Bosh vazir behuda majlisbozlik va qog‘ozbozlikni taqiqlashga topshiriq berdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov davlat organlarida yig‘ilishlar soni va muddatini qisqartirish, shuningdek, keraksiz hisobotlar va ma’lumotlarni yig‘ishni to‘xtatish topshirig‘ini berdi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar bermoqda.
Bu borada barcha darajadagi davlat tashkilotlari va boshqarmalari, ayniqsa, mahalliy hokimliklarga aniq ish reglamentini ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishlar tartibliligi va samaradorligini oshirish uchun ular sonini keskin qisqartirish nazarda tutilyapti: ular grafik bo‘yicha haftasiga 2-3 tadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, yig‘ilishlar muddati respublika darajasida 2 soatgacha, viloyat, tuman va shahar darajasida 1-1,5 soatgacha qisqartirilmoqda.
Abdulla Aripov yig‘ilishlarni noqulay vaqtda (erta tongda yoki tunda) o‘tkazilishi va ularga ko‘rilayotgan masalalarga daxli yo‘q bo‘lgan korxona, idora hamda jamoatchilik tashkilotlari rahbarlari va xodimlari, fermerlar va tadbirkorlar taklif etilishini taqiqladi. Qolaversa, yig‘ilishda chiqish qiladigan har bir ishtirokchiga buning uchun 5-7 daqiqagacha vaqt cheklovi o‘rnatiladi.
O‘z navbatida, respublika markaziy apparatidan hududlarga komissiyalar va ishchi guruhlarini yuborish faqatgina kompleks rahbarlari ruxsati bilan amalga oshirish tartibi ham tasdiqlandi. Ishchi safarlari samaradorligi ustidan nazorat ta’sis etildi.
Bosh vazir qog‘ozbozlikni qisqartirish va quyi tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklardan keraksiz hisobotlar va ma’lumotlarni yig‘ishni to‘xtatish topshirig‘ini ham bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter