AQSh O‘zbekistonga qo‘shimcha 2,5 million dollar ajratdi
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash doirasida O‘zbekistonga qo‘shimcha 2,5 million dollar ajratdi. Ushbu mablag‘ dori vositalari sifatini ta’minlash va mamlakatda vaksinaga nisbatan ishonchsizlikni bartaraf etish uchun yuqori darajadagi texnik yordam ko‘rsatishga sarflanadi. Shu tariqa Qo‘shma Shtatlar hukumatining pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha keng qamrovli global chora-tadbirlari doirasida O‘zbekistonga ajratgan ko‘magi 16 million dollardan oshdi.
«O‘zbekistonda to‘liq emlanganlar soni asta-sekin o‘sib bormoqda. Ammo pandemiya hali tugamadi – virus butun mamlakat bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda va yangi variantlar global miqyosda doimiy xavf tug‘dirmoqda. Pandemiyaga barham berish barchaning xavfsizligini ta’minlash, hayotlarni saqlab qolish va global iqtisodiyotni tiklash uchun juda muhim», – deydi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit.
Pandemiya boshlanganidan beri USAID O‘zbekiston hukumati bilan bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik qilib keldi. Bunga test sinovlari o‘tkazish uchun milliy laboratoriya tizimlarini mustahkamlash; laboratoriya va sog‘liqni saqlash muassasalarida infeksiyaning oldini olish va nazorat qilish; diagnostika salohiyatini kuchaytirish, COVID-19 kuzatuvini va tezkor javobni oshirish; kasallik yuqtirganlarni davolashni takomillashtirish; shuningdek, aholining COVID-19 haqida xabardorligini oshirish, jamoatchilikni jalb qilish va ko‘ngillilarni safarbar etish kabilar misol bo‘ladi.
Joriy yil oktyabr oyida ham AQSh koronavirusga qarshi kurashish doirasida O‘zbekistonga 800280 doza «Pfizer» vaksinasini hadya qilgan edi. Ushbu hadya AQSh hukumatining koronavirus bilan bog‘liq global COVAX tashabbusi orqali dunyo bo‘ylab beg‘araz tarqatayotgan xavfsiz va samarali 1,1 milliard doza vaksinaning bir qismidir.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil sentyabrda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistonda missiyasini ochganini e’lon qildi. Bunga qadar agentlik idorasi Markaziy Osiyodagi missiyaning bir qismi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Qayd etilishicha, mamlakatda to‘laqonli missiya tashkil etilishi agentlikka O‘zbekiston hukumatining keng ko‘lamli iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlarini yanada qo‘llab-quvvatlash bilan birga xususiy biznes, nodavlat tashkilotlar va mustaqil ommaviy axborot vositalari faoliyatini kuchaytirishiga hissa qo‘shadi.
USAID O‘zbekistonga iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, xususiy sektorni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv resurslarini boshqarish, qonun ustuvorligini takomillashtirish, migratsiya va odam savdosi bilan bog‘liq yo‘nalishlarda ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Amerika xalqi USAID orqali 1993 yildan beri O‘zbekistonga 500 million dollardan ortiq sarmoya kiritdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter