Buxoroda to‘rt egizak dunyoga keldi
Chaqaloqlar 25 kundan ortiq vaqtdan buyon shifokorlar parvarishi va nazoratida bo‘lgan.
RIO va BSIATMDM Buxoro filiali, ya’ni viloyat Perinatal markazida 4 nafar egizak dunyoga keldi. «Xabar.uz» manbaasiga ko‘ra, chaqaloqlar joriy yilning 14 yanvarida tug‘ilgan va ular ahvolida biroz og‘irlik borligi uchun 25 kun davomida neoreanimatsiya bo‘limida, keyinchalik chaqaloqlar bo‘limida saqlab kelingan.
Bildirilishicha, G‘ijduvon tumanida istiqomat qiluvchi Qursiya Najimova RIO va BSIATMDM Buxoro filialiga ikkinchi homiladorlik va ikkinchi tug‘ruq, 30.5 haftalik, ko‘p homilalik tashxisi bilan yotqizilgan. O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida homilalar soni 4 nafar ekani aniqlangan va homilani operativ yo‘l bilan olish choralari ko‘rilgan.
«Hamshira va shifokorlarimiz juda sergaklik bilan ishga kirishishdi. Ona va bolalar hayotini saqlab qolish uchun bor imkoniyatni ishga solishdi. Vaqtidan oldin operativ yo‘l bilan tug‘ilgan chaqaloqlarning ikki nafari o‘g‘il va ikki nafari qiz. Zudlik bilan chaqaloqlar neoreanimatsiya bo‘limiga davolash uchun o‘tkazildi. Birinchi bola 1475.0 gramm, ikkinchi bola 1555.0 gramm, uchinchi bola 1465.0 gramm va to‘rtinchi bola 980.0 gramm vaznda tug‘ildi», — dedi kasalxona bosh shifokori o‘rinbosari Go‘zal Rahmonova.
Neoreanimatsiya bo‘limida 25 kun davomida hamshira va shifokorlarning qat’iy nazoratida bo‘lgan egizaklar ayni paytda sog‘lom va me’yoriy o‘suvda. Tibbiy muolaja va tibbiy yordamlar ko‘rsatilyapti.
«Ikkinchi bor onalik baxtimni Allohim to‘rt nafar egiz farzand bilan siyladi. Sog‘ligim va hayotim qil ustida turganda, Baxtiyor Sayfiyev, Jamila Avezova, Shoyim Safarov, Ferangiz va Nigora Jo‘rayevalar, Mehrinisa Muhammedova kabi ko‘plab bolalar shifokorlari va hamshiralar bizga qayta hayot bag‘ishlashdi. Har bir farzandim nigohida, ularning har nafasida shifokorlarning zahmatini his qilib yashayman. Borlariga shukur!» — deydi to‘rt egiz farzandning onasi.
Ayni kunda chaqaloqlar bo‘limida parvarishlanishda davom etayotgan egizaklarning ahvoli qoniqarli. Chaqaloqlarning o‘z uyiga olib ketilishi uchun ruxsat berilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter