Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh vazir hokimga: «Birgina ko‘zbo‘yamachilikni deb butun dunyoga sharmanda bo‘ldingiz!»

Bosh vazir hokimga: «Birgina ko‘zbo‘yamachilikni deb butun dunyoga sharmanda bo‘ldingiz!»

Foto: O‘zA

Ayni damda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida «Hududlarda dala va tozalash-obodonlashtirish ishlariga tibbiyot va ta’lim muassasalari xodimlari, talabalar va ijtimoiy soha vakillarini jalb qilishni taqiqlash va ushbu holatlarga yo‘l qo‘ygan barcha darajadagi hokimlar va rahbarlarning shaxsiy mas’uliyat va javobgarligini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash» masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur yig‘ilishda «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali muxbiri Jamshid Niyozov ham ishtirok etmoqda.

Yig‘ilish davomida Abdulla Aripov Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyevni Prezident tashrifi vaqtida viloyatda yo‘l qo‘yilgan ko‘zbo‘yamachiliklar, jumladan, soxta issiqxonalar tufayli qattiq tanqid qildi.

— Hozir biz axborot texnologiyalari zamonida yashayapmiz. Internetda Qashqadaryodagi «soxta issiqxonalar» bilan bog‘liq tasvirlar tarqaldi. Birgina ko‘zbo‘yamachilikni deb butun dunyoga sharmanda bo‘ldingiz! — deya hokimga tanbeh bergan Bosh vazir.

O‘z navbatida Qashqadaryo viloyati hokimi mazkur holatlar boshqa qaytarilmasligiga, ijtimoiy soha xodimlari majburiy mehnatga jalb etilmasligiga va’da berdi va «soxta issiqxonalar» bilan bog‘liq vaziyat uchun uzr so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu yig‘ilish Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilganini alohida qayd etish kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring