«Atlas bayrami» xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi
2022 yilning 20–22 oktabr kunlari Marg‘ilon shahrida «Atlas bayrami» V xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali bo‘lib o‘tadi. Festival O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, UNFPA’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi «Hunarmand» uyushmasi, Farg‘ona viloyati hokimligi, Marg‘ilon shahar hokimligi va Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi tomonidan o‘tkaziladi.
Bugun, 12 oktyabr kuni Turizm va madaniy meros vazirligi binosida ana shu festivalga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil qilindi. Matbuot anjumanida Xalqaro hakamlar hay’ati raisi Akbar Hakimov, Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, «Hunarmand» uyushmasi rahbariyati va Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov ishtirok etdi.
«Festivalning eng ahamiyatli jihatlaridan biri shuki, uning doirasida Marg‘ilon shahriga «Jahon ipak va ikat hunarmandlari shahri» maqomi beriladi, bu esa Marg‘ilonning Jahon hunarmandchilik kengashi tarmog‘iga kiritilishini ta’minlaydi. Mazkur maqom Marg‘ilonning o‘zbek hunarmandchiligini asrab-avaylashdagi muhim rolini yana-da oshiradi. Atlas bayramida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Malayziya, Hindiston, Turkiya, Tailand, Bangladesh, Indoneziya, AQSh, Latviya, Mo‘g‘uliston, Italiya va boshqa mamlakatlardan hunarmandlar, madaniyat arboblari, dizayner va mutaxassislar ishtirok etadilar», – dedi A.Abduhakimov.
Ta’kidlash kerakki, festivaldan oldin, ya’ni 16-19 oktyabr kunlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston hunarmandlari va dizaynerlari uchun an’anaviy to‘qimachilikning har xil turlariga bag‘ishlangan an’anaviy hunarmandchilik, etnik dizayn va tadbirkorlik bo‘yicha to‘rt kunlik treninglar o‘tkaziladi. Mazkur trening ishtirokchilariga sertifikatlar topshiriladi.
Tadbirda nutq so‘zlagan Sara Noshadi festivalning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
«Festival an’anaviy o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha «nou-xau»ni ommalashtirish orqali nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylashga hissa qo‘shadi, – dedi Sara Noshadi. – Shuningdek, o‘zbek to‘qimachiligining barcha turlarida, paxtachilikdan tortib ipak matolar, gilam va kashtachilik yoki kiyim-kechak dizaynigacha bo‘lgan barcha turdagi an’anaviy hunarmandchilikning sifati va dizaynini yaxshilashga ko‘maklashadi. Bundan tashqari, festival milliy va xalqaro hunarmandlar, ishlab chiqaruvchilar, an’anaviy to‘qimachilik bo‘yicha mutaxassislar, dizaynerlar va moda mutaxassislarini birlashtiradi»
Festivalning ochilish marosimi doirasida Marg‘ilon shahriga «Jahon ipak va ikat hunarmandlari shahri» maqomi beriladi, bu esa Marg‘ilonning World Crafts Council – Jahon hunarmandchilik kengashi tarmog‘iga kiritilishini ta’minlaydi. Mazkur maqom Marg‘ilonning o‘zbek hunarmandchiligini asrab-avaylashdagi muhim rolini yanada oshiradi.
Qayd etish kerakki, festivalda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Malayziya, Hindiston, Turkiya, Tailand, Bangladesh, Indoneziya, AQSh, Latviya, Mo‘g‘uliston, Italiya va boshqa mamlakatlardan hunarmandlar, madaniyat arboblari, dizayner va mutaxassislar ishtirok etadilar. Ularning ishtiroki esa an’anaviy to‘qimachilik sohasidagi uslublar, naqshlar, an’ana va texnikalar haqida fikr almashish imkonini beradi. Ularning ishtiroki mahalliy va yosh hunarmandlar uchun muhim ilhom manbai bo‘ladi. Hindistonning O‘zbekistondagi turizm elchisi, taniqli modeler Ritu Beri xonim kabi san’at namoyandalari o‘z ishtiroklari bilan festivalga ko‘rk bag‘ishlaydi.
Festival dasturidan shuningdek, xalqaro konferensiya, davra suhbati, moda namoyishlari va ko‘rgazma kabi boshqa yirik tadbirlar ham o‘rin olgan. Xususan, «Zamonaviy dunyoda an’anaviy to‘qimachilikning o‘rni» xalqaro konferensiyasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi, unda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Hindiston, Italiya, Bolgariya, Mo‘g‘uliston, Rossiya va boshqa mamlakatlar va mintaqalardan 15 nafarga yaqin ma’ruzachilar ishtirok etishi rejalashtirilgan. Konferensiya materiallari O‘zbekistonda an’anaviy to‘qimachilik va kiyim-kechak dizaynining hozirgi holatini rivojlantirish strategiyasini baholash va ishlab chiqishning muhim ko‘rsatkichiga aylanadi.
Qolaversa, «Buyuk ipak yo‘li merosxo‘rlari» an’anaviy to‘qimachilik xalqaro ko‘rgazmasi ham boshlanadi, unda turli mamlakatlar vakillari ishtirokida turli to‘qimachilik hunarmandchiligi namoyish etiladi. Shu bilan birga, festivaldan an’anaviy mato va gilam ishlab chiqarish bo‘yicha master-klasslar, teatrlashtirilgan va musiqali tomoshalar, hunarmandchilik yarmarkasi, Markaziy Osiyo, Osiyo-Tinch okeani va Yevropa dizaynerlarining moda namoyishlari, an’anaviy o‘zbek ijrochilari ishtirokidagi gala-konsert ham o‘rin olgan.
Albatta, bu tadbirlar birgalikda o‘zaro tajriba almashish va o‘rganish uchun platforma yaratadi hamda O‘zbekistondagi boy va qadimiy hunarmandchilik an’analari haqida mahalliy va xalqaro xabardorlikni oshirishga yordam beradi.
Ma’lumot uchun: «Atlas bayrami» an’anaviy to‘qimachilik festivaliga 2015 yilda asos solingan.
Festivaldan ko‘zlangan maqsad an’anaviy o‘zbek to‘qimachilik sohasida nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash va targ‘ib qilish, shuningdek, o‘zbek to‘qimachiligining barcha yo‘nalishlarida, paxtachilikdan tortib, ipak gazlamalar, gilamlar, kashtachilik yoki moda dizaynigacha bo‘lgan an’anaviy hunarmandchilikning sifati va dizaynini yaxshilash. Bundan tashqari, festivalning uzviy maqsadlari – o‘zbek to‘qimachilik an’analariga bo‘lgan bilim va qiziqishni keyingi avlodlarga yetkazishni ta’minlash, an’anaviy to‘qimachilik sohasida xalqaro tajriba almashish uchun platforma yaratish, o‘zbek to‘qimachilik sanoatining xalqaro maydonda e’tirof etilishiga hissa qo‘shishdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter