Bir tumandan 14 nafar shaxs qidiruvda...
Andijon viloyat Baliqchi tuman hokimligi binosida mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda fuqarolar yig‘inlari faollari oldida turgan dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tumandagi to‘rtta sektor rahbarlari, mahalla raislari, mas’ul kotiblar, posbonlar, profilaktika inspektorlari ishtirok etdi.
Mutasaddilarning qayd etishicha, 2018-yilning o‘tgan davrida tumanda 41 ta jinoyat sodir etilgan. Vaholanki, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 95 ta edi. 66 ta mahallaning 10 tasida jinoyat sodir etilishining oldi olindi. Ming afsuski, 7 ta (Olam, Tulkiobod, Eshonchek, Muqanna, Polvonqul, O‘rtaqo‘rg‘on, Botir) mahallalarida jinoyatlar soni o‘sgan. Ularning oldini olish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rilmagan.
2017-yili 9 ta, 2018-yili 2 ta jinoyat fosh etilmasdan qoldi. Tumanda qidirilayotgan 14 ta shaxs haligacha ushlanmagan. Jamoat nazorati maskanlari 43 ta bo‘lsa-da, ularda tungi navbatchilik samarali tashkil etilmagan. Bunday punktlar mahallaning eshigi va ko‘chalarning boshida bo‘lsa-da, ularga aholini tungi navbatchilikka jalb etish ishlari ko‘ngildagidek emas.
O‘tgan to‘rt oyda respublikamiz miqyosida umumiy jinoyatchilik 43 foiz kamaygan bo‘lsa-da, oila-turmush yo‘nalishidagi jinoyatlar soni oshayotgani achinarlidir. Er va xotin, aka va uka, ota-ona va bolalar, qaynona-kelin, qo‘ni-qo‘shni va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar soni ortayotgani ma’naviy va axloqiy qadriyatlar zavol topayotganidan darak beradi.
Shu bilan birga tumanda 8 kishi o‘z joniga qasd qilgan, ko‘rilgan choralar tufayli 7 tasining hayoti saqlab qolingan.
Respublika ishchi guruhi o‘rganishlar chog‘ida ichki ishlar idoralari bilan bog‘liq 87 ta muammoni aniqladi. Ular asosan pasport tizimiga daxldor bo‘lib chiqayapti. Bu masalalarning 76 tasi joyida hal etildi. Tuman ichki ishlar bo‘limi bu jihatlarni nazardan chetda qoldirayotgani kishini ajablantiradi.
Ishsizlik va bekorchilik barcha jinoyatlarning, noqonuniy migratsiyaning asosi sanaladi. Tumanda ishsizlar soni rasman 4300 dan ortiq. Ammo amalda ishsizlar bundan ham ko‘p ekanligi oydinlashdi. Ularni ishga joylash, ish beruvchilar bilan vakant o‘rinlar yuzasidan ma’lumot almashish bo‘yicha tayinli bir ish qilinmagan. O‘rganishlar chog‘ida tumanda 575 ta bo‘sh ish o‘rni aniqlandi. Nima uchun ularni to‘ldirish choralari shu vaqtgacha ko‘rilmagan degan savolga bandlik va mehnat munosabatlari mutasaddilari tillarini tishlashadi. Ikki kunlik mehnat yarmarkalari tashkil qilinishi yuzlab odamning ish bilan ta’minlanishiga olib keldi.
O‘tgan davrda uzoq muddatga chet elga ketganlarning 406 nafari o‘z yurtiga qaytarilgan. Ammo bu ishlarni ham qoniqarli deb bo‘lmaydi. Ularni o‘zlarini qanoatlantiradigan va ro‘zg‘orini o‘tkazishiga ko‘zi yetadigan ishlarga joylashtirish vazifasi o‘lda-jo‘lda qolib ketgan.
Joriy yilda tumanda 44 ta kichik biznes sub’yekti ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 56 ta sub’yekt tugatilganini qanday izohlash mumkin? Demak, aslida bunday korxonalar soni 12 taga kamaygan. Ro‘yxatdan o‘tgan sub’yektlarning 101 tasi umuman faoliyat ko‘rsatmayapti. Ular quruq statistik ma’lumotnomalarni bezab turibdi. Bunday noxush holatlar bo‘lib turganda yangi ish o‘rinlarini yaratish haqida jo‘yali fikr aytishga erta.
Tumanda mahsulot ishlab chiqarishning aholiga nisbatan ulushi 504 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich viloyatda 1 million 457 ming so‘mga teng. Tuman natijasi Andijon viloyatining o‘rtacha ko‘rsatkichidan uch barobar kam.
Ishchi guruh o‘rganishi chog‘ida yuzdan ortiq bino va ularga tutash yerlar qarovsiz, bo‘sh yotgani kuzatildi. G‘ayratli va jo‘shqin tadbirkor yillar davomida yer ololmay boshini urmagan joyi qolmagan. Ammo bu yoqda yerlar egasiz yotsa. Bunday mantiqsizlikka kim javob beradi?
Yoki aholini tashvishga solib, haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan yo‘llarni ta’mirlash, gaz ballonlar bilan ta’minlash bo‘yicha ishchi guruh katta hajmdagi ishlarni bajardi. Bir hafta ichida 1000 mashinadan ortiq shag‘al va qumlar o‘yilib-teshilib, yurib bo‘lmaydigan holatga kelib qolgan yo‘llarga yotqizildi, aholiga 3500 dan ortiq gaz ballonlari tarqatildi.
Aholi orasida tadbirkorlikka qiziqishni oshirish bo‘yicha ham hali ko‘p ishlarni bajarish darkor. Misol uchun hozir Andijon viloyatidagi barcha tumanlarda 24 ming oila o‘z biznesi bilan shug‘ullanish maqsadida jami 400 milliard so‘mga hujjat topshirgan. Erta-indin bu mablag‘lar respublikadan ajratib berilsa, ular o‘zining faoliyatini boshlab yuboradi. Ammo tumanlar orasida Baliqchidan atigi 211 ta oila 3 milliard 100 million so‘m kredit so‘ramoqda, xolos. Bu ozmi-ko‘pmi? 24 ming murojaatchi orasida 211 ta necha foizni tashkil qiladi? Qoloqlik, oqsoqlik, har ishda toshbaqadek imillashni bugun zamon ko‘tarmaydi.
Eng qizig‘i, kredit olish istagida bo‘lganlar asosan chorvachilik bilan shug‘ullanishga qiziqish bildirayapti. Viloyat miqyosida esa 2 mingta sotiladigan qoramol bo‘lgani holda 60 ming fuqaro uni xarid qilishga ariza bergan. Qolgan 58 ming arizachiga qoramol qay tariqa yetkazib beriladi? Shundoq ham kun sayin oshib borayotgan go‘shtning narxi bunday chog‘da 100 ming so‘mga chiqib ketmaydimi? Bu savollar ochiq qolmoqda.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidentining davlat maslahatchilari U.Ismoilov va R.Komilov, ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi boshqaruvi raisi Sh.Javlonovlar ishtirok etdi.
Laziz Rahmatov, jurnalist.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter