Buvaydada ham uch egizak bor, biroq...
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanining Oltinqo‘rg‘on qishlog‘ida 2017-yilning 4-sentyabrida uch egizak dunyoga kelgan. Ularga milliy an’anadan kelib chiqib, Fotimaxon, Hasanboy va Husanboy deya ism qo‘yilgan. Bu haqda o‘z vaqtida tumanning «Buvayda ko‘zgusi» gazetasida ham bong urilgan edi.
Alqissa, jajji go‘daklar ulg‘ayishmoqda: ular bir yoshu besh oylik bo‘lishdi.
Ammo...
Egizaklarni yo‘qlab borgan kunimiz uchchalasi ham kasal ekan. Oddiy shamollash. Biroq oilaning shart-sharoitidan kelib chiqilsa, shu oddiy shamollashga ketadigan dori-darmon sotib olish ham katta muammo. Chaqaloqlarning buvisi Mahbuba ayaga astma xastaligi yopishgan, biror joyda ishlay olmaydi. Qolaversa, yoshi ham katta. Bolalarning otasi Ma’rufjon aka oddiy usta. Topgani qozon qaynatishga arang yetadi. Qishli-qirovli kunlarda ustalar uchun ish yo‘q hisobi. Oila bekasi-ku chaqaloqlardan ortib biror yumush boshini tutishi imkonsiz narsa. Xullas, oila moddiy va ma’naviy yordamga muhtoj.
Mamlakatimizda yosh bolalari bor, kamharj oilalar ijtimoiy muhofazasiga alohida e’tibor qaratilib, bunday xayrli ishlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani inkor etib bo‘lmas holat. Shu ma’noda uch nafar egizak voyaga yetayotgan xonadonning bugungi sharoiti mahalliy davlat hokimiyati, o‘zini-o‘zi boshqarish organi mas’ullarining diqqatidan chetda qolayotganini og‘riq bilan ta’kidlash mumkin.
Yurtimizda tug‘ilayotgan qo‘sha-qo‘sha egizaklar, ularga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rliklardan ko‘ngilga quvonch va faxr to‘ladi, albatta. Ularning ota-onasi yetti uxlab tushiga kirmagan siylovlarga burkanayotgani-chi?! O‘shanday e’tibor-u g‘amxo‘rliklarga Buvaydadagi egizaklar voyaga yetayotgan xonadon ham munosib emasmi? Bugun sovuq uyda shamollashdan aziyat chekayotgan shu go‘daklar voyaga yetib, yurt faxriga loyiq insonlar bo‘lib yetishishi mumkinmi? Albatta! Buning uchun «Bolaning begonasi bo‘lmaydi» hikmatini yoddan chiqarmasak bo‘lgani...
Sharifa Madrahimova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter