Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

«Bitib ketgan» hokim o‘rinbosari, «Jumong»dagi bosh vazir va sho‘rpeshona xalq

«Bitib ketgan» hokim o‘rinbosari, «Jumong»dagi bosh vazir va sho‘rpeshona xalq

Bugun Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev korrupsiyaga oid qiziq mujdalar berdi.

Jumladan, Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akram Rahmonqulov haqida.

Qisqa qilib raqamlarni keltiraman: Rahmonqulov sheriklari bilan 20 milliard so‘m budjet mablag‘ini talon-toroj qilgan (hali tergovda aniqlangani bu). Tergovda Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 mlrd so‘m, Jizzax shahridagi «Eski shahar» buyum bozorida qurilgan 172 ta savdo do‘koni, ko‘p qavatli uylarda 14 ta xonadon, 43 ta avtomashina, 37 ta boshqa ko‘chmas mulklar borligi aniqlanib, zararni undirish uchun xatlangan.

Bu xabarga qoldirilgan izohlardan biri esa ko‘ngilni yanada ezadi:

«Bu hali aniqlangani ekan. Bilmaymizki, atrofimizda nimalar bo‘lyapti, kim qancha yemoqda, o‘zlashtirmoqda... Bundan ham ulkanroq raqamlar kelib chiqishi aniq»,— deya yozadi alam bilan internet foydalanuvchisi.

Balki, shu satrlar yozilayotganda ham qaysidir «kattakon» o‘z bilganicha «pul yuvayotgan», g‘oyibdan kelayotgan pullarni «vakolati doirasi»da ishlatib yotgandir ...

Janubiy Koreya tarixiy seriali «Jumong»ni bolalikda sevib tomosha qilganmiz. Bola bo‘lganmiz, xayolimiz urush-janglar, yaltiroq sovutlarda bo‘lgan. Katta bo‘lgach, tafakkur qilgach, serialdan yana boshqa jihatlarni ham ko‘ra boshladim.

Serialdagi asosiy figuralardan biri — tarixiy Buyeo (ayrim manbalarda Puyo) davlatining bosh vaziri Bu Deyik Buldir. Uch avlod hukmdorlariga ta’sir o‘tkaza olgan, kerak bo‘lsa, qirolni ag‘darish darajasida qudratli bo‘lgan bosh vazir aslida juda miskin yashashi, oilasiga ham kamtarona yemak berishi ma’lum bo‘ladi. Kinoda vazir salbiy tasvirlangan, u bosh qahramonga tinimsiz qarshilik ko‘rsatadi, hatto joniga bir necha bor qasd qiladi.

Ammo uni bu ishlarga undagan omil ona vatanining yashab qolishi, uning tarix sahrosiga singib ketmasligi edi.

Bizda esa... Rahmonqulov ishi, «Abdurahmonov yonida turib bilmagan» mutasaddining 128 ming dollar olishi, «Sardoba ishi» bo‘yicha yopiq qolib ketgan savollar, yaqin o‘tmishda 400 ming dollar bilan ushlangan hokim va boshqa katta-kichik voqealar insonni chuqur o‘yga toldiradi. Axborot saytlari esa «talon-toroj qilgani aniqlandi», «falon milliard so‘m o‘zlashtirib yuborildi» sarlavhali xabarlarni tez-tez berib turadi. Ular shunchalar ko‘pki, intihosi va jazosini surishtirishni hatto unutib ham qo‘yamiz.

Balki, bizning aksar amaldorlarda o‘sha tarixiy davlat vaziriday vatanparvarlik yetishmas. Balki hammasi o‘sha davrlarda pulni noqonuniy o‘zlashtirish, chet el banklarida hisob raqamlar ochish, bolasini xorijda o‘qitish va maishat qilish uchun imkon bo‘lmaganligidandir...

Xullas, yo‘limiz ikkita: birinchisi korrupsiya, o‘g‘rilik va jamiki sarqitlardan qutilib rivojlanish. Ikkinchisi esa... to‘g‘risi bu haqda o‘ylashgayam qo‘rqaman.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring