Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amudaryo ustidan o‘tuvchi qo‘shma ko‘prik qurilmoqda

Amudaryo ustidan o‘tuvchi qo‘shma ko‘prik qurilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 12-13-dekabr kunlari Xorazmga tashrifi davomida Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘lovchi, Amudaryo ustidan o‘tadigan yangi temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigini hamda Qorao‘zak tumanidan Amudaryo va Gurlan tumanlari orqali Shovot tumanigacha 80,2 kilometrlik temir yo‘l qurilishini amalga oshirish topshirig‘ini bergan edi.

Mutaxassislarning aytishicha, yangi quriladigan ko‘prik va ko‘prikka qadar bo‘lgan 10 kilometrga yaqin temir yo‘l hamda ko‘prikdan keyingi hududda 70 kilometrdan ortiqroq temir yo‘lning barpo etilishi natijasida 240 kilometr ortiqcha harakatlanishning oldi olinadi. Natijada avtomobil hamda temir yo‘l yo‘nalishida tashilayotgan yuklarning manzilga yetib borish vaqti ham 6 soatga qisqaradi.

Bundan tashqari, ushbu ko‘prik orqali o‘tayotgan yuklarning yillik samarasi 150 milliard so‘mga yaqin bo‘ladi. Shuningdek, bugungi kunda Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi temir yo‘l orqali tashilayotgan yuklarning o‘rtacha hajmi 12 million tonnani tashkil qilayotgan bo‘lsa, yangi ko‘prik hamda temir yo‘l qurilganidan so‘ng yuklar hajmi loyihaning o‘zini oqlash muddatiga yetib borgunga qadar 20-25 million tonna atrofida bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring