Buxoroda nevara bobosini to‘qmoq bilan urib o‘ldirdi
Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi «Dilkusho» mahalla fuqarolar yig‘inida qotillik sodir bo‘lib, unda nevara o‘z bobosining boshiga to‘qmoq bilan urib o‘ldirdi.
Voqea tafsilotlari yuzasidan «Xabar.uz» muxbiri mahalla raisi Shuhrat Husenov bilan suhbatlashgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 1995 yilda tug‘ilgan A.H.ning ota-onasi uning 2 yoshligida ajrashishgan. Oradan ko‘p o‘tmay, A.H.ning onasi M.Sh.ni ikkinchi bor qo‘shni mahallaga turmushga uzatishgan. A.H.ni uning tog‘asi Shavkat Majidov o‘z tarbiyasiga olgan va otalik vazifasini bajarib kelgan. A.H. tog‘asining qaramog‘ida ulg‘ayib, o‘sgan.
A.H. ayni kuchga to‘lib, mehnat bilan band bo‘ladigan yoshga yetgach, uning 75 yoshli bobosi (marhum) Majid Sharipov nevarasini o‘z qaramog‘iga olib, uni kelgusida uy-joy bilan ta’minlash mas’uliyatini zimmasiga olgan.
«A.H. juda odobli, og‘ir va bosiq, mehnatkash bola. Bobosi va tog‘asi ko‘magi bilan uylandi. Bobosining hovli-joyida yashab kelishayotgan edi. Bir nafar farzandi bor. Ikkinchi farzandni ham kutishayotgan edi. A.H. avtomashinalarni tuzatish va sozlash ustaxonasida ishlab, ko‘pning duosini olib kelayotgan yigit edi. Uning qotillik sodir etgani, to‘g‘risi, hammamizni «shok»ka tushirdi. Majid otaning hovlisida uning yana bir o‘g‘li Dilshod ham yashab kelmoqda. Marhumning o‘z o‘g‘li Dilshod bilan biroz kelishmovchiligi bor edi. Dilshod ko‘zi ojizlar ro‘yxatida turib, uning farzandi ham shunday jismoniy nuqsoni borligi sabab maxsus internat-maktabda tahsil oladi. Ularning kelishmovchiligi, asosan, Dilshodning jismoniy holati sabab ko‘p daromad topa olmasligiga taqalgan. Biz esa Dilshodning holidan tez-tez xabar olib, Majid ota bilan gaplashib, murosaga chaqirib turardik. Biroq, A.H. va uning bobosi o‘rtasidagi kelishmovchilik haqida eshitmaganmiz. Chunki, A. janjalkash, yoki nafaqat, bobosi, balki tog‘ayu-yangalari bilan ham tortishadigan bola emasdi», — deydi mahalla raisi.
Holatga ko‘ra, qotillik tong saharda sodir bo‘lgan. Qotillik sodir bo‘lishidan bir kun oldin, ya’ni kechki payt, chamasi, 19:00 larda Majid Sharipov va uning o‘g‘li Dilshod o‘rtasida og‘zaki janjal yuzasiga kelgan. Ota o‘g‘liga hovlidan chiqib ketishini qattiq tayinlagan. Tungi janjal tong saharda ham davom etgan. Shu orada bobo o‘z qaramog‘iga olgan nevarasi A.H.ni ham bola-chaqasini olib, hovlidan chiqib ketishini po‘pisa qilgan. Va nevarasi va uning oilasiga tegishli bo‘lgan kiyim-kechak va ish qurollarini hovliga chiqarib tashlagan. Og‘zaki tortishuv qattiq kelishmovchilik va janjalga aylangan. A.H. bobosiga bir avtomashinani tuzatayotgani, uni tuzatib bo‘lgach, hovlidan chiqib ketishini tushuntirishga harakat qilgan. Biroq, bobo o‘z nevarasining g‘ururi va sha’niga, oriyatiga tegadigan gaplar bilan qattiq ranjitgan. Oqibatda yetimlikda o‘sgan A.H. jahl ustida temir to‘qmoq (kvaldo) bilan bobosining bosh qismiga zarb bilan qattiq urgan. Bobo o‘sha zahotiyoq jon bergan.
«Men ushbu mahallaga ishga kelishimdan oldin uzoq yil tumandagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman. A.H. ham shu maktabda tahsil olgan. O‘zimning o‘quvchim. Boshqa bolalardan farqli o‘laroq, og‘ir, bosiq, mulohazali bola edi. Tog‘asi Shavkat akaga ota o‘rnida suyanib, yaxshi ko‘rib, unga mehri qattiq bog‘langanini tez-tez gapirib berardi. Yetimlikda, ota-ona mehrini ko‘rmay o‘sgan bola qalbini his qilish qanchalar og‘ir. U hech qachon tanbeh eshitmagan. Tartib-intizomi, muomalasi judayam joyida edi. Qotillik uning tomonidan sodir bo‘lganini eshitdigu, hayratda qoldik. Xuddi u kimningdir jinoyatini «men qildim», deb chiqqandek holatga ko‘raman. Bobosining injiqligi, tezfe’lligi tog‘dek yigitning endi temir panjara ortida anchagina qolib ketishi ko‘pchiligimizni tashvishga solmoqda», — deydi mahalla xotin-qizlari faoli Zulfiya Qosimova.
«Jinoyat qanday vaziyat yoki qanday holatda yuzaga kelganiga qaramay, har qanday jinoyat jazosiz qolmaydi. Ushbu qotillik yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari G‘ijduvon tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda. Ushbu moddaga ko‘ra, aybdor o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin», — dedi Buxoro viloyati prokuraturasi xodimi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter