«Bitta sumkani ikki bola almashtirib taqadigan oilalar bor ekan» — Zoyir Mirzayev
21 aprel kuni Toshkent viloyati hokimligi majlislar zalida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.
Yig‘ilishda xotin-qizlar muammolarini tizimli hal etish, namunali xonadonlarning tadbirkorlik ishlarini keng targ‘ib qilish, oilaviy sharoitlari sabab ilmiy ishlarini yakuniga yetkazolmagan ayollarga amaliy yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilingan.
Shuningdek, viloyatda xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar, ayollarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.
— Yaqinda xalq ta’limi bilan maktabga ta’lim bo‘yicha mas’ullarga oilaviy sharoitlari sabab maktab yoki bog‘chaga borolmayotgan oila farzandlarini aniqlanglar, degan edim. Boshida 60 tacha ro‘yxat shakllantirildi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, 400 dan ortiq oila farzandlari ana shunday sabablarga ko‘ra ta’limdan uzilib qolayotgan ekan. Achchiq bo‘lsa ham haqiqat shuki, bitta sumkani ikkita farzandi almashtirib taqadigan, bitta koftani opa-singil alishib kiyadigan oilalar ham bor ekan, — degan Zoyir Mirzayev.
Hokimning aytishicha, ularning har biri savobtalab homiylarga biriktirilib, kiyim-bosh olib berilgan.
— Mana shunday oilalarda, ayniqsa, ayollarga, onalarga og‘ir. Ular alohida ko‘makka, e’tiborga muhtoj. Mahallalarda ayollar muammolarini hal qilishda eng birinchi galda mana shunday ayollar bilan alohida shug‘ullanish kerak, — degan hokim.
Xususan, ijtimoiy ko‘makka muhtoj ayollarni aniqlash, ularni kasbga, tadbirkorlikka yo‘naltirish, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘rni va faolligini oshirish, kayvoni ayollar tajribasidan foydalanish yaxshi samara berishi aytilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter