Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Auksiondagi «o‘yinlar». Toyloqda bizga nima yoqmadi?

Auksiondagi «o‘yinlar». Toyloqda bizga nima yoqmadi?

Toyloq tumani Samarqandda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan hududlardan. Bu yerda qishloq xo‘jaligi shu qadar yaxshi yo‘lga qo‘yilganki, havasing keladi. Bir qarich yer bo‘sh qolmagan, kerak bo‘lsa ikki-uch martalab hosil olinadi. Aholining daromadi ham shunga yarasha.

Tumanning baxtiga yetishtirilgan mahsulotni uzoqqa olib borish ham shart emas. Yaqinda aholisi bir milliondan oshishi kutilayotgan Samarqand shunday yonginasida — meva va sabzavotlarni bozorga olib chiqib, istagancha sotish mumkin. Qolaversa, tumanda «Tet agro oil» qo‘shma korxonasi bor. Bu yerga pomidor olib kelib topshiradiganlar shu qadar ko‘pki, yuk mashinalarining navbati yuzlab metrga cho‘ziladi.

Yana baliqchilik, kartoshka klasteri qatorida bir qator foydali ishlar qilingan.

Xo‘p, tumanda ishlar yaxshi ekan, unda nimadan norozi bo‘lmoqdamiz? Bizga nima yoqmadi?

Demak, boshladik. Oldin ozgina raqamlarga to‘xtalsak.

— Joriy yilning yanvar-iyul oylarida yangi kichik tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etish faqat 86 foizga bajarilgan.
— Tumanda joriy yilning 2019 yilda tashkil etilgan 388 ta kichik tadbirkorlik sub’yektlaridan 68 tasi, ya’ni 18 foizi faoliyat ko‘rsatmayapti.
— O‘tkazilgan xatlovlarda maydoni 2,1 gektarlik 54 ta bo‘sh yer uchastkasi aniqlangan bo‘lib, shundan faqat 24 tasi auksionga chiqarilgan.

Yuqoridagi statistikadan ko‘rinib turibdi, tumanda vaziyat bir tomonda yaxshi bo‘lsa, boshqa tomonda ancha jiddiy. Ammo keling, dastlabki ikkita masalani keyinga olib qo‘yaylik. Har holda yangi kichik tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etish va mavjudlari samarali faoliyat yuritishiga pandemiya halal bergan bo‘lishi mumkin. Shu bois bu masalani ko‘tarmay turamiz.

Ammo bo‘sh turgan yer uchastkalarini auksionga chiqarishga nima to‘sqinlik qildi? Axir savdo onlayn o‘tkaziladi-ku!

Toyloqda qishloq xo‘jaligiga qarashli barcha yerlar sug‘orilishi haqida aytdik. Shu bois tadbirkorlik uchun bir qarich bo‘sh yer topishning o‘zi muammo. Borini esa, yashirishadi. Ha, yashirishadi. Buni boshqacha atab bo‘lmaydi. Yuqorida 54 ta bo‘sh yer uchastkasidan 24 tasi onlayn savdoga chiqarilganini aytdik. Qolgan 30 tasi qayerda qolganini bilasizmi? Hozir aytamiz.

Shundan 7 tasi rad etilgan. Afsuski qanday asosga ko‘ra rad etilganini surishtirishga imkon bo‘lmadi. Yana 3 tasining ko‘rib chiqilishi muddati yakuniga yetmadi. Tekshiruvchilar omon bo‘lishsin, agar ish shu tahlit davom etsa, ularning ham muddati o‘tib ketishi aniq. Chunki qolgan 20 ta yer uchastkasini ko‘rib chiqish muddati allaqachon o‘tib ketgan bo‘lib, Toyloq tuman yer resurslari va kadastri bo‘limida chang bosib yotibdi.

O‘zi shundoq ham 9 ta idorada, 26 kunda ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan ishlar muddati yana 22 kun asossiz o‘tib ketganiga nima deysiz?

Yurtimizda kambag‘allik muammosi tan olinib, unga qarshi kurash boshlanganiga ancha bo‘ldi. Yuqorida ko‘rsatilgan yer uchastkalari qaysidir «Temir daftar»ga kirgan yurtdoshimiz koriga yarashi mumkinmidi? Yerni olib, ish boshlagan tadbirkor muhtojlarni ishga olib, kambag‘allikdan chiqishga yordam bermasmidi?

Savol ko‘p. Javobi esa mas’ullarning vijdoniga havola...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring