Biz ko‘p ta’minlanganmizmi? Hokim bilan suhbat
«Kam ta’minlangan oila». Bu toifaga kimlar kiradi? Kimlar «ko‘p ta’minlangan oila»? Muxbirimiz Karimberdi To‘ramurod Shirin shahri hokimi Ilhom Begaliyev bilan shu va boshqa mavzularda suhbatlashdi.
Qabul kuni
Sirdaryo viloyatidagi Shirin shahri hokimi bilan uchrashgani uning qabul kuni bordim. Asosan keksalar, turli sharoitlarini yaxshilab berishni iltimos qilib kelishgan. Hokim qabuliga kelgan barchaning gap-so‘zlarini bo‘lmasdan tingladi, ularning hammasiga muloyimlik bilan javob berib, iltimoslarini yozib oldi, ayrimlarining talabini shu yerdagi idora rahbarlariga aytib yoki telefon orqali buyurib, joyida hal qilib berdi.
Ammo oxirida Umidjon degan 25 yoshlardagi bir yigit kirib, «Kam ta’minlangan oiladanman, uy olishimga yordam bering» deganida anchagina qizishib ketdi. Umidjon Shirin shahrining deyarli barcha yoshlari singari GESda ishlar ekan. «Qishloqdan kelib, bitta uyda ijarada turamiz, keksa onam va bir bo‘yi yetgan singlim bor, uni uzatishimiz kerak, yetkaza olmayapman», — deydi yigit.
− Nechanchi razryadsan? – so‘radi hokim.
− Uchinchi, − javob berdi yigit.
− Sakkizinchi yo o‘ninchi razryad olishingga nima to‘sqinlik qilayapti? – so‘radi hokim.
Yigit yerga qaradi.
− Javob bera olmaysan, − dedi hokim. – O‘zim javob beraman: sen ishyoqmassan. Kamiga o‘qimaysan, bilimingni, tajribangni oshirishni istamaysan. Isbotlab beraman, qishloqdan kelganman deding, hovlingga nima ekkansan? Moling, qo‘ying, tovug‘ing bormi?
Yigit bu savollarning birortasiga javob bera olmadi.
− Mayli, o‘z sohangdan savol beraman, quvurlarga qo‘yiladigan ochib-yopadigan moslamalarga ikki xil raqam yoziladi, ular nimani anglatadi?
− Birinchisi quvurning ichki diametri, ikkinchisini ...bilmayman, − dedi yigit.
− Bilmaysan, bilishga urinmaysan ham, vaholanki sen uni bilishing shart, − dedi hokim. – Ikkinchisi o‘sha detalning necha atmosfera bosimigacha bardosh bera olishini ko‘rsatadi.
Yigit yana yerga qaradi.
− Men osmondan oyog‘imni uzatib, hokim bo‘lib tushmaganman, − dedi hokim. – Sen ishlagan korxonada oddiy chilangarlikdan boshliqlikkacha ko‘tarilib borganman. Hokimlik kasb emas, bugun hokimlikni tashlab, GESga borsam, meni yana 15-razryadim bilan ishga olishadi. Sen ishlayotgan sexda sendan yaxshiroq ishlayman. Ammo hokimman deb uyda ham kerilib o‘tirmayman, hovlimda molim, qo‘ylarim, tovuqlarim bor. Ishgacha va ishdan keyin ana shularga o‘zim qarayman, kerak bo‘lsa, daladan o‘t o‘rib kelaman, yemini beraman, tagini tozalayman. Hovlimni to‘ldirib ekin ekkanman. Ro‘zg‘orimdan ortganini bozorga chiqarib sotishdan ham uyalmayman.
Keyin hokim kalkulyatorni olib, 3-razryadli ishchining oyligini adashmay hisoblab berdi:
− 850 000 so‘m oylik olarkansan, − dedi hokim. – Men senga eng arzon uyni bersam ham bu oyliging uning oyma-oy to‘lab boriladigan miqdoriga yetmaydi. Vaholanki shu oyligingdan yeb-ichishing, o‘zing aytganingdek, singlingni ham uzatishing kerak. Shuning uchun avval razryadingni oshir, oyligingni o‘zing ko‘tar, uy masalasini keyin ko‘ramiz. Singlingni esa ijara uydan ham chiqarsang bo‘laveradi. To‘yiga aytsang, yordam beramiz.
Suhbat mavzusi
− Hokimga kirsam, biror uy beradi deb kelgan yigit, otasi ham aytmagan tanbehlarni eshitib ketdi-ku, hokim buva? – dedim yigit norozi qiyofada chiqib ketgach va shu bilan suhbatimiz boshlandi.
I.B.:
− Uzr, mana shunaqa ishyoqmas, lapashanglar kelib, «Kam ta’minlangan oiladanman» deb tursa, ruhiy muvozanatdan chiqib ketaman, sal qizishdim. Qarang, tog‘ni ursa talqon qiladigan yigit. Kelib «kam ta’minlangan oiladanman» deydi-da. Bilasizmi, eng yomon ko‘rganim shu so‘z. Nima, biz ko‘p ta’minlanganmi? Biz erishgan narsalarimizni birov qilib berdimi? Nimaga erishgan bo‘lsak, o‘zimiz, o‘z kuchimiz, bilimimiz, intilishimiz bilan erishdik.
K.T.:
− Ha, bizga ham juda ko‘pchilik yordam so‘rab murojaat qiladi. Kap-katta erkaklar kelib, uy olishimga yordam bering deydi. Men ham qishloqdan hovli qildim, ishim shaharga o‘tgach, shahardan ham uy oldim, mashina oldim, lekin birortasini olishda birovdan yordam so‘raganim yo‘q. Juda qattiq mehnat qilib olganman hammasini. Yeyish-ichishdan qisishga to‘g‘ri kelgan, uch-to‘rt joyda ishlashga ham to‘g‘ri kelgan. O‘zim o‘qituvchi, ayolim tibbiyot hamshirasi bo‘lishiga qaramay, hovlida qo‘y, mol boqqanmiz, daladan yer olib, dehqonchilik ham qilganmiz. Hammasiga ulgurganmiz. Biz ham aslida «ko‘p ta’minlangan oila» emas edik...
I.B.:
− Shu so‘z qayerdan chiqib qolganini bilasizmi? Alisher Navoiy bobomizning asarlarida bormidi shu so‘z? Boburda, Mashrabda, hatto o‘z uyi bo‘lmagan Muqimiyda bormidi shu so‘z? Bizning o‘zbek xalqimiz qadimdan oriyatli, mag‘rur xalq. Yurtimizni bosib olgan Rossiya imperiyasi, keyin qizil imperiya xalqimizning ana shu g‘ururini sindirishga juda katta kuch sarflashdi. Aynan o‘zbekning oriyati, g‘ururi sinmagani ularni quturtirardi. Butun boshli respublikani paxta yetishtirib beradigan qullar mamlakatiga aylantirib qo‘yishdi, xalqni ochlikda, qashshoqlikda tutib turishdi, ammo o‘zbeklarning g‘ururi sinmadi. Xalqimiz urush balosini, qahatchilik, qimmatchiliklarni ko‘rdi, ammo g‘ururi sinmadi. Eslaysizmi, maktablarda tekin kiyim-bosh berishni yo‘lga qo‘yishdi. Ana shu kiyim-boshni berishda ilk bor «kam ta’minlangan oila farzandlariga» degan so‘z ishlatildi.
K.T.:
− O‘zim o‘qituvchi bo‘lganman, yaxshi bilaman. Maktabga o‘shanaqa kiyim-boshlar, oyoqkiyimlar, hatto ichkiyimlar kelardi. Maktabda bersak-ku, bolalar olishmasdi, or qilishardi, uylariga olib borib bersak ham ota-onalar yig‘lashardi, lekin olishmasdi.
I.B.:
− Ha, yashang, nima uchun olishmasdi? G‘ururlari borligi uchun. O‘zi kambag‘al bo‘lsa ham «kam ta’minlangan oila» degan otni olmaslik uchun haligi kiyimlarni olishmasdi.
K.T.:
− Uylariga berib kelsak, maktabga tashlab ketgan ota-onalarni ko‘rganman. «Molimizni sotaman, o‘tirgan gilamimizni sotaman, ammo anovi davlatning kiyimini kiydirmayman!» derdi oriyatli otalar.
I.B.:
− Endi-chi? Endi nima bo‘layapti? Rossiya imperiyasi davrida «kam ta’minlangan oila» degan nomdan or qilgan, qizil imperiya zamonida bu nomni olishdan or qilgan o‘zbek oxirgi chorak asrda ana shu nom uchun talashadigan bo‘lmadimi? «Qo‘shnimga davlat yordam berdi, uyini ta’mirlab berdi, nega menga yordam bermayapti?» deb portalga yozishmayaptimi? «Qo‘shnimning bolasiga kiyim-bosh berishdi, nega mening bolamga tekin kiyim berishmaydi?» deb prokuraturaga, sudga murojaat qilishmayaptimi? Vaholanki o‘sha portalga yozayotganlar o‘ziga to‘q, to‘rt-beshtaga yordam bersa bo‘ladigan oilalar.
K.T.:
− Yaqinda bir ayol murojaat qildi. Hokimiyat «sizga uy qurish uchun berilgan yerga uy qurmasangiz, u yerni qaytarib olamiz» deyishibdi. «Shunga masjidlarning imomlariga aytib, xalqdan biror ellik million so‘m yig‘ib bersangiz». E’tibor bering, ellik millionni shunchaki so‘ramayapti, «Biror ellik million so‘m» deyapti. Surishtirsam, 30 yoshli o‘g‘li bor ekan, bir joyda muqim ishlamas ekan. Tibbiyot kollejini bitirgan ikki qizi erdan chiqib kelib, onasining oldida o‘tiribdi ekan, ammo ular ham ishlamas ekan. Nega ishlamasligini so‘radim. «Erdan chiqqan qizlar ishga borib kelsa, qo‘ni-qo‘shnilar gap qiladi». E, masjiddan «biror ellik million so‘m» so‘raganlarini gap qilmaydigan qo‘ni-qo‘shni qizlari biror shifoxonaga borib ishlab, halol pul topishini gap qilar ekan! Ajabo!
I.B.:
− Xuddi mana shunaqalarning shioriga aylanib qoldi «kam ta’minlangan oila» degan gap. Qarang, ayolning o‘zi ishlamaganda ham, uch farzandi ishlasa, sadaqaga so‘ragan pullarini o‘zlari topishadi-ku? Yo‘q, bunaqalar ishlab topishni istamaydi. Sizdan so‘raydi, boshqadan so‘raydi. Sizga o‘xshagan kamida o‘ttiz kishiga murojaat qiladi, bittasidan bo‘lmasa, boshqasidan unib qolar deydi. Albatta, elimiz ehson qilishni yaxshi ko‘radi. Bularning qiynalib qolganiga ishongan soddalar qo‘llaridan kelgancha pul yig‘ib berishadi. Qarabsizki, bular keyin ana shu yo‘lga o‘tib olishadi. Sadaqa so‘rashni kasb qilib olishadi. «Kam ta’minlangan oila» degan so‘zni bayroq qilib, kirmagan idorasi qolmaydi.
K.T.:
− Ha, shariatda sadaqa so‘rash bir marta joiz ekan, u ham bolalari och qolib, o‘lishi muqarrar bo‘lib qolgan oila rahbariga. Ammo xalqimizning xayru ehsonga qo‘li ochiqligidan foydalangan tekinxo‘rlar sadaqa so‘rashni odat qilib olishmoqda.
I.B.:
− Bundaylarga sadaqa berish kerak emas, pul topishning yo‘lini ko‘rsatib qo‘yish kerak. O‘zlari ishlab pul topsinlar.
K.T.:
− Yoki buyuk bobomiz Amir Temur hazratlarining vasiyatiga amal qilish kerak: «Farzandlarim, mamlakatimda tilanchi bo‘lmadi. Siz ham ana shunga erishing. Tilanchilarga ishlash imkoniyatini bering, ularni ishlashga majbur qiling. Ishlashni istashmasa, ...o‘ldiring!».
I.B.:
− Bilasizmi, anovi bolaga bekorga aytmadim 15-razryadli chilangarman deb. Rostan ham oddiy chilangarlikdan ish boshlaganman. Bir rus ayoli «O‘zbeklar paxta ekish va paxta terishdan boshqa narsani bilmaydi, biz O‘zbekistondan chiqib ketsak, hamma o‘zbeklar nima ish qilishni bilmay o‘tirib qolishadi» deb meni kamsitgan edi. O‘z kuchim bilan o‘qib, o‘rganib, xuddi o‘sha rus ayoli ishlaydigan sexga 26 yoshimda boshliq bo‘lganman. «GES oyligingni bermasa, necha oy yashay olasan?», — deb so‘ragan edi GES direktori. «Olti oy oyliksiz ishlay olaman, ammo keyin ham yashayveraman», — deganman. «Ruslar bir oy yashay olmaydi» degan direktor meni sex boshlig‘i qilib tayinlagan. Rostan ham GESdan yoki bugungi lavozimim – hokimlikdan ketsam ham meni tomorqam boqadi. Men yaxshigina dehqonman, bog‘bonlikdan ham xabarim bor. Xullas, och qolmayman. Ammo och qolsam ham tilanmayman.
K.T.:
− Qabulingizga kelgan yigit nasihatlaringizni olib, o‘z ustida ishlab, o‘zi oyligini oshirib olarmikan?
I.B.:
− Yo‘q. Norozi bo‘lib chiqib ketganini ko‘rdingiz-ku? Endi u yordam bermadi deb portalga yozadi. Ana shunaqalarning baxtiga chiqqan portal. Bozorda sabzi qimmat bo‘lsa ham portalga yozadi, piyoz arzon bo‘lsa ham. Endi bu yigit qadami yetgan joyga meni yomonlaydi. Boshqalardan yordam so‘raydi. Hadeb yozavergach, kimdir bezor bo‘lganidan unga bitta uy bersa, bo‘ldi. Keyin xotin olib beringlar deb yozishni boshlaydi. Keyin bitta mashina so‘raydi. Shunday qilib, erishish mumkin bo‘lgan hamma narsaga tilanchilik bilan erishishni istaydi bunaqalar. Ammo ishlab, harakat qilib, tirishib erishishga bo‘yni yo‘g‘onlik qiladi.
K.T.:
− Ismi Umid ekan, umid qilaylik, mehnati, bilimi bilan o‘zi ham boy bo‘ladigan, yurtni ham boy qiladigan yigit bo‘lsin, aqlli yoshlar ko‘paysin!
I.B.:
− O‘ziga ham aytdim, isming Umid ekan, o‘qi, izlan, yaxshi kunlarga umid qil deb. Albatta, o‘qib, izlanib, foydali narsalarni kashf qilayotgan, yurtga nafi tegayotgan yoshlarimiz ham kam emas. Ana shunday shijoatli yoshlarimiz ko‘payishidan umid qilamiz.
K.T.:
− Mazmunli, eng muhimi, ibratli suhbatingiz uchun tashakkur!
I.B.:
− Suhbatimizdan foyda chiqsin deng. Men bitta narsani istayman: «kam ta’minlangan oila» degan so‘z tilimizdan chiqib ketsin. Yetar xalqimiz «ko‘p ta’minlangan oila» maqomini olishni shuncha kutgani. Endi barcha oilalar «ko‘p ta’minlangan oila» bo‘lsin!
K.T.:
− Yashang, o‘sha so‘z ham yo‘qolsin, «kam ta’minlangan oila» ham qolmasin!
Karimberdi To‘ramurod,
«Xabar.uz» muxbiri
Shirin shahri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter