Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Asl bahoni xalq bersin, soxta ovozlar emas...

Asl bahoni xalq bersin, soxta ovozlar emas...

Foto:«Belta.by»

Xabaringiz bor, yaqinda Andijon viloyati hokimligi bir tashabbusni ilgari surgan edi. Yoshlar tuman hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlangandi.

Bu esa kimgadir erish tuyildi, yana birov esa yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kerak, deya olqishladi. To‘g‘ri, 10 kun katta davr emas. Qisqa fursat ichida yoshlar vakolati doirasida o‘z iqtidorini namoyon qilishga harakatda bo‘ldi. Shu o‘rinda bir gap, hali ulardan olamshumul yangilikni kutishga haqqimiz yo‘q.

Kuni kecha Andijon viloyati hokimligi Matbuot xizmati o‘z telegram kanalida ushbu yosh hokimlarga ovoz berishni so‘rab, so‘rovnoma joylashtiribdi. Bu esa yoshlar orasida soxtalikning ildiz otmasligiga, «trollar fabrikasi» paydo bo‘lmasligiga kim kafil bo‘ladi? Asl mehnat qilgan soyada qolib, yaqinlaridan so‘rovnomada ishtirok etib, unga ovoz berishini so‘raganlar e’tirof etiladimi?

Menimcha, bu nomaqbul usul. So‘rovnoma bo‘lgandan keyin ochiq-oydin bo‘lishi kerak. Faqat raqamlar emas, aksincha har bir ovoz beruvchi o‘z izohini qoldirsin. Nega shu insonga ovoz berganini baralla aytsin. Kamchiligini ham, yutug‘ini ham keltirsin. Bu yoshlarning kelajagiga ijobiy ta’sir qiladi, nazdimda.

Boz ustiga, shu tumandagi aholi 10 kun mobaynida yoshlar tomonidan olib borilgan ishlarga munosib bahoni bersin. Viloyat hokimi shu jihatlarga e’tibor bersa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

Vaholanki, asl bahoni qandaydir raqamlarga asoslangan soxta ovozlar emas, aksincha xalq beradi.

Siz nima deysiz?

Jonibek Ma’rupov,
jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring