Balandparvoz ma’ruza o‘qib, chorak asrdan ziyod vaqt muhojirlikda umr o‘tkazgan inson hikoyasi
Odmigina, ammo bejirim kiyingan kishi tahririyat eshigini qoqib keldi. Qisqagina salomlashuvdan so‘ng o‘zi o‘tirgan stol ustiga telpagini yechib, ohista qo‘ydi. Sochlari oqargan, nigohlari so‘lg‘in bu kishi qaltiroq qo‘llari bilan kostyumining ichki cho‘ntagidan qatlanib, sarg‘ayib ketgan bir varoq olib, bizga tutqazdi.
«Hikoya yoki she’r?»,— deya qog‘ozga qo‘l uzatdim.
«27 yil ilgari o‘zim ishlagan tashkilot rahbariyati tomonidan jimjimador yozilib, keyin ularning majburlovi va qiyin-qistovi bilan aholi o‘rtasida o‘qib bergan ma’ruzam»,—dedi haligi kishi ham kulimsiragannamo.
«Ehtimol, «paxtakorlik», «ko‘tar-ko‘tar», «sharafla»dir bu ma’ruza»,-degan kechinma o‘tdi ko‘nglimdan.
Hayratimni sezgan kishi «Avval bir o‘qib ko‘ring-da»—dedi jiddiy tortib.
«Yuragida e’tiqod olovi yonmagan, mashaqqatli mehnatlar oldida o‘zini ojiz sezgan, jasoratdan yiroq ayrim zamondoshlarimiz «kambag‘alliklari» uchun zamonni ayblaydi va «nonlarining yarim»ligidan nolib ham qo‘yadi. Bundaylarni hatto oliy ma’lumotlilar orasida ham uchratish mumkin. Ular xorijga borib, falon pul ishlab kelish ilinjiga tushadi. Va yaxshigina ishlab turgan joylaridan bo‘shab, ishsizlik to‘rvaxaltasini yelkasiga tashlagancha, mehnattalab davlatlarga yo‘l olishadi.
Xo‘sh, o‘zida qo‘shimcha kuch-quvvat tug‘ilishiga ishongan bunday yigitlar qo‘shni davlatlarga borib, nima ishlar bilan mashg‘ul bo‘lisharkin?!
Ularni oyoqlari tagida eng so‘nggi rusumdagi avtomashina, «yeganing oldinda, yemaganing ortingda» degan shohona hayot kutib olarmidi?!
To‘g‘ri, ayrimlari zo‘r ishlari evaziga boyib ham qaytishadi. Ammo qadr-qimmat, millat obro‘yi-chi?!
Xorijdan kelgan sayohatchilardan biri yurtimizni ko‘rib, «Shunday millat, birodar xalqingiz bor ekan-u, ammo biz ko‘pchilik yigitlaringizni o‘zimizning mansabdor va puldor odamlarimiz xizmatida ko‘ramiz», — deyishdi. Biz esa o‘ng‘aysiz holga tushib, nafasimizni ichga yutishdan boshqa chora topolmadik. Bu masalaning oyog‘ini osmondan qilib ko‘rsatish emas. Gapning po‘st kallasini aytganda, ayrim migrantlarning fikrlaridagi qashshoqlik o‘zlarining turmush darajasining pastligiga olib keladi.
«Bankrot» bo‘lib yoxud begona yurtlarga o‘z oyog‘i bilan ketib, temir tobutda qaytayotgan yigitlarimiz qancha?! Hech kimga bu kulfatni yetkazmasin. Boy bo‘lib, o‘zimga xon, o‘zimga bek bo‘lib yashayman, deyishning oqibati bu. Ular bilaklaridagi shuncha kuchni Rossiyaning it va cho‘chqalarini boqquncha, o‘z yurtining tadbirkorlari orasida yoki dalalariga sarflashsa, uyat emas!
Bu savolga «O‘zimizda mehnatga yarasha haq olmaysan!» degan javobni olamiz. Ammo xorijsevar do‘stlarimizdan «Endi kolxozda ishlarmidik, kolxozchi bo‘lib» degan qo‘pol javobni eshitamiz. O‘z yurtining qishloq dalalarida xizmat qilishdan uyalgan bunday yurtdoshlarimiz xorijga borib, o‘risning tovug‘i yoki sigirini boqish va ularning tappisini tozalashni or, deb bilishmaydi. Qani yigitlikning g‘ururi, obro‘si?! O‘z yurtimizda ishlang va shu yerdan rizqingizni qidiring!»
Ma’ruza shunday yozilgan edi. Uni o‘qib ko‘rayotgan chog‘imda boshimdan sovuq ter chiqib, tizzalarim uvishib, oyoq-qo‘lim holsizlandi. Axir bu ma’ruza boshdan-oyoq migrantlarga haqorat yoki ilojsizlikdan xorijga ketib, afsuski, jasadi qaytgan yurtdoshlarimiz ruhini ayblash emasmidi?! Suhbatdoshga o‘ychan tikildim.
«Ha, men shu ma’ruzani majburlikdan, ishdan bo‘shatib yubormasliklari uchun o‘qib bergandim. Aslida, aslida esa...»,—suhbatdosh o‘z hikoyasini boshidan so‘zlab berishga tushdi.
1969 yilda Buxoro tumanida tug‘ilgan suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi oshkor etilmadi.
Sarson-sargardonlikka boshlagan ma’ruza
1986 yilda Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat instituti (hozirgi Buxoro muhandislik-texnologiya instituti) ga o‘qishga kirdim. Otam bolaligimda vafot etgan. Talabalik paytlarimda onamga ko‘mak berish uchun qurilish tashkilotlaridan birida g‘isht tashuvchi bo‘lib ishlaganman. 1990 yilda institutni tugatib, qo‘limga diplom oldim. Qurilish ishlariga qiziqishim sababmi, shu sohadan ish qidirdim. Ammo, bir yildan ortiq vaqt tayinli ish topolmadim. Shunday kunlarning birida yaqin tanishim yetarlicha bilim va intilishlarim borligini aytib, meni nufuzli davlat tashkilotlaridan biriga ishga kirishimga yordam berdi.
Ayni mustaqillikka o‘tish davri bo‘lgani uchun davr siyosati juda nozik, yangilanish davriga qadam tashlash ortida ham allaqanday hadik va ikkilanishlar bor edi. Har kuni sahar ishga otlanib, kechasi qaytardim. Bir kunda bir nechta manzillarga borib, ma’ruzalar o‘qirdim. Hali yoshlar, hali aholi, hali turli xorij davlatlarida mehnat qilib qaytgan muhojirlar bilan uchrashuvlarni tashkil qilish, undan tashqari, ishga oid boshqa qo‘shimcha topshiriqlar... Chamasi, shu ishda to‘rt yilcha ishladim. Bu orada uylanib, oilali va ikki nafar farzandli ham bo‘ldim. Biroq, hecham birim ikki bo‘lmas, maoshlar kechikar, ba’zan ikki-uch oylab ish haqi ololmas edim. Olgan maoshlarim qarzlarni to‘lashga ketardi.
1995-yil. Migrantlar bilan uchrashuvda qanday ma’ruza qilishim shartligi borasida topshiriq berildi. Lekin men ma’ruza matnini mutlaqo boshqa ko‘rinishda tayyorladim.
Ma’ruzam matnida o‘zbek yigitlarining turli xorij davlatlarida sarson-sargardon yurishlarida ishsizlik, sharoitsizlik va ishlab turgan joyidan to‘lanadigan maosh na ro‘zg‘orga, na yashash sharoitini yaxshilashga yetayotgani va gohida maoshlarning oylab berilmayotgani sabab ekanini misollar orqali keltirib yozdim.
Ertasiga ayni uchrashuv boshlanishiga bir necha soat qolganda, boshlig‘im men tayyorlagan ma’ruza bilan tanishib ko‘rishini so‘radi. Ma’ruzani o‘qidiyu, boshlig‘imning tepa sochi tikka bo‘ldi — baqirdi-chaqirdi. Agar shu yozgan ma’ruzamni o‘qib bersam, ishdan bo‘shatib yuborishini po‘pisa qildi.
Ko‘p o‘tmay, qo‘limga balandparvoz so‘zlar yozilgan shu ma’ruzani tutqazishdi. Uni o‘qib berishga majbur bo‘ldim. Axir, bu ish-da! Biroq, bu mening minbarda turib, oxirgi marotaba o‘qiyotgan ma’ruzam edi. Meni salkam 30 yil xorij davlatlarida sarson-sargardon yurishimga sabab bo‘lgan shu ma’ruza haligacha qo‘limda.
«Siz qo‘lingizga tutqazilgan shu ma’ruzani o‘qib berganingizda, odamlar balki e’tibor qilishmagandir?!»-so‘raymiz.
«Yo‘q, tinglovchilar o‘rtasida shovqin ko‘tarildi: «Ish topib ber!», «Qaysi kolxozing yoki tashkiloting mehnatimiz evaziga haq to‘lashi mumkinligini ko‘rsatib qo‘y!», «Oqbilagoyimga o‘xshab, u yoqdan bu yoqqa qog‘oz ko‘tarib yurishdan boshqasiga yaramaysan!» degan gaplar otildi. Biroq, men ularga «Aslida, bu mening ma’ruzam yoki mening dilimdagi so‘zlar bu emas!» deya olmas edim. Zero, ortda ishxonam obro‘si turgandi.
Ma’ruzadan so‘nggi qaror
O‘zim istamagan ma’ruzani o‘qib berganim — mening umrbo‘yi muhojirlik yo‘lini tanlashimga sabab bo‘ldi. Biroq o‘shanda minbardan tushiboyoq, o‘z xohishim bilan muhojirlar qatorida bo‘lishga qaror qilgandim. Shu kuniyoq, ishdan bo‘shash arizasini yozdim.
1996 yilning o‘rtalarida, 27 yoshimda minbarda chiqib so‘zlaganimdek, to‘rvaxaltamni yelkamga ilgancha, «Qayerdasan, Rossiya?» deb uzoq manzilga yo‘lga tushdim.
Bolaligimda «katta quruvchi bo‘laman, arxitektor bo‘laman, baland-baland uylar quraman, o‘zim qurgan uylar tomidan xursandchilikdan baqirib, kaskamni osmonlarga otaman» degan o‘y-orzularimni tashlab ketdim. Onamni, biri ikki yashar, biri endigina tug‘ilgan farzandimni va xotinimni tashlab ketdim. Va bu yo‘lni o‘zim tanladim.
Hamqishlog‘imiz «chuv» tushirdi
Men hamqishlog‘im Sirojning yordami va uning mablag‘i evaziga noqonuniy yo‘l bilan Rossiyaga jo‘nadim. U urda quruvchilik sohasiga ishga kirdim. Qurilishda talabalikda o‘rganganim - avvaliga g‘isht tashuvchi, keyin g‘isht teruvchi va keyinchalik elektrpayvandlovchi bo‘lib ishladim. Ish juda og‘ir va haddan ziyod ko‘p edi. Tushlikni ham ko‘pincha ish ustida o‘tkazardik. O‘sha paytlarda qo‘l telefonlarimiz bo‘lmagani bois, oilam bilan bir yoki ikki oyda zo‘rg‘a gaplashib turardik.
Taxminan, uch-to‘rt oycha ishlab, Sirojdan olgan qarzlarimni to‘ladim. Lekin shundan keyin u meni, deyarli «tanimay» qo‘ydi. Oylik maoshlarimni to‘liq bermas, ishlaganim evaziga va’da qilgan mablag‘ining yarmini ham ravo ko‘rmas edi. Yashash joyim esa bir uyning yerto‘lasida joylashgan bo‘lib, zax, qorong‘i va badbo‘y edi. Yetmagandek, qor va yomg‘ir suvlarining ham sizib kirishi yerto‘laning badbo‘yligini battar oshirardi. Pulni iqtisod qilish uchun esa to‘yib ovqatlanmas ham edim.
Oradan yana to‘rt oycha vaqt o‘tdi. Sog‘lig‘imda nuqson sezdim. Ahvolim kundan-kun og‘irlashib, madorim quriy boshladi. Maoshimni esa Siroj bilan janjallashib olishimga to‘g‘ri keldi. U hamma mehnat haqlarimni to‘ladi, ammo endi qoramni ko‘rsatmay, uning «territoriya»sidan tuyog‘imni shiqillatishimni aytdi. Na iloj, ketdim. Betobman, tana haroratim ko‘tarilib ketgan holda ham amallab Rossiya banklaridan biridan oilamga yaxshigina pul jo‘natdim. Ko‘nglim biroz xotirjam bo‘ldi, biroq bank eshigidan nariga chiqa olmadim, sog‘ligim yomonlashib, o‘zimni boshqarolmay qoldim. Yiqilib tushganimni eslayman.
Yetti yot begonaning ko‘magi
O‘shanda meni rus millatiga mansub Sergey Petrov degan mutlaqo begona kishi kasalxonaga olib kelgan ekan. Gepatit S bilan kasallanibman. Petrov kunora mendan xabar oldi, davolanish pullarini o‘zim to‘layotgan bo‘lsam ham men bilan xuddi yaqinlarimdek munosabatda bo‘ldi. Hali Rossiyaga ishga kelganimga bir yil bo‘lmagan, rus tilida ham, deyarli, so‘zlasha olmayman, shunga qaramay, bir-birimizni tushundik.
Oardan bir oylarcha o‘tib, u meni kasalxonadan to‘g‘ri o‘z yashash uyiga olib keldi. Yolg‘iz yasharkan. Oyoqqa to‘la turib ketganimdan so‘ng mening ish topishimga ham ko‘maklashdi.
Katta do‘konlardan biriga qorovul bo‘lib ishga kirdim. Yaxshigina maosh va eng asosiysi, uni vaqtida to‘lashardi. Qishloqda o‘sgan bolaman-da yerni, yashillikni yaxshi ko‘raman. Bo‘sh vaqtlarimda do‘kon atrofidagi tashlandiq bir bog‘ning gul va daraxtlarini ham parvarishlardim. Yashnab ketgan bog‘ni ko‘rgan do‘kondor maoshimni ikki hissaga oshirdi. Qo‘limdan payvandlovchilik ham kelishini bilgach, bog‘ atrofini temir panjara bilan o‘rab, kichik-kichik favvoralar ham o‘rnatishim kerakligini bildirdi.
Oilamni, o‘zimni oyoqqa turg‘izish uchun mehnatdan qochmadim. Kecha-kunduz tinim bilmadim. Kechalari Petrovning uyiga sudralib borardim, azbaroyi kun davomidagi jismoniy mehnatdan oyoq-qo‘lim og‘rib, zirqirrab chiqardi. Lekin onam, xotinim, farzandlarim xursand, men shundan mamnun edim.
Ko‘z ochib yumguncha, to‘ng‘ich farzandimning sunnat to‘yi yoshiga yetib qolganini aytishdi. Topgan-tutganlarimni yig‘ib, to‘yni o‘tkazish maqsadida 1998 yil Buxoroga keldim.
Oradan ikki-uch oy o‘tgach, sovg‘a-salomlar bilan, yana noqonuniy yo‘l bilan Rossiyaga - Petrov xonadoniga qaytdim. Afsuski, 73 yoshli keksa do‘stim men qaytguncha olamdan o‘tgan, qarindosh-urug‘lari ham «topilib» qolgan ekan.
Rossiyada «ded» bo‘lgan «o‘zimizniki»lar
Shundan so‘ng Rossiyada ishlab yurgan tumandoshim Rashid ismli yigitga «yuk» bo‘lishga majbur bo‘ldim. U meni shahar chekkasidagi o‘rmonzorga yaqin qishloqlardan birida — ish joyimdan qariyb, 70 kilometrcha olisda joylashgan muhojirlar yashayotgan xonadonlardan birida yashab turishimga ko‘maklasha olishini aytdi. Manzil uzoq bo‘lsa-da, rozi bo‘ldim. O‘zbekiston va tojikistonlik jami 11 nafar muhojir yashayotgan bitta xonaga o‘n ikkinchi kishi bo‘lib joylashdim.
Do‘kon qorovulligini davom ettirdim. Bog‘bonlik bilan ham shug‘ullandim.
Topganim o‘zimga va menga ko‘z tikib turgan oilamdagilar ta’minotiga yetib turgan bo‘lsa ham yo‘l azobi toliqtirardi.
O‘zim yashab turgan manzilga yaqin joydan, yana qurilish sohasidan ish topdim. Mehnati og‘ir bo‘lsa ham ish joyim ijara uyimizga yaqin, hatto biroz mizg‘ib olish imkoni ham bor edi. Elektrpayvandlovchi vazifasini berishdi. Qurilish sohasiga qiziqishim yuqoriligi uchun ham ishimni sidqidildan bajarardim.
Og‘ir mehnatni ko‘p qilardik, biroq to‘lovida ancha kuyib qolardik. Olti-yetti oydan, ayrimlar ikki yildan buyon to‘lanmay kelinayotgan mehnat haqlarni talab qilsa, qo‘l-oyoqlarimizga sigaretalar bosib, o‘rmonzorga olib chiqib do‘pposlashardi. Alamlisi shundaki, bular Rossiyada «ded» bo‘lib olgan o‘zimizning yurtdoshlar edi. Qiyinchiliklardan yig‘lagan, oilamizni sog‘ingan, qo‘msagan paytlarimiz ko‘p bo‘lardi.
«Vizasiz zararli kanalar»
Biz yashayotgan o‘rmonzor yaqinida joylashgan qishloqdagi xonadonlarda o‘rta osiyolik, jumladan, o‘zbekistonlik muhojirlarning ko‘pligi bois, tez-tez politsiya xodimlari kelar, ular ham kamsitar va haqoratlardi.
«Bular vizasiz zararli kanalar, kapadek joyga butun avlod-ajdodi bilan tiqilib, hammayoqni karvonsaroy qilishdi» deya o‘dag‘aylashardi. Bu haqoratni hazm qilolmasak ham chidashga majbur edik. Chunki bizni ortimizdan himoyalaydigan hech kimimiz yo‘q edi.
Bunday o‘ylab qarasa, hozir ham shunday. Rossiyaning turli manzillarida og‘ir mehnat qilib, yetarlicha maosh olmayotgan, maoshini talab qilganda kaltaklanayotgan, yerto‘la-yu, temir vagonlarda yashab, sovuq kunlarda diydirab tong ottirayotganlar qanchadan-qancha.
Kun davomida sovuqda muzdek suv kechib ishlab, oyoqlari uvishib, zax o‘tib ketganlar ko‘p. Ish beruvchi aka-ukalar urib do‘pposlar, politsiyachilar odam o‘rnida ko‘rmas, mazaxlab ustimizdan kulishardi.
Muhojir sariq chaqasini ham ololmay, sarson-sargardon bo‘lganda, uning ustidan kulishganda, nochor ahvolidan xabardor bo‘lib turib ham unga ko‘makka qo‘l cho‘zish choralari ko‘rilmagan holatlar sanoqsiz.
Haq-huquqsiz muhojirlar
Bilishimcha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hududiy filiallarining vakolatlari kengaytirilgan. Xorijiy ish beruvchilar bilan sharotnomalar imzolash huquqi berilgan. Bundan tashqari, agentlik hududiy filiallarining rahbarlari — viloyat hokimlarining tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha yordamchisi tayinlangan. Lekin ko‘zga ko‘rinarli natija yo‘q.
Yaqinda O‘zbekistondan tashqarida bo‘lgan yurtdoshlarimizning umumiy soni haqida taxminiy ma’lumotlar berildi. Eng qizig‘i, ma’lumotlar - taxminiy. Aniq emas!
Afsuski, yurt iqtisodiyotiga juda katta salmoqli hissa qo‘shayotganiga qaramay, o‘zbekistonlik muhojirlar haq-huquqsiz ahvolda. To‘g‘ri, keyingi yillarda migratsiya agentligi, elchixonalar muhojirlarga yordam berishga harakat qilyapti, ammo harakatlar sust va himoyalar juda kam.
Ishonasizmi, bugungi kunda Rossiya politsiyasi va muhojirlar qarama-qarshiligi odatiy tusga kirib qolgan. Ular mehnat muhojirlarining hujjatlarini tekshirish chog‘ida o‘ta qo‘pol munosabatda bo‘ladi, jabr yetkazadi. Muhojirligini bilib, uzoq yillar davomida ularni bilib, tanib ham, hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramay, vaqtini oladi, idorasiga olib boradi. Shu sabab o‘z ishiga vaqtida yetib borolmay, ishidan ayrilganlar talaygina. Eng qizig‘i, politsiyachilar hozir metrolar oldida xuddi poylab turadigan odat chiqargan. Muhojirlarni «vaqtimni olmang, kelishamiz» deyishga ko‘niktirishgan. 100–150 rubl yoki bir quti sigaretani cho‘ntagiga solib qo‘yishimizga ishora qilishadi. Nachora?!
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, O‘zbekistonga kelib ishlaydigan muhojirlar kamsitilmaydi. U xoh lavozimdor, xoh oddiy ishchi bo‘lsin, izzati joyiga qo‘yiladi. Mehnat sharoitlari yaratilgan. Muhojirlarga tarjimonlar xizmati jalb etiladi, maxsus oshxonalarda ovqatlantirishadi, yotoqxonalar bilan ta’minlashadi. Sababi esa ularning haq-huquqlari ortida turgan mamlakati bor, ular o‘z davlati tomonidan himoyalanadi.
Bilsangiz kerak, o‘zimizda bir nechta «xorijda ish bilan ta’minlovchi» xususiy agentliklar o‘z hamyonini to‘ldirishga to‘ldirib, ish bilan ta’minlashga kelganda, o‘zini panaga oldi. Natijada ular jinoiy javobgarlikka tortildi. Raqobatbardosh kasblarga tayyorlashni o‘z oldiga maqsad qilgan kasb-hunar kollejlari uchun sarflangan milliardlab mablag‘lar ko‘kka sovurildi. Eng qizig‘i, minbarlarda turib, fuqaroning mehnat haqi olgunicha kredit ajratish orqali «himoya qilish»ga shay ko‘zbo‘yamachi ma’ruzalar hali-hanuz davom etmoqda.
Fuqarolarning ishga joylashib, maosh olgungacha yo‘l haqi, patent olish hamda hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash xarajatlari uchun 10 million so‘mgacha past stavkada ajratiladigan kreditlar o‘rnida xorijga ishlashga jo‘nayotgan yurtdoshlarimiz uchun hech bo‘lmasa, aviachiptalar narxini arzonroq qilish kerakmasmikin? Ro‘zg‘or tebratish maqsadida begona yurtga ishlashga ketayotgan fuqaroning o‘zi bilan katta qarzni ham yelkalab ketayotgani judayam og‘riqli. Bu qarzni qaytarish uchun chekiladigan zahmat, mashaqqatning o‘zi bo‘lmaydi.
Vatanga qaytish
O‘quvchilik yillarimizda sevimli xonandamiz Sherali Jo‘rayevning
«Zamon, zamon, bizning zamon, davron bizniki,
Qo‘limizda yer-u osmon, imkon bizniki...» qo‘shig‘ini to‘lqinlanib tinglardik. Bu qo‘shiq bizni yashashga, yaratuvchanlikka chorlardi. Zamon ham, davron ham bizniki, deya g‘oz yurardik. Shu qo‘shiqni tinglab ulg‘aygan zamondosh yigitlarimizning qancha-qanchasi yaxshi yashash ilinjida xorijlarda sargardon kezmoqda. Muhojirlar muammolari vaqt g‘animatida hal etilmasa, turli ko‘ngilsiz oqibatlarning achchiq saboqlarini o‘zimiz tortishda davom etamiz.
Muhojirlarga ko‘mak, e’tibor zarur. Odamlarning ish bilan bandligini oshirish borasida qilinayotgan sa’y-harakatlar esa hozircha dengizdan tomchi, xolos. Bu ko‘plarni muhojir bo‘lib turli xorij davlatlarida sargardon kezishdan saqlab, ularning qadr-qimmati, haq-huquqlarini himoya qilgan bo‘lardi. Hozir bu satrlarni o‘qiyotgan o‘quvchi, ehtimol, meni «ezma chol» deya atar, ammo 26 yildan ziyod vaqt muhojirlik yukini yelkalab yurishning o‘zi bo‘lmasligini, oson emasligini yaxshi tushunaman.
Bugun keksayib qolyapman. Sochlarim oqardi. Umrimning chorak asrdan ko‘p davrini Rossiyaning sovuq qahratonlarida o‘tkazdim. To‘g‘ri, pul topdim, boylik orttirdim. Oilam farovon, to‘q. Uy-joy, mashina, hovli-joy, degandek. Shukrki, onajonim hayot, ayolim diyonatli. Farzandlarim uyli-joyli. Ular istaganda ham farzandlarimni xorijda ishlatmadim.
Ular O‘zbekistonda o‘qib, shu yerda ishli bo‘ldi. Hayotda o‘rinlarini topishdi. O‘zim esa... sog‘ligimdan ayrildim. Muhojirlikda yomonni uchratdim, yaxshiga duch keldim. Xo‘rlandim. Kaltaklandim. Kamsitildim. Yurtga qaytish uchun yo‘lkiraga pul topolmagan vaqtlarim ham bo‘ldi. Ammo, baribir, boshimga xuddi bolta bilan urishgandek menga majburiy-qistov bilan o‘qitishgan ma’ruzaning og‘ir yukidan xalos bo‘la olmadim.
Ayni navqiron chog‘imda minbarda o‘zim istamagan birgina ma’ruzani o‘qishga chorlashgani meni umr bo‘yi muhojirlikda yashashga undadi.
2022 yilning oxirlarida Buxoroda qaytdim. Bunga ikki davlat o‘rtasida kechayotgan qirg‘inbarot urush sabab emas. Chunki menda na ishlashga quvvat bor va na sog‘liq qolgan.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter