Boshi berk ko‘cha yoxud ikki o‘t orasida iztirobli taqdir qurbonlari
Karnay-surnay, nog‘ora sadolari mahallani tutib ketdi. To‘y yaxshi-da baribir, qalbga zavq-shavq bag‘ishlab, bir yorug‘lik inadi. Ana, bir-biridan basavlat kuyov jo‘ralari ham ko‘rindi. Bir zumda xuddi ertakdagi malikalardek yasangan kelinchakni olib ketishdi. To‘yning ovozidan kelin-kuyovni bir ko‘rish ilinjida yig‘ilgan qo‘shni kelinlaru bo‘y qizlar, bolajonlar ham tarqalishdi. Birgina Nazokatning dili xufton bo‘lib, eski yarasi yana yangilandi. Aslida uning o‘n besh yillik iztirobli hayotiga bu holatning aloqasi yo‘q, ammo Nazokat nuqul baxtsizligi aynan shu tarzda boshlanganiga iqror bo‘laveradi.
Qaydanam dugonasi Lobarning to‘yida Baxtiyorga ko‘zi tushdi. Ota-onasiyu yaqin qarindoshlarining qarshiliklariga qaramay, u bilan turmush qurdi. Qizi Afro‘zaning nogiron tug‘ilishi, nobud bo‘lishi oqibatida pinhon sirlar ochildi. Orada qancha g‘avg‘o, qancha janjal bilan nikohi bekor bo‘ldi. Ikkinchi turmushi risoladagidek edi. Ammo qaynonasining olti yil farzandsizlik vajidagi so‘z-tarsakilari sabab barbod bo‘ldi. Uchinchi turmushida u o‘gay ona degan nom bilan atala boshladi. Chidadi, hayotini izga solishga, baxtli oilaning bekasi bo‘lishga harakat qildi. Yuzing, ko‘zing demay «O‘gay baribir o‘gay ekan-da» deya eri toshdan qattiq ta’nalar bilan farzandlarining to‘qigan yuz nag‘masiga ishonib onasinikiga tashlab ketdi. U qaddini rostlab yana qaytib tik turishga o‘zida kuch topolmadi. Shundan buyon yolg‘iz, onasining uyiga sig‘indi, bir kasalmand ayol. Faqatgina ishga borib o‘zini ovutadi, dardini aritadi. Nazokatning taqdirini qanchalar qisqartirib aytishga harakat qilganim sayin yelkamni bu taqdirning alamli og‘riqlari bosib boryapti. Balki gapni aylantirmay bir so‘z bilan, hammasiga Baxtiyorning giyohvandligi sabab, deganim durustdir.
Giyohvandlik – boshi berk ko‘cha. Bu ko‘chaga o‘zi xohlamaygina taqdiri tutashgan bir ayolning achchiq, iztirobli qismati. Bu ayolning aybi nima? Baxtiyorga ko‘ngli tushganimi? Murg‘akkina Afro‘zaning-chi? Agar u sog‘lom bo‘lganida, nobud bo‘lmaganida shu oilaga qancha quvonch ulashardi? Bu oilaning baxti nega barbod bo‘ldi? Bu savollarning javobida taqdir yo‘llarida boy berilganlarni birma-bir sanab ezilasan, kishi. Bu ko‘rguliklarning bir uchi doim Baxtiyorning giyohvandligi bilan tutashishi mana o‘n besh yildirki, Nazokat qalbini o‘rtab, ezadi.
Afsus, bugun oramizda bunday og‘riq bilan ezilayotganlar yo‘q, deb ayta olmaymiz. Inson ongli ekanligi bilan tabiatning eng oliy mavjudoti bo‘lsa, ongsizligi bilan eng yomon maxluqqa aylanadi. Buning birgina ko‘rinishi – giyohvandlik. Eng asosiysi va dahshatlisi, giyohvandlikka ruju qo‘ygan kimsaning o‘zini o‘zi boshqarish qobiliyatidan mahrum bo‘lishi. Bu esa inson hayotining butunlay izdan chiqib, har taraflama tanazzuli degani. U bu yo‘lga bilib kirdimi, adashib kirdimi, buning farqi yo‘q.
Keyingi yillarda yer yuzida giyohvand moddalarni iste’mol qiladigan, uning g‘ayriqonuniy savdosi bilan shug‘ullanadigan odamlar tobora ko‘payib borayotganligi barchamizni ogoh bo‘lishga undaydi. Chunki nogiron bolalarning dunyoga kelishi, naslning buzilishi, ajrimlarning ortishi, jinoyatchilik, fohishabozlik kabi illatlar asosida ham ayni shu balo – giyohvandlik yotishi hech birimizga sir emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 200 milliondan ortiq kishi giyohvandlik botqog‘iga botgan. Uning domiga tushib qolayotganlar soni esa kundan-kunga ortib borayotgani muammoning bir tomoni bo‘lsa, giyohvandlikka chalingan bir nafar kimsaning yil davomida o‘nlab irodasi sust kishilarni o‘z safiga qo‘shib olishi yana bir tashvishli holatdir. Olimlarning tadqiqotlaridan shu narsa ayon bo‘ldiki, giyohvandlar asosan 16 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lib, aksariyati o‘ziga to‘q oilalardan ekan.
Yuqorida misol keltirganimiz Baxtiyor ham bir oilaning baxtiyor o‘g‘li edi. U o‘zini giyohvandlik sirtmog‘i bilan osdi. Yosh umrini xazon, nafaqat o‘zini, balki guldek ayolini ham baxtiqaro qildi. O‘z zurriyodi umriga zomin bo‘ldi. Ota-onasi, yaqinlari qalbini oqibati sovuq qilmishlari bilan yaraladi. Alalxusus, bu to‘qlikka sho‘xlikning badali qanchalar iztirobli. Bu iztirobda, oilada farzand tarbiyasiga e’tibor qaratish kerak, degan bir aks-sado qaytayotgandek go‘yo.
Buyuk tabib Abu Ali ibn Sino o‘zining «Tib qonunlari» kitobida nashaning odam organizmiga salbiy ta’sirini bayon etgan bo‘lib, kitobning ikkinchi jildi 634-maqolasida «Nasha urug‘i ko‘p iste’mol qilinsa, befarzandlikka olib keladi» deyiladi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, hozirgi paytda esa giyohvandlik og‘ir va qiyin davolanadigan kasallik hisoblanadi. Uning oqibatida insonda og‘ir ruhiy, jismoniy, ma’naviy o‘zgarishlar, ijtimoiy tushkunlikka tushib qolish holatlari kuzatiladi. Qolaversa, OITS yuqishi, immunitetning juda susayib ketishi, xavfli yiringli-infeksion kasalliklar paydo bo‘lishi bilan birga, bosh miya, yurak va o‘pkalarning faoliyatidagi buzilish va buning asliga qaytmasligi achinarli. Shuningdek, kasallikda dastlab aniq alomatlar ko‘zga tashlanmasligi, xastalik avj olganda – belgilari yaqqol ko‘ringanda esa uni davolash nihoyatda qiyin kechishi yoki amalda umuman davolab bo‘lmaydigan hol vujudga kelishi ta’kidlanadi. Davolanishning murakkabligi shundaki, tibbiy yo‘l bilan jismoniy bog‘liqlikni yo‘qotish mumkin, ruhiy bog‘liqlikni esa tibbiy yo‘l bilan bartaraf etish mushkul. Bunda metin iroda, sabr-bardosh hamda atrofdagilarning qo‘llab-quvvatlashi suv va havodek zarur. Bunday holat va vaziyatlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ramiz, kuzatamiz, ba’zan boshqalar uchun afsuslanib, tavba qilamiz. Ammo hali maktabni tugatmagan bolalarning shundoqqina yo‘l chekkasida sigaret tutatayotganiga nogahon ko‘zimiz tushganda, bir og‘iz tanbeh berishga ikkilanamiz yoki e’tiborsiz o‘tib ketamiz. Aslida bizdagi ana shu e’tiborsizlik, yoshlardagi qiziquvchanlik bir ko‘ngilsizlik kelib chiqishiga yetarlidir.
BMT tomonidan tayyorlangan hisobotda ma’lum qilinishicha, har yili dunyo miqyosida giyohvandlikka chalingan 200 ming kishi hayotdan ko‘z yummoqda. Bu yo‘l transport hodisalari chog‘ida qurbon bo‘lganlar soni bilan taqqoslaganda 6 marotaba kam ekan. Bu shunchaki keltirishlar emas. Bu shuncha ayanchli qismat degani. Ma’lumotlar qanchalik ortib, qanchalik kamaysin yoki yangilansin, bu og‘uga berilish shu taxlitda ta’sir o‘tkazaveradi. Alamli turfa taqdirlar, afsus-nadomatga to‘la hayot, katta-kichik qurbonlar berilaveradi. Maqola avvalidagi Nazokat ham shunday qurbonlardan bittasi. U singari qurbonlar, boshi berk ko‘chaga o‘zi bilib-bilmay kirib qolib, dardi ichida yurganlar qancha. Dardning og‘ir-yengilligi esa har kimning o‘ziga ayon. Kimdir o‘zini oqlasa, kimlardir ko‘rguligiga kuyadi.
Aytarimiz, ko‘zingizni oching, bu iztirobli ko‘chaga yaqin yo‘lamang, toki uning alamli iztiroblari hayotingizga soya solmasin.
Gulnoza Turg‘unboyeva,
«Xabar» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter