Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilgan «GIST» startap treningi g‘oliblari aniqlandi

Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilgan «GIST» startap treningi g‘oliblari aniqlandi

Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazida vazirlik va AQSh elchixonasi hamkorligida Markaziy Osiyoda ilk bora «GIST» (ilm-fan va texnologiyalar orqali global innovatsiyalar) startap treningi o‘tkazildi. Global tadbirkorlik haftaligi doirasida o‘tkazilgan treningda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston jamoalari ishtirok etdi.

Amerika Qo‘shma Shtatlaridan tashrif buyurgan yetti nafar trener, mentor va spikerlar tadbirkorlik, ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni tijoratlashtirish, g‘oyalar va texnologiyalarni monetirizatsiyalash bo‘yicha ma’ruzalar o‘qidilar, amaliy mashg‘ulotlar orqali trening qatnashchilariga kuchlarini sinashga imkon berdilar.

Treningda yoshlar nafaqat bilim olish, balki bilimlarini tajribada sinab ko‘rishga ham muvaffaq bo‘ldilar. Jamoalarga potensial xaridorlarni so‘rovdan o‘tkazish, bo‘lajak mijozlar, hamkorlar, hatto raqobatchilari bilan muloqot qilish kabi vazifalar berildi. Yangi texnologiyalar asoslangan tadbirkorlik faoliyatini yuritishga, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirishga bel bog‘lagan o‘g‘il-qizlar biznes-modellar tuzish, o‘z startaplari uchun bozorni o‘rganish, mahsulot narxini chiqarish, mijozlarni jalb etish hamda biznesni kengaytirish usullarini tatbiq etish ko‘nikmalarini egalladilar.

To‘rt kun davom etgan mazkur tadbir avvalo yoshlarning novatorlik imkoniyatlarini kengaytirish, hududda yangi startaplarni yaratish, tadbirkorlik ekotizimini mustahkamlashga qaratildi. Ta’kidlanishicha, 2011 yildan buyon «GIST» tomonidan butun dunyodan 27 million nafar innovatorlar va tadbirkorlarni jalb qilgan holda 8400 startapchilarga ta’lim berilgan, natijada 220 million AQSh dollari o‘zlashtirilgan.

Finalga chiqqan yetti jamoa ichidan uchta jamoa tanlab olinib, ular bir ming AQSh dollaridan uch ming AQSh dollarigacha bo‘lgan pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Birinchi o‘rinni o‘zbekistonlik yosh kimyogarlar Mardonali Mirzaliyev va Sherozbek Dolimov taqdim etgan «O‘zbekistonda pektin ishlab chiqarish» loyihasi qo‘lga kiritdi.

– Pektin oziq-ovqat sanoatida keng qo‘llaniladigan tabiiy qo‘shimcha bo‘lib, undan qandolatchilikda, farmakologiya sohalarida ham foydalaniladi. Pektin mevalardan, jumladan serquyosh yurtimizda juda ko‘p yetishtiriladigan olmadan olinadi. Ammo shu paytgacha O‘zbekistonga bu mahsulot xorijiy davlatlardan olib kelinmoqda. Bu aslida juda taajjubli hol, lekin bozorni o‘rganarkanmiz, birorta mahalliy pektin ishlab chiqaruvchini topolmadik. Shu bois ham biz bu mahsulotni o‘zimizda ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘ymoqchimiz, – deydi Sherzodbek Dolimov.

Ikkinchi o‘rin tojikistonlik yosh tadqiqotchilarning «Easy Silk Road» deb nomlangan startapiga berildi. Bu sayyohlar uchun ilova bo‘lib, u yerda sayyohlik marshrutlari, jumladan xavfli hududlar haqida muhim ma’lumotlar beriladi.

Uchinchi o‘rinni esa o‘zbekistonlik yoshlar tomonidan yaratilgan chakana savdoning xarajatlarini kamaytirishga yordam beradigan Fastago loyihasi hamda chiqindilarni kamayishiga va ularni qayta ishlashga qaratilgan qirg‘izistonlik tadbirkor-ixtirochilar yaratgan loyiha egalladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring