Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh davlat kotibi Toshkentda o‘quvchilar bilan nima haqda suhbatlashdi?

AQSh davlat kotibi Toshkentda o‘quvchilar bilan nima haqda suhbatlashdi?

Foto: Twitter / Secretary Antony Blinken

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 1 mart kuni rasmiy muzokaralar orasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurib, Access dasturi doirasida ingliz tilini o‘rganayotgan bir guruh maktab o‘quvchilari bilan uchrashdi.

O‘quvchilar yuqori martabali mehmonga Amerikada Prezident kuni bayrami, shuningdek, sevimli filmlari, taomlari va mashg‘ulotlari haqida so‘zlab berdilar. E.Blinken bolalarning bilimga bo‘lgan ishtiyoqini ijobiy baholab, xorijiy tilni o‘rganish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

«Men ham (oilam bilan) aynan sizlarning yoshingizda – balki undan ham barvaqtroq – AQShdan Fransiyaga ko‘chib borganman. O‘shanda fransuz tilini o‘rganishimga to‘g‘ri kelgan. Sirasi, xorijiy tilni o‘rganish qanchalik qiyin ekanini unutganimcha yo‘q. Lekin bu juda ajoyib mashg‘ulotdir. Chunki xorijiy til sizga tafakkuringiz yuksalishi uchun imkoniyat tuhfa qiladi», – dedi AQSh bosh diplomati.

Yuqori martabali mulozim ayni vaqtda kundalik hayot va ilm-fanda ingliz tilining ahamiyati oshib borayotgan, u xalqaro tilga aylanganini ta’kidlab, yoshlarni uni yanada mukammal o‘rganishga chorladi.

U Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitishga alohida e’tibor qaratayotgani, 15 ming nafar ingliz tili o‘qituvchilari malakasi oshirilishi, 10 mingta maktab darsliklar bilan ta’minlanishi haqida ham so‘zladi.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi amalga oshirayotgan Access (Ingliz tilini o‘rganish uchun mikrostipendiya) dasturi ham shu yo‘nalishdagi loyihalar sirasiga kiradi. 2022 yil noyabr oyida boshlangan ikki yillik dastur doirasida iqtisodiy ahvoli og‘ir oilalarning iqtidorli bolalari darsdan tashqari mashqlar va yozgi intensiv mashg‘ulotlarda ingliz tili asoslarini o‘rganadi. O‘zbekiston bo‘ylab ochilgan 17 ta Access markazlarida 700 dan ortiq o‘quvchi ingliz tilidan saboq olmoqda.

Davlat kotibining tig‘iz siyosiy muzokaralar orasida ta’lim maskaniga tashrif buyurgani va yoshlar bilan uchrashgani AQSh O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitishga katta ahamiyat berayotganining yana bir tasdig‘idir.

E.Blinken rasmiy Twitter sahifasida ma’lum qilishicha, AQSh hukumati 2018 yildan beri O‘zbekistonda ingliz tilini o‘rganish va o‘qitish uchun 25 million dollardan ortiq mablag‘ ajratdi.

Mamlakatimizda 2020 yildan amalga tatbiq etilayotgan «Ingliz tilida so‘zlashadigan millat» (English Speaking Nation) dasturi doirasida o‘qituvchilar malaka oshirmoqda. Avval xabar berganimizdek, amerikalik ingliz tili murabbiylari allaqachon yurtimizda ish boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil may oyida Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida ta’lim bo‘yicha ikkita kelishuvga erishilgan. Unga muvofiq Qo‘shma Shtatlar oliy o‘quv yurtlari hamda Markaziy Osiyo universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitish uchun moliyaviy ko‘mak dasturlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

2020 yil 28 sentyabr kuni imzolangan muhim kelishuvga ko‘ra, AQSh hukumati kelgusi besh yil davomida mamlakatimiz ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million dollar mablag‘ ajratadi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh davlat kotibi 1 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ham ingliz tilini xalqaro valyutaga qiyoslab, uni o‘rganish akademik liderlik almashinuv dasturlari va munosib kasb-kor eshiklarini ochishini ta’kidladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring