. Bundan tashqari, uzoq yillardan buyon yomg‘ir va qor, shamol va do‘llarning toshlari to‘kilib, vayronaga aylanib ketgan, egasi noma’lum qabrlar ham yo‘q emas. Har kuni obodonlashtirish, har kuni tozalash va ta’mirlash ishlari bor, bir kunda kamida 2 ta yuk mashinasida chiqindilar chiqarib tashlab, ozodalikni saqlab turamiz», — deydi Faxriddin Kenjayev.

2020 yilda Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan Buxoroning islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilingani qabristonda Buxoro shahar hokimligi tomonidan keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlarini olib borilishiga yo‘l ochgan. 1000 nafardan ortiq mehnat kuchi jalb etilgan. Qabrlar atrofiga 1,5x2 metrdan ziyod qilib o‘rnatilgan temir panjaralar 60 santimetrdan ortiq bo‘lmagan shaklga keltirilgan. Chiqindilardan, begona o‘tlardan tozalangan. Yo‘laklarga oqtoshlar yotqizilib, o‘tganlar xotirasiga tilovat o‘qish uchun o‘rindiq va soyabonlar o‘rnatilgan. Eski devorlar qayta tiklanib, qabriston atrofidagi yo‘llarga asfalt yotqizilgan.

19 gektarli juda katta va keng hududni egallab turgan qabristonda ish ko‘lami ham, tozalash va ta’mirlash ishlari ham keng.

«Xabar.uz»ga ma’lum qilinishicha, o‘z shaxsini sir tutishni so‘ragan buxorolik saxovatpesha tadbirkorlardan biri qabristondagi 200 dan ortiq xarob holga kelgan qarovsiz qabrning qayta ta’mirlanishida bosh-qosh bo‘lgan. Ushbu ta’mirlash ishlarida yirik miqdorda mablag‘ sarflangani bor gap. Biroq, urinishlarimizga qaramay, tadbirkor biz bilan suhbatlashishni istamadi.

«Ulug‘ Hoji va bizga Qubbatul islomni hadya qilgan Abu Hafs Kabir xizmatlari oldida bu qilgan ishimiz urvoqcha bo‘lmas»,— dedi tadbirkor.

Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor bundan ilgari ham ko‘plab masjid va qadamjolarni tiklash va ta’mirlash ishlariga saxovat ko‘rsatgan va o‘zini «sir»li tutib kelgan.

«Bir yetim yo nochorga bir burda non berib, uni ko‘z-ko‘z qilib, turli ijtimoiy tarmoqlaru, teleekranlarga olib chiqqanlarga ko‘zimiz tushadi. Ammo, o‘tgan marhumlarning xotirasi, ularning yodi uchun qabristonda xaroba holga kelib qolgan qabrlarni ta’mirlashda o‘zining ulkan hissasini qo‘shayotganlar Allohning suyukli va go‘zal insonlaridir.  Ular shu dunyoning ham nuri hidoyatiga muyassardirlar», — deydi Abu Hafzi Kabir jome’ masjid imom xatibi Akram Abdullayev.

Qabriston ularga mas’ul bo‘lgan mutasaddilar tomonidan muhofazaga olingan. Ziyoratga kelgan odamlar qabrlarni bosmay o‘tishlari uchun qulay yo‘laklar o‘tkazilgan. Tilovat va duo qilish uchun maxsus o‘rindiqlar o‘rnatilgan.

Marhumlar xotirasiga tilovat qilib, qabristonga yondosh, islom dunyosining yuksak madaniyati va sivilizatsiyasi rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan Hoja Imom Xafsi Kabir Buxoriy ziyoratgohi va uning qoshidagi jome’ masjidiga yo‘l oldik.

Ziyoratgoh qabristondan devor bilan ajratilgan, bog‘lar tashkil qilingan va turli manzarali daraxtlar o‘tqazilgan, shuningdek, ko‘milib yotgan hovuz ochilgan. Qadimiy masjidning ichki qismi ham ta’mirlangan. 2017 yilda eski masjid ro‘parasidagi minora ayni ko‘rinishida qayta qurilgan.

Jome’ masjid imom xatibi ulug‘ hazrat haqida so‘zlab berar ekan, bu maskanga har kuni, har soatda yuzlab odamlar ziyoratga kelishayotgani bejizga emasligiga yana bir karra ishonch hosil qildik.

Hikmat shahar

«Abu Hafsi Kabirning asli ismlari Abu Hafs Ahmad ibn Hafs ibn Zibarqon ibn Abdulloh ibn Bahr al-Kabir al-Ijliy al-Buxoriy al-Faqih al-Hanafiy bo‘lib, hijriy 150 (milodiy 767) yili Buxoroning Fagsodara mahallasida tavallud topganlar. Ulkan ziyoratgoh u kishining nomlariga qo‘yilgan. Ul zot Hanafiy mazhabiga e’tiqod qilishimizga sababchi bo‘lgan, Buxoroni sharif shaharga aylantirgan, Qubbatul islom qilgan. Qur’oni karimni yodlab,  hadis va fiqh ilmlarini o‘rgangan ilmlarining yanada mukammal bo‘lishi uchun Bog‘dodga borgan. Hanafiy mazhabining asoschisi mujtahid Abu Hanifa No‘’mon ibn Sobit - Imom A’zam rohimahullohning taniqli shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniy rohimahullohga shogird tushganlar. Hazrat Bog‘doddan Buxoroga qaytgach, fiqh va hadis ilmini yuqori darajada rivojlantirib, yuz mingdan ortiq shogirdlar yetishtirganlar. Ayni o‘sha paytda Buxoroda otashparastlar ko‘p bo‘lgan va bu zot sharofati bilan otashparastlar islom dinini qabul qilishgan. Buxoroi Sharif shu zot barakotlari sababli Qubbatul Islom, ya’ni islom dinining markazi, deb atalgan. Imom Al-Buxoriydek zot shu kishidan ta’lim olganlar. Katta shogirdlari va ilmlarining merosxo‘ri buyuk olim Abu Hafsi Kabirning o‘g‘illari Abdulloh ibn Ahmad rohimahulloh bo‘lib, u kishini Abu Hafsi Sag‘ir, deya atashgan. Yana bir katta shogirdlari Abdulloh Supadmuniy rohimahulloh bo‘lib, u kishining qabrlari ham Abu Hafs Kabir hazratlarining yonida joylashgan», — deydi suhbatdosh.

Imom xatibning tarixga tayanib, bildirishicha, Buxorodagi ilk madrasa ham Abu Hafsi Kabir tomonidan ochilgan. Shogirdlarining harakatlari bilan ham o‘sha davrlarda bir nechta masjid va madrasalar ochilgan. U ko‘pgina faqihlarni tarbiyalab, kamolga yetishtirgan. Abu Hafs Kabirning sharofatlari bilan Buxoroda fiqh shu darajada rivojlanganki, Buxoro faqihlari islom olamining asosiy shahri Bog‘dod faqixlaridan ustun bo‘lgan.

«Fiqh va hadis ilmini yuqori darajada rivojlantirgan Abu Hafs al-Buxoriy hijriy 217 (milodiy 832) yilning muharram oyida vafot etganlar. Vafotlaridan so‘ng mayiti shu mozorga qo‘yilgan va maqbara o‘rnatilgan. Maqbaraning qibla tarafida o‘g‘illari Abu Abdulloh Muhammad hamda mashhur faqih izdoshlari dafn qilingan. Bu manzilning 1 200 yildan ortiq vaqtdan buyon eng serqatnov va gavjum ziyoratgohlardan biri sifatida e’zozlanib kelinayotganining o‘zi hikmatdir», — deydi imom xatib.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring