Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro hokimi qabristonda majburiy mehnat bo‘lganiga isbot talab qildi

Buxoro hokimi qabristonda majburiy mehnat bo‘lganiga isbot talab qildi

Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyevning «Facebook»dagi sahifasida Buxorodagi «Hazrati Imom» qabristonini obodonlashtirish ishlariga budjet tashkilotlari xodimlari va harbiy xizmatchilar majburiy jalb etilayotgani haqidagi xabarlarga hokimlik munosabati e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, «Troll.uz» blogi muallifi Umid Gafurov Buxorodagi qabristonni obodonlashtirishda majburiy mehnat holatlari kuzatilayotgani haqida videomurojaat yo‘llagan edi. O‘z navbatida O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi holat yuzasidan tekshiruv boshlanganini ma’lum qilgandi.

Buxoro viloyati hokimligi bunday xabarlarni «oldi-qochdi gaplar» deb baholadi va dalil hamda isbotlar keltirilishini so‘radi:

Xalqimizda «qaysi yurtning obodligini bilmoqchi bo‘lsang, bozori-yu mozoriga bor», degan naql bor. Bu naqlda bozor – turmush, mozor – ma’naviyat belgisini bildiradi. Zero, mozor marhumlarning mangu qo‘nim topgan maskani bo‘lsa, bozor tiriklikning yashash manbai sanaladi. Shu ma’noda aytganda, qabristonlarni, muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarni ziyorat qilish, boqiy dunyoga safar qilgan yaqinlarimiz qabrlaridan xabar olish, haqlariga Qur’on-tilovat qilish, marhumlar yotgan joylarni obod va ozoda saqlanishiga e’tibor qaratish har bir inson uchun ham qarz ham farzdir.

Shundan kelib chiqib, bundan qariyb bir oy muqaddam Buxoro shahridagi «Hazrati imom» qabristonida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari boshlangan edi. So‘nggi kunlarda esa ijtimoiy tarmoqlarda qabristondagi obodonlashtirish va turli qurilish ishlariga shahardagi mavjud tashkilotlar, jumladan, ta’lim tizimi, tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari va harbiy qism askarlari majburiy jalb qilinayotgani haqida xabarlar «bolaladi». Voqealar rivoji aslida qanday tus olgani yuzasidan Buxoro shahar hokimi Karim Kamolovga murojaat qildik.

— Mahallalar qiyofasini yangilash maqsadida qabul qilingan «Obod mahalla» dasturi doirasida «G‘afur G‘ulom» mahallasi hududi ham obodonlashtirilmoqda. «Hazrati Imom» qabristoni ayni shu hududda joylashgan. Viloyat rahbari boshchiligida olib borilgan o‘rganishlar jarayonida mazkur qabristondagi abgor holat ham e’tibordan chetda qolmadi. Shu joyning o‘zida mutasaddilarga qabriston devorlarini qaytadan tiklash, yo‘laklarni ta’mirlash, sag‘analar atrofini tartibga keltirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shundan so‘ng ishga kirishildi. Bu ishga, albatta, qurilish tashkilotlari, obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xodimlari jalb qilingani rost. Qolaversa, mahalliy budjetdan 500 million so‘m mablag‘ ham ajratib berildi. Bundan tashqari, imom-xatiblar, yoshi ulug‘ insonlar tomonidan namozlarda, ma’raka-mavridlarda ezgu ishga bosh qo‘shishga chaqiriqlar qilindi. Buxoro shahrida yashovchi aholi orasida ko‘pchilikning qavmi-qarindoshi shu yerda dafn etilganligi bois ularga ham da’vatlar bo‘ldi. Ammo biror korxona-tashkilot xodimlariga tazyiq o‘tkazilib, biror jazo qo‘llash tahdidi ostida mehnatga jalb qilingani yo‘q.

Shu o‘rinda O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyevning 1 avgust kuni Xalqaro press-klubning O‘zbekistonda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashning yangicha tizimiga bag‘ishlangan majlisidagi iqtibosiga  e’tiboringizni qaratmoqchimiz.

«Hashar xalqimizning qadimiy urf-odatlaridan hisoblanadi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindoshlar yoki bir mahalla ahlining uy qurish, bog‘ barpo etish yoki ko‘cha-ko‘yni tartibga solish uchun birlashish amaliyoti xalqimiz madaniyatining bir qismi sanaladi. Hashar — har doim bayram, o‘zaro ko‘maklashish, qiyinchiliklar qarshisida jipslashish va birgalikda ularni yengib o‘tishidir. Lekin, masalan, erta tongdan shifoxona yoki maktab xodimlarini ularning roziligini so‘ramasdan avtobusga solib, avtoyo‘llar bo‘yidagi hududlarni supurishga olib ketish — bu hashar emas, balki majburiy mehnatdir. Undan ham yomoni bu kabi «hasharlar»da qatnashishdan bosh tortgani uchun xodimlarga nisbatan ishdan bo‘shatish darajasigacha intizomiy choralar ko‘rilishidir» — degandi vazir o‘shanda.

Endi o‘zingiz o‘ylang. Ota-bobolari yotgan muqaddas qadamjoni obod qilishga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shish qadimiy urf-odat emasmi?! Ayting-ayting, bu ish milliy madaniyatimizga qachondan yot tushunchaga aylandi?! Yoki bugun ijtimoiy tarmoqlarda bong urayotganlarning qaysi biri «Hazrati Imom» qabristonida erta azonda maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa soha xodimlarining, vazir aytmoqchi, rozi-rizoligi olinmasdan avtobusga solib, mehnatga majburlanganini ko‘ribdi? Qani dalil, qani isbot? Yozilganlarning, aytilganlarning bari oldi-qochdi gaplar, o‘z-o‘ziga «qahramon» yasab olishdan boshqa narsa emas. Alalxusus, bugun Buxoroda boshlagan ulkan bunyodkorliklar, o‘zgarish va yangilanishlar shiddati bir dam susaygani yo‘q. Yurtni obod, xalqni shod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarga, shu ishga kechani kecha, kunduzni kunduz demay, mehnat qilayotganlarga Alloh yordir. Biz esa mavzuga yana qaytamiz, – deyiladi Buxoro viloyati hokimligi axborotida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring