AQSh O‘zbekistonga taqdim etgan oziq-ovqat mahsulotlari kimlarga atalgan?

AQSh hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistonga qiymati qariyb 400 ming dollarlik 131 320 kg oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berdi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur yordam 144 dan ortiq sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasalari orqali 35 mingdan ziyod ehtiyojmand o‘zbekistonlikka yetkaziladi.
Vitamin va minerallar bilan boyitilib quritilgan sabzavotlar va dukkakli mahsulotlardan iborat mazkur yordam koronavirus bilan bog‘liq karantin xizmatlari ko‘rsatayotgan, sil bilan og‘rigan bemorlarga g‘amxo‘rlik qilayotgan muassasalar, shuningdek, mehribonlik uylari va ruhiy kasalliklar shifoxonalariga atalgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, 2009 yildan buyon USAID xalqaro oziq-ovqat dasturi doirasida O‘zbekistonga qiymati 3,2 million dollardan ortiq bo‘lgan 1163 tonna oziq-ovqat taqdim etgan. Insonparvarlik yordamining navbatdagi partiyasi esa sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltirgan 122 million dollarlik uzoq muddatli sarmoya hamda so‘nggi 20 yil ichida ko‘rsatilgan bir milliarddan ortiq umumiy yordamga asoslanib tashkillashtirildi.
Qayd etilishicha, ushbu ko‘mak «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi va Amerikaning «Resource and Policy Exchange, Inc. (RPX)» nodavlat-notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda tarqatiladi.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda AQSh hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistonning koronavirusga qarshi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha ko‘mak ajratishini e’lon qilgan edi.
Joriy yil 26 mart kuni Davlat kotibi Mayk Pompeo Qo‘shma Shtatlar koronavirus pandemiyasi xavf solayotgan 64 mamlakatni qo‘llab-quvvatlash uchun favqulodda vaziyatda insonparvarlik yordami sifatida 274 million dollar safarbar etilganini ma’lum qilgan.
Ushbu yordam doirasida USAID O‘zbekistonda keng ko‘lamli test uchun laboratoriya tizimlarini tayyorlash, sog‘liqni saqlash muassasalarida infeksiya tarqalishining oldini olish va nazorat qilish, koronavirus nazorati va unga tezkor javobni kuchaytirish borasida mablag‘ ajratadi.
AQShning yurtimizdagi elchisi Deniyel Rozenblyum oziq-ovqat mahsulotlarini topshirmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter