Avtobuslar kechikishi, «stoyankalar» yo‘qligi — Prezident hammasini biladi
Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkentda saylovchilar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuv vaqtida yo‘l-transport sohasidagi muammolarga to‘xtalib o‘tdi.
— Poytaxt aholisi va ularning daromadlari oshgani hisobiga, so‘nggi yillarda shaxsiy avtotransportlar 2-3 barobar ko‘payib, kuniga shahar ko‘chalarida 700-800 mingdan ziyod transport harakatlanmoqda.
Bu tirbandliklarni keltirib chiqarish bilan birga, ekologiya, piyoda va yo‘lovchilar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Lekin, poytaxtning jamoat transporti va yo‘l infratuzilmasi bu muammolarga hali munosib javob qaytara olmayapti. Shaharda yerosti va yerusti piyoda o‘tish yo‘laklari, avtoturargohlar yetishmaydi.
Shuningdek, poytaxtda 500 dan ziyod katta chorrahalar mavjud bo‘lib, ularning 200 tasida transport vositalarini o‘tkazish darajasi past. Jamoat transportidan bor-yo‘g‘i 33 foiz yo‘lovchi foydalanmoqda.
Masalan, bugungi kunda 80 ta yo‘nalishdagi avtobuslarning intervali tig‘iz paytlarda 30 daqiqagacha kechikkani aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois, kelgusi besh yilda shaharda o‘zaro uzviy bog‘langan barcha transport turlarini rivojlantirish dasturi qabul qilinadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Amaldagi davlat rahbarining ta’kidlashicha, Toshkent shahridagi quyidagi loyihalar ishga tushiriladi:
- yer usti transporti va metro yo‘nalishlari kesishuvida 16 ta yirik avtostansiya;
- Chilonzor, Yunusobod va Yashnobod tumanlaridagi shaharga olib kiruvchi 6 ta metro bekati atrofida avtoturargohlar;
- markaziy ko‘chalarda 40 ming avtomobillar uchun, 80 ta ko‘p qavatli avtoturargohlar;
- tirbandlik yuqori bo‘lgan ko‘chalarda 21 ta yo‘l o‘tkazgichlar;
- yer usti halqa metropoliteni yo‘lining 7 ta bekatdan iborat 13 kilometr uzunlikdagi «Qo‘yliq-Qipchoq» uchastkasi qurilishi yakuniga yetkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter