Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuror o‘rinbosari o‘tkazgan yig‘ilishga Kozim To‘laganov keldi

Bosh prokuror o‘rinbosari o‘tkazgan yig‘ilishga Kozim To‘laganov keldi

Kuni kecha Bosh prokuror o‘rinbosari Akmalxo‘ja Mavlonov raisligida  bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qurilish vaziri muovini Kozim To‘laganov  ham ishtirok etdi. Bu mutlaqo tabiiy. Chunki, yig‘ilishda «Obod qishloq», «Obod mahalla» va boshqa dasturlar ijrosini samarali tashkil etishga oid masalalar muhokama etildiki, bunday mashvaratda qurilish ishlariga mas’ul organ mutasaddilaridan biri ishtirok etishi o‘z-o‘zi ravshan.

Ma’lumki, joriy yilning 24-mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari  «Obod qishloq», «Obod mahalla» va boshqa dasturlar ijrosini samarali tashkil etish, ajratilgan mablag‘lardan oqilona va maqsadli foydalanishni ta’minlash, ehtimoli yuqori bo‘lgan talon-torojliklarning oldini olish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

2021-yilda «Obod qishloq», «Obod mahalla» va boshqa dasturlar doirasida 206 ta tuman va shaharlarning 8 mingga yaqin qishloq va mahallalarida aholining yashash sharoitini yaxshilash maqsadida 21 trln. so‘m mablag‘ ajratilmoqda.

Ajratilayotgan pul mablag‘larini manzilli va samarali ishlatilishini ta’minlash, talon-torojliklarni oldini olish maqsadida Qo‘shma farmoyish bilan Bosh prokuror o‘rinbosari rahbarligida respublika Shtabi, viloyat va tuman - shaharlarda prokurorlar rahbarligida alohida Ishchi guruhlar tashkil etildi.

Yig‘ilishda  belgilangan vazifalarni to‘g‘ri tashkil etish, barcha vazirlik va idoralar bir bo‘lib, har bir ob’yekt bo‘yicha tizimli nazoratni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.Qayd qilinishicha, har bir ob’yektga qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining borishini kunlik o‘rganish uchun prokuratura va departament xodimlari biriktirildi.

Hududiy ishchi guruhlar faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish va nazorat qilish uchun har bir viloyatga Bosh prokuratura boshqarma boshliqlari jalb etildi.

Biriktirilgan barcha mas’ullar har bir loyiha bo‘yicha yer ajratilishidan tortib, to ob’yekt foydalanishga topshirilgunga qadar barcha jarayonda shaxsan ishtirok etadi va kunlik nazoratni o‘rnatib, qurilishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, budjet pulini manzilli ishlatilishini ta’minlaydi.

Qurilishning barcha bosqichlarini onlayn kuzatib borish maqsadida Bosh prokuraturada dasturlar ijrosi yuzasidan onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi elektron dasturiy ta’minot yaratilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring