Buxoro Qon quyish markazi xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Buxoro viloyati Qon quyish markazi mas’ul xodimlari tomonidan donor qonlarning laboratoriya tekshiruv natijalari o‘rganilmay turib, bemorlarga quyilgani aniqlandi, deya ma’lum qilindi «Xabar.uz»ga.
Ta’kidlanishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishonch raqamiga kelib tushgan murojaat yuzasidan Buxoro viloyat Qon quyish markazida yuqumli kasalliklarning tarqalishiga shart-sharoit yaratib berayotgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbir olib borilgan. Unga ko‘ra, markazning mas’ul shaxslari ko‘rsatmasi asosida donor qonlarga nisbatan o‘tkazilgan laborator tekshiruv natijalari o‘rganilmasdan bemorlarga quyilayotgani ma’lum bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirining 16.12.2013 yildagi 423-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomda donorlarning qoni laborator tekshiruvdan keyin o‘tkazilishi belgilangan. Unga ko‘ra, Donoroning qonida OIV/OITS, «V» va «S» gepatitlari yoki boshqa gemotransmissiv insfeksiyalar elementlari aniqlanganda, qoni yo‘q qilinishi va donorlikdan chetlashtirilishi lozim.
Biroq, soha mutaxassislaridan tashkil topgan ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda markazda «Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida»gi Qonun talablari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlangan.
Holatga ko‘ra, donor N.J.ning qoni o‘tkazilgan laborator tahlil natijalari kutilmasdan bemor B.H.ga quyilgan. Tezkor tadbir davomida esa, qon quyish markazida o‘tkazilgan birlamchi laborator tekshiruvda donor N.J.da zahm (sifilis) kasalligi borligi aniqlangan va bu sudga oid biologiya ekspertizasining xulosasi bilan ham tasdiqlangan bo‘lgan. Afsuski, N.J.ning donorlik qoni muassasada yuritilgan «Qon komponentlari va preparatlarining berilishini hisobga olish» jurnalida qayd qilinmagani aniqlangan.
«Bundan tashqari, tekshirish davomida plazmoferez va trombomassa uchun qon topshirgan 306 nafar donorlar o‘rganilganda, 186 nafariga qonning shaklli elementlari (trombasit, leykotsit, bazofil) o‘zlariga qaytib quyilish lozim bo‘lsa-da, bu qonlar quyilmagan va xususiy klinikalarga sotib yuborilgani aniqlangan»,-deydi mas’ul xodim.
Ayni paytda Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan viloyat Qon quyish markazi xodimlari va boshqa shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 113-moddasi, 1-qismi (Tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda viloyat IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter