Andijondagi yagona ayol hokim yangi isitish tizimi sinovdan o‘tkazilayotganini ma’lum qildi

Bo‘ston tuman hokimi Sadbarxon Mamitova 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha xalqqa hisobot berdi. Hisobotdan so‘ng deputatlar tumandagi bir qator muammoli jihatlar bo‘yicha hokimni savolga tutdi.
Elektr tizimi
Deputatlar tomonidan ma’lum qilinishicha, Bo‘ston tumanida joriy yilda 5 ta yangi transformator o‘rnatilgan va 20 tasi ta’mirlangan. Ammo shunga qaramay elektr energiyasi tizimida uzilishlar kuzatilmoqda. Deputatlarning savoli quyidagicha bo‘ldi: kuz-qish mavsumi oldidan qilingan ishlar yetarli bo‘ldimi?
«Aholiga elektr yetkazishda muammolar hal qilingan, deb ayta olmayman. Mahallalarda aholi ko‘payib, iste’mol oshib ketgani uchun muammolar yuzaga kelmoqda. Ilgari bitta xonadonda faqat chiroq bilan bitta televizor uchun elektr sarflanardi. Ikki-uch xonadonning bittasida sovutkich bo‘lardi. Hozir esa Xudoga shukr, deyarli har bir uyda konditsioner bor. Har bir xonaga alohida televizor o‘rnatilgan uylar bor. Yana boshqa elektr uskunalarini inobatga olish kerak. Iste’mol oshib ketgani sababli 2021 yilda transformatorlar qayta ko‘rib chiqiladi va yangilarini o‘rnatish dasturi bo‘yicha viloyat elektr boshqarmasiga taqdim etiladi», — deya aytib o‘tdi Sadbarxon Mamitova.
Sport
Tumanda bir qator sun’iy maydonlar qurilganiga qaramasdan markaziy o‘yingoh ta’mirtalab holatda bo‘lib turibdi. Bo‘ston tuman hokimining ma’lum qilishicha, stadion to‘liq ta’mirdan chiqariladi.
«O‘yingohni ta’mirlash uchun 6,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Men hokim bo‘lib tayinlanganimdayoq yoshlar tomonidan ushbu masala ko‘tarilgan edi. Biz nafaqat futbol maydoni, balki butun sport kompleksini ta’mirlaymiz. Tumanda zamonaviy sport zali bo‘ladi va fuqarolarimiz bemalol sport bilan shug‘ullanishi mumkin».
Yangi isitish tizimi
BO‘ston tumanida namuna sifatida yangi zamonaviy issiqlik tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda. Turkiya texnologiyasi asosida o‘rnatilgan yangi issiqlik tizimi qanday samara bermoqda? Hokim shu savolga javob qaytardi:
«Har bir ishni o‘z egasi qilishi lozim. Klasterlar tizimi bunga yaqqol misol. O‘tgan yili bitta bog‘cha va tibbiyot muassasasini Turkiyada ishlab chiqarilgan tizim bilan isitgan edik. Bu tajriba yaxshi samara berdi. Shundan so‘ng ijtimoiy soha ob’yektlarini to‘liq ta’minlashga qaror qildik. Hozirda tizim tumanda sinov tariqasida ishlab turibdi.
Isitish tizimini o‘rnatayotgan pudratchiga keladigan bo‘lsak, unga hech kim buyurtmani shunchaki berib qo‘ygani yo‘q. Biz barcha ijobiy va salbiy jihatlarni tahlil qilib chiqdik. Tuman shu vaqtga qadar ijtimoiy soha ob’yektlarini isitish uchun kuz-qish mavsumida 4 milliard so‘mdan ortiq sarflagan. Bu harajatlarga ko‘mir, maosh va boshqa jihatlar kiradi. Hammasi hisob-kitob qilingandan so‘ng yangicha tizim 3 milliard 100 million so‘m sarflashi aniqlandi. Shu tariqa 1 milliard 200 million so‘m tejab qolinmoqda.
Yana bir jihatni unutmaslik lozim — har bir maktab yoki bog‘chada omborchi bor, ko‘mirni olib keluvchi va o‘t yoquvchi bo‘ladi. Ijtimoiy soha ob’yekti davlatniki bo‘lgandan so‘ng talon-taroj holatlari ham ro‘y berishi mumkin. Shunday emasmi? Yangi tizimda esa isitish tizimi to‘lig‘icha klasterga topshiriladi. Shu tariqa talon-taroj holatlariga chek qo‘yiladi.
Bundan tashqari Turkiyadan keltirilgan kotyollarga 16 yillik kafolat berilyapti. O‘zimizda ishlab chiqarilgani esa nari borsa bir yilga kafolat beradi. Farqi bormi? Shuning uchun ham isitish tizimini Bo‘ston tumanida namuna tariqasida tajribadan o‘tkazishni o‘zimiz istadik. Hozir 14 ta maktab va tibbiyot muassasalari isitilyapti. Muammo yo‘q, farzandlarimiz maktabda palto kiyib o‘tirmasdan, bemalol dars olyapti. Yana bir jihat — yangi isitish tizimi birinchi navbatda elektr ta’minotida muammo bo‘lgan hududlarga o‘rnatildi», — deya ta’kidlab o‘tdi Sadbarxon Mamitova.
Tuman hokimining chiqishidan so‘ng Bo‘ston tumanidagi MTT rahbari Mavluda Sobirova isitish tizimi haqida fikr bildirdi.
— Maktabgacha ta’lim muassasalari karantindan so‘ng noyabr oyida qayta ochildi. Dastlab ota-onalar farzandini bog‘chaga berishni xohlamadi. Ammo muassasalarimiz yaxshi isitilgani tufayli keyin ularning o‘zlari bolasini olib kelishni boshladi. Hozirda Bo‘ston tumanida bog‘cha yoshidagi bolalarni qamrab olish ko‘rsatkichi 88 foizga yetgan. Bu borada isitish tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani katta ta’sir ko‘rsatdi...
Ma’lumot uchun: Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk marotaba hokimlar keng jamoatchilikka 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan murojaatnoma bilan chiqishlar qilmoqda. Xabar.uz axborot tahliliy portali ushbu murojaatlarda ko‘rsatilgan ishlar ko‘lamini o‘rganishda davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter