Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh O‘zbekistonga 131 tonna oziq-ovqat ko‘magi yetkazib berdi

AQSh O‘zbekistonga 131 tonna oziq-ovqat ko‘magi yetkazib berdi

AQSh O‘zbekistonga qiymati 410 ming dollarga teng bo‘lgan 131 tonna oziq-ovqat yordami yetkazib berdi. Qo‘shma Shtatlar Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali keltirilgan yuk to‘yimli sabzavotlar va dukkaklilar aralashmasidan iborat. Xayriya ko‘magi sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya muassasalari va yordamga muhtoj oilalarga tarqatiladi.

AQSh elchixonasi xabariga ko‘ra, O‘zbekistonga keltirilgan ushbu gumanitar yordam Vashingtonning sog‘liqni saqlash sohasiga kiritgan 122 million dollardan ziyod uzoq muddatli sarmoyasining davomidir. So‘nggi 20 yil mobaynida ko‘rsatilgan umumiy yordam qiymati 1 milliard dollardan oshgan.

«Biz birgalikda mamlakat bo‘ylab muhtojlarga oziq-ovqat yordami tarqatilishining 13-bosqichini amalga tatbiq etmoqdamiz. Bu oziq-ovqat ta’minoti O‘zbekistonda aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishning amaldagi tizimini mustahkamlaydi», – deydi USAIDning mamlakatimizdagi missiyasi direktori Mikaela Meredit.

Mazkur yordam 98 ta sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasasiga tarqatiladi. Shu tariqa xayriya loyihasi yurtimizdagi 35 ming nafar yordamga muhtoj fuqarolar, xususan, sil xastaligiga chalingan bemorlar, mehribonlik uylari, keksalar va nogiron bolalarni parvarishlash muassasalarini qamraydi.

2010 yildan buyon USAIDning oziq-ovqat ko‘magini berish xalqaro hamkorlik dasturi doirasida O‘zbekistonga qiymati 4 million dollardan ortiq 1425 tonna oziq-ovqat yordami yetkazilgan. Beg‘araz yordam sifatida ajratilgan oziq-ovqat mahsulotlari Amerikaning notijorat tashkiloti – «Resource and Policy Exchange» tomonidan «Sog‘lom avlod uchun» xayriya jamg‘armasi bilan hamkorlikda tarqatiladi.

Avvalroq AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi bilan imzolangan ta’lim tizimini rivojlantirishga ko‘mak grant shartnomasiga (DOAG) qo‘shimcha 5,35 million dollar ajratgani xabar qilingan edi.

Joriy yil sentyabr oyida esa USAID O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda yoshlarning ishga joylashish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan 10 million dollarlik dasturni (YES) ishga tushirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring