Bojxona tizimi tubdan takomillashtiriladi. Halol va malakali xodimlar ishga olinadi

«Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturi loyihasi umumxalq muhokamasiga taqdim etilgani haqida avval xabar bergan edik.
Loyihaga ko‘ra, bojxona ma’muriyatchiligini soddalashtirish va eksport-import sohasini tartibga solish ko‘zda tutilmoqda. Bosh prokuratura, DBQ, Moliya vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat veterenariya qo‘mitasi, «O‘zstandart» agentligi ushbu loyiha uchun mas’ul etib belgilangan.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasida bojxona chegarasidan tovarlarni o‘tkazish tartiblari va tizimi, ilg‘or jahon tajribasiga muvofiq milliy bojxona rejimlarini qayta ko‘rib chiqish, mamlakat hududidagi bojxona postlari, terminallari va omborlarini ekspress-laboratoriyalar bilan jihozlash, bojxona rasmiylashtiruvida ortiqcha byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish va muddatlarni keskin qisqartirish maqsadida «yagona darcha» tamoyilini keng joriy qilish nazarda tutiladi.
Shuningdek, bojxona qonunchiligini tubdan takomillashtirish, ushbu tizimni ilg‘or xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish ham rejalashtirilgan.
Mazkur normativ-huquqiy hujjat loyihasi bilan Bojxona qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlanadi. Konsepsiyada Bojxona kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish, bojxona haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazoratni tubdan takomillashtirish, jadal o‘zgarayotgan tashqi iqtisodiy vaziyatlarga bojxona organlarining javob berish va ta’sir ko‘rsatish mexanizmlarini ishlab chiqish, bojxona ma’muriyatchiligining maksimal darajada shaffofligini ta’minlash mexanizmlarini tashkil etish, zamonaviy innovatsion g‘oyalar va tartib-taomillarni joriy qilish, elektron axborot bazalaridan samarali foydalanish orqali boj stavkalarini tezkor va qulay tarzda qayta ko‘rib chiqish, davlat bojxona xizmati organlarini halol, yuqori malakali xodimlar bilan to‘ldirish, sohada suiiste’molchilik holatlariga barham berish bo‘yicha yangi tizimni yaratish masalalari nazarda tutiladi.
Bundan tashqari, bojxona ko‘rigini xavfni boshqarish tizimi orqali amalga oshirish mexanizmini joriy qilinadi. Loyihada bojxona ko‘rigini xavfni boshqarish tizimi orqali tadbirkorlik sub’yektlarining ishonchlilik darajasiga qarab «yashil» va «qizil» yo‘laklar orqali o‘tkazish tizimini joriy etish nazarda tutiladi.
Eslatib o‘tish kerak, ushbu loyiha tasdiqlanishi, o‘zgarishi yoki rad etilishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter