Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Artistparastlik. U barcha jamiyatlarda bor, ammo…

Artistparastlik. U barcha jamiyatlarda bor, ammo…

Foto:«Xabar.uz»

Kuni kecha shou-biznesimiz «qirolicha»laridan birining chekka tumanda, tumonat odam qarshisida qo‘shiq kuylagani videosi tarqaldi. Odamning ko‘pligidan tanga otsangiz yerga tushmaydi. Aksiga olib, muxlislar nuqul yigitlar…

Mazkur video ortidan ijtimoiy tarmoqda yana qarama-qarshiliklar avj oldi: «mana bizning ahvolimiz, bitta artistga shunchalik taloto‘p» deya muxlislarni yomon ko‘rganlar ham bo‘ldi, «bayram qilishga hammaning huquqi bor. Xursandchilik qilayotgan odamlarga g‘ayirlik qilmaylik» deganlar ham bo‘ldi.

Aslida yuqoridagi holatga o‘xshashlarini G‘arbda ham kuzatish mumkin: bir necha yil avval kanadalik Jastin Biberning Parij, London, Rim va Yevropaning boshqa shaharlardagi gastrollarida xonandaning mashinasi ortidan yugurgan yuzlab qizaloqlar, Rossiyadagi «Crocus city hall»ga kelgan bir ingliz rok guruhini «nafas olish»ga qo‘ymagan minglab tomoshabinlar. Biroq...

Chiroqchi tumanidagi bayramda qatnashganlardan biri bilan suhbatlashdim. Uning aytishicha, mashhur xonandalarning tashrifi hududda ko‘p kuzatiladi. E’tiborli tomoni, mushuk tekinga oftobga chiqmaganidek, shou-biznes vakillari bu yerlarga shunchaki rahmat eshitish uchun kelishmaydi...

«Bizning qishloqda Navro‘z bayramini sinfdoshlar qilib beradi. Masalan, bir yil 1981 yili tug‘ilganlar  qilib bersa, keyingi yil 1982 yili tug‘ilganlar… Ular bayramga qo‘shiqchi olib kelish, palov damlash va boshqa xarajatlarni o‘z bo‘yniga oladi. Bu yil 4 million so‘mdan yig‘ildi. 10 ta qozonda palov damlandi. Rossiyada, Toshkentda ishlab yurgan bormi, qo‘shni tumanlarda mardikorchilik qilganlar bormi, hammasi pul berdi. Topolmaganlar uyidagi molini sotdi. Xullas, bayram uchun pul yerning tagidan bo‘lsa ham topildi. To‘g‘ri, bu xalqning puli, uni nimaga sarflash hammaning o‘ziga havola. Ammo… qishlog‘imizdagi yo‘llarning aksariyati dabdala. Maktabdagi sharoitlar ham haminqadar. Kasal yotgan beva-bechoralarni-ku aytmay. Xullas, artistga, o‘yin-kulgiga topiladigan pul bularga kelganda chiqmaydi», – deydi bayram qatnashchisi R.Temirov.

Esingizda bo‘lsa, xuddi shu tumanda joylashgan maktablardan birining xarob ahvoli barchani ta’sirlantirgandi.

Shu yerda ozgina mulohaza: bugun o‘yin-kulgiga sarflagan shuncha pulimizni maktablarga, turmushimiz farovonligi uchun sarflasak, erta uning rohatini o‘zimiz ko‘rmaymizmi? Xonanda yarim soat kelib qo‘shiq aytib ketadi, shuning o‘rniga bitta maktabga 10 ta kompyuter sovg‘a qilsak, o‘quvchilar bir necha yil foydalanmaydimi? Nega artist uchun qo‘llab-quvvatlangan va amalga oshirilgan tashabbus ta’lim va turmushga kelganda «oqsaydir»?!

Bayram videosiga yozilgan izohlarda bir foydalanuvchining fikri e’tiborimni tortdi. «Qishloqda klub, madaniy muassasa bo‘lmaganidan keyin kishilar shunday to‘planib, qo‘shiqchiga peshvoz chiqsa bundan yomonlik izlamaslik kerak. Hamma o‘zidan kelib chiqqan holda yashaydi. Xursandchilik qilishibdi, baraka topishsin. Har bir voqeadan illat izlash yaxshimas». Bu fikrda ham jon bor. Bayram bu bayram, har kim xursandchilik qilish huquqiga ega. Ammo eng asosiy faktor – aholi turmushi yaxshi bo‘lmagan sharoitda «Sichqon sig‘mas iniga – g‘alvir bog‘lar dumiga» qabilida ish qilishning nima keragi bor? Fuqaro peshona teri bilan topgan pulini umrida ko‘rmagan xonandaning tashrifidan ko‘ra farzandining ta’lim olishi uchun sarflagani ma’qulroq emasmi? Kelajakda qaysi biri meva beradi?

O‘ylaylik, mulohaza qilaylik, o‘zgaraylik.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring