Bemor zambildan tushirib yuborilgan holatga rasmiy izoh berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Arnasoy» yozuvi tushirilgan tez tibbiy yordam avtomashinasi yonida bemor zambildan beixtiyor yerga yiqitib yuborilgani aks etgan videolavha tarqalgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirgan.
Aniqlanishicha, joriy yil 23-24 aprel kunlari Jizzax viloyati Arnasoy tumanida uyushmagan yoshlar o‘rtasida «Quvnoqlar va zukkolar» respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilib, ushbu videorolik tuman madaniyat markazi rejissyori B.Ayyubov tomonidan maxsus suratga olingan.
Shundan so‘ng bu lavha mazkur jamoa a’zolarining ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalariga «Quvnoqlar va zukkolar uchun maxsus» tagso‘zi ostida joylangan. Ammo keyinchalik noto‘g‘ri talqin qilingan holda internet tarmoqlariga tarqatib yuborilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu videolavhada aks etgan noxush holatga tez tibbiy yordam tizimi, xususan, Arnasoy tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam brigadasi xodimlarining mutlaqo aloqasi yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan 2021 yil tez tibbiy yordam xizmatiga jami 12 million 560 ming 749 ta chaqiriq kelib tushgan bo‘lib, bemorlarga 2694 ta tez tibbiy yordam brigadalari tomonidan tezkor va sifatli tez yordam ko‘rsatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter