Bosh prokuratura Akademiyasi va «ELSEVIER» kompaniyasi o‘rtasida Memorandum imzolandi
Joriy yilning 10-oktyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasi va «ELSEVIER» kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda kompaniyaning O‘rta Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori A.Ospanova, milliy koordinatori D.Allanazarova, shuningdek Akademiya xodimlari va tinglovchilari ishtirok etishdi.
Memorandumda ta’lim va ilmiy-tadqiqotchilik faoliyati sohasida hamkorlik aloqalarining asosiy yo‘nalishlari va shakllari belgilangan.
Amaliy hamkorlikning davomi sifatida Akademiya xodimlari va tinglovchilari uchun kompaniyaning mintaqaviy direktori A.Ospanova tomonidan «Xalqaro standartlar asosida ilmiy maqolalar tayyorlash» mavzusida master-klass o‘tkazildi.
Tadbir davomida xalqaro standartlar asosida ilmiy maqolalar yozishning o‘ziga xos xususiyatlari batafsil tushuntirildi, yuqori reytingli xalqaro jurnallarda chop etiladigan maqolalarni tayyorlash bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berildi.
Sal avvalroq - joriy yilning 7 oktyabr kuni yana bir tadbir - Akademiya rahbariyati va xodimlari «ELSEVIER» kompaniyasi tomonidan yaratilgan «Uzbekistan Research Online» – O‘zbekiston Respublikasining ilk raqamli retsenziyalanadigan ilmiy jurnallar platformasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgandi. Ushbu tadbir doirasida «Scopus»ning xalqaro standartlariga muvofiq ishlab chiqilgan Bosh prokuratura Akademiyasining retsenziyalanadigan ilmiy jurnali «ProAcademy» ham taqdim qilindi. Kelgusida mazkur jurnal «Digital Commons Network» global tarmog‘iga integratsiya qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter