Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda 200 nafardan oshiq IIB xodimi jazolandi: tafsilotlar

Buxoroda 200 nafardan oshiq IIB xodimi jazolandi: tafsilotlar

Buxoroda o‘tgan 2023-yil davomida huquq-tartibot organlari tomonidan olib borilgan say’-harakatlar natijasida 5300 tadan ortiq jinoyatlar sodir etilgani aniqlangan. Shuningdek, 200 nafardan oshiq xodim jazolangan. 

Bu haqda viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Mirjamol Miralimov ishtirokidagi matbuot anjumanida e’lon qilindi.

Ta’kidlanishicha,  12 ta qotillik jinoyati, 43 ta og‘ir tan jarohati yetkazish, 3 ta bosqinchilik, 642 ta o‘g‘rilik, 71 ta o‘lim bilan bog‘liq yo‘l transporti hodisasi va hokazolar ilgarigi yilga nisbatan kamaygan.

«Yuqorida qayd etilgan jinoyatlar ko‘lami 2022 yilga nisbatan past, ammo ayrim jinoyatlar borki, ularning salmog‘i oshganligini yashirishga hojat yo‘q. Firibgarlik jinoyati 1340 ta sodir etilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2022 yilda 1 153  tani tashkil etgan. Nomusga tegish jinoyati 36 ta bo‘lib,13 taga ko‘paygan. Xuddi shuningdek, 19 ta talonchilik jinoyati sodir etilgani aniqlanib, bu bir yil ilgari 9 tadan iborat bo‘lgan»,-dedi Mirjamol Miralimov.

Ichki ishlar organlari, sog‘liqni saqlash va boshqa idoralarning hisobida turgan

Ma’lum qilinishicha, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, profilaktik hisobda turgan hamda jinoyat sodir qilgan, ajrim yoqasiga kelib qolgan 14 403 nafar xotin-qizlarning oilaviy sharoitlari o‘rganilgan. 2395 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan. Berilgan himoya orderlari qoidalariga rioya qilmagan 287 nafar fuqarolar MJtKning 2061-moddasiga (himoya orderi talablarini buzish) asosan, ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Himoya orderi berilishi natijasida 1048 ta oila yarashtirilib, 1149 ta oilalarda nizolar bartaraf etilgan.

Xizmat tekshiruvlari raqamlashtiriladi

Bildirilishicha, viloyat ichki ishlar organlari xodimlarining hatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, jami 220 ta  murojaatlar kelib tushgan. YHXX xodimining hatti-harakatlari yuzasidan - 82 ta, profilaktika inspektorlari ustidan 100 ta, tergovchilar ustidan 8 ta  va boshqa sohaviy xizmat xodimlarining hatti-harakatlari ustidan 30 ta norozilik bildirilgan. 202 nafar xodimlar tomonidan xizmat intizomi buzilgan.

«Bunday xodimlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanildi. 105 nafar xodimga «Tanbeh», 55 nafar xodimga «Hayfsan»,  27 nafar xodimga «Qattiq hayfsan»,  8 nafar xodimga «Egallab turgan lavozimidan ozod etish», 3 nafar xodimga «Jarima» hamda  3 nafar xodimga «IIOlari xizmatidan bo‘shatish» intizomiy jazolari qo‘llanildi. Albatta, xodimlarimiz tomonidan xizmat intizomi va qonunchilik buzilish holatlarining sodir etilganligi, ularning hatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yo‘llangan har qanday murojaat ayanchli hodisadir. Shuning uchun biz, xodimlarimizni o‘qitish, tarbiyalash, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlashni faoliyatimizning eng ustivor vazifasi, deb belgilab olganmiz. Bundan tashqari, xodimlar bilan bog‘liq holatlar nazoratini kuchaytirish maqsadida, xizmat tekshiruvlari jarayonlarini raqamlashtirdik. Bu esa, albatta, o‘z samarasini ko‘rsatadi»,-dedi Mirjamol Miralimov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring