Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anomal issiq? «O‘zgidromet» xavotirli chiqishlarga munosabat bildirdi

Anomal issiq? «O‘zgidromet» xavotirli chiqishlarga munosabat bildirdi

Foto: «Xabar.uz»

«O‘zgidromet» 2023 yil yoz faslining birinchi oyi prognozlarini taqdim qildi.

Mintaqamizning iqlim sharoitiga ko‘ra, O‘zbekistonda, shuningdek, O‘rta Osiyoning barcha hududlarida yoz uzoq vaqt issiq va quruq bo‘ladi.

Bunga qaramay, turli yillardagi yoz fasllari bir-biridan farq qiladi. Shunday yillar borki, jazirama issiq ancha uzoq vaqt davom etadi. Harorat tartibi aholi uchun nisbatan qulay bo‘ladigan yillar ham kuzatiladi.

Biroq, so‘nggi yillarda yoz fasllarining o‘rtacha harorati tez-tez o‘rtacha yillik qiymatlardan oshib bormoqda. XXI asr boshidan beri faqat 2003 va 2009 yillardagi yoz fasllari me’yordan biroz sovuqroq, boshqa barcha yoz fasllari esa me’yor atrofida va undan iliqroq bo‘ldi. 2015 yildan boshlab barcha yoz fasllarining harorati me’yordan yuqori bo‘ldi.

Kelayotgan yoz fasli qanday bo‘ladi?

Deyarli har yili aholi orasida va hatto ba’zi ommaviy axborot vositalarida yaqinlashib kelayotgan yoz fasli anomal (g‘ayritabiiy) issiq, barcha kuzatuv yillari uchun eng issiq bo‘ladi degan ma’lumotlar paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, ba’zi xayoliy harorat qiymatlari aytiladi, ular odatda bu hudud uchun umuman to‘g‘ri kelmaydi.

Bunday ma’lumotlar odatda hech qanday ilmiy asosga ega emas. Meteorologiya fani bir vaqtning o‘zida bir necha oyga oldin harorat fonini prognoz qila olmaydi.

Mutaxassislar kelayotgan yoz haqida nima deyishlari mumkin?

Birinchidan, bugungi kunda yuqori aniqlik bilan biz faqat iyun — yozning birinchi oyi haqida gapirishimiz mumkin.

Joriy yilning iyun oyi o‘rtacha issiq ob-havo bilan boshlanadi. Oyning eng boshida havo harorati 34-37 daraja atrofida bo‘ladi. Ikkinchi besh kunlikda issiq 37-40 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 40-43 darjagacha ko‘tariladi va bunday harorat ikkinchi o‘n kunlikning boshigacha saqlanib turadi.

Birinchi o‘n kunlik davomida O‘zbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat tog‘li hududlarda ayrim kunlarda mahalliy momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin.

Iyun oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida issiq qisqa muddatga biroz kuchsizlanish davrlari bilan harorat asosan 36-39 daraja, respublikaning shimolida, janubida va cho‘l hududlarida 42 daraja atrofida bo‘ladi.

Umuman olganda, iyun oyi me’yordan 2-3 darajaga iliqroq bo‘ladi.

Ayrim kunlarda ba’zi joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, umuman olganda, iyun oyidagi yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda.

Iyul va avgust oylari uchun ob-havo prognozlari faqat ehtimollik shaklida tuzilishi mumkin — bu uzoq muddatli prognozlarga eng to‘g‘ri va aniq yondashuvdir.

Iyul va avgust oylarida 60-70% ehtimollik bilan harorat foni me’yordan biroz yuqori va uning atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Yoz anomal issiq bo‘lmaydi, biroq haroratni 40-42 darajagacha, respublikaning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida 43-45 darajagacha ko‘tarilib, juda issiq ob-havoning ayrim davrlari ham istisno qilinmaydi. Bu bizning O‘rta Osiyo iqlimimizning xususiyatlaridan biridir, deyiladi «O‘zgidromet» tahlilida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring