Andijonda IIB kapitanini kaltaklaganlardan biri topildi. Biroq qamoqqa olingani yo‘q
Andijonda Ichki ishlar organi kapitani ikki nafar fuqaro tomonidan kaltaklanganidan xabaringiz bor.
Holat yuzasidan X.B. va X.E. degan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 105-moddasi 2-qismi «i» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, gumondorlar qidiruvga berilib, ushlangan zahoti qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanishi belgilangani haqida ham xabar berilgandi.
Mazur jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, jabrlanuvchiga nisbatan tayinlangan sud-tibbiy ekspertizasining xulosasi ayon bo‘ldi. Ya’nikim, IIB kapitanida «bosh miya yopiq shikasti, bosh miya chayqalishi, chap tomon g‘alvirsimon suyak katakchalarining yopiq sinishi, burun to‘sig‘ining travmatik qiyshayishi, chap ko‘z qovoqlari qontalashi, teri osti gematomasi, chap ko‘z olmasi 2-darajali kontuziyasi, chap chakka sohasi shilingan jarohatlari» aniqlanib, mazkur tan jarohatlari hayot uchun xavflilik darajasiga ko‘ra, «o‘rtacha og‘ir» tan jarohatlari turkumiga kirishi ko‘rsatilgan.
Ikkinchi yangilik shuki, tergovga kelishdan bo‘yin tovlagani uchun qidiruvga berilganlardan biri - X. E. topilgan! Aytilishicha, u koronavirus yuqtirib davolanayotganligi sababli tergovga kela olmagan (hamkasbining basharasini «bejagan» shaxs shundoq burni ostidagi ekaniga qaramay IIB xodimlari uni qayerlardan qidirishgan - bu endi katta savol -tahr.). Uning kasallikdan keyingi holati va oila a’zolari tomonidan 30.000.000 so‘m garovga qo‘yganidan kelib chiqib, «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi «garov»ga o‘zgartirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24-sentyabr kuni Andijon shahar IIO FMB 1-sonli IIB tergov bo‘linmasi tergovchisi S.G‘. o‘zining boshqaruvida bo‘lgan «Damas» bilan (boshqaruvni yo‘qotishi natijasida) yo‘l chetidagi «Spark»ka borib uriladi. Bunga javoban «Spark» ichida bo‘lgan X.B. (haydovchi) va uning yonidagi X.E. IIB kapitani S.G‘. bilan janjallashib, unga tan jarohati yetkazishgandi.
Yuqoridagi bayonlardan anglashiladiki, sportchi ekani aytilayotgan X. E. topilgan. Ayni paytda «Spark» haydovchisi X. B. qidirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter