Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amerikalik yuqori martabali mulozim Toshkentda osh damladi

Amerikalik yuqori martabali mulozim Toshkentda osh damladi

“Palov diplomatiyasi”: Donald Lu va Bahriddin Chustiy.

Foto: AQSh elchixonasi

AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu Toshkentdagi «Human House» galereyasida mashhur oshpaz Bahriddin Chustiy bilan birgalikda palov pishirdi.

«O‘zbekistondagi biron ziyofat palovsiz o‘tmaydi. Mazali taom va an’analar biz amerikaliklar va o‘zbekistonliklarni o‘zaro yaqinlashtiradi», – deya xabar beradi AQSh elchixonasi.

Davlat kotibining yordamchisi Donald Lu 13 dekabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik muloqotining birinchi majlisida ishtirok etdi. Rasmiy xabarga ko‘ra, muzokarada ikki tomonlama hamkorlik, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlarning o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan konstruktiv muloqotni faol rivojlantirishga tayyorligi bildirildi.

Strategik sheriklik muloqotning ikkinchi majlisi Vashingtonda o‘tishi kutilmoqda.Foto: O‘zbekiston TIV

AQSh tomoni O‘zbekistonda olib borilayotgan demokratik o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi. Rasmiy Vashington vakili O‘zbekistonning Afg‘oniston xalqiga ko‘maklashish va turli sohalardagi loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlariga ham yuqori baho berdi.

Davlat departamenti saytida chop etilgan qo‘shma bayonotda qayd etilishicha, AQSh O‘zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi pozitsiyasida sobitdir.

Davlat kotibi yordamchisi O‘zbekistondagi iqtisodiyotni liberallashtirish, inson huquqlari va erkinliklarni ta’minlash, demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha islohotlarni olqishlagan va bu borada AQSh ko‘magi oshirilishini ma’lum qilgan.  Qo‘shma Shtatlar delegatsiyasi, shuningdek, mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi bo‘yicha ko‘makni ham yana bir karra tasdiqlagan.

«O‘zbekiston hukumati va tashqi ishlar vazirligiga birinchi AQSh–O‘zbekiston strategik sheriklik muloqotiga mezbonlik qilgani uchun minnatdorlik izhor etamiz. Tadbir muvaffaqiyatli o‘tdi va biz aloqalarimizni yanada mustahkamlash niyatida kelgusi yilgi muloqotni intiqlik bilan kutamiz!» – deya minnatdorlik bildirdi AQShning yurtimizdagi vakolatxonasi.

Eslatib o‘tamiz, ikki davlat strategik sheriklik bo‘yicha navbatdagi muloqotni 2022 yilda Vashingtonda uyushtirishga kelishib olgan.

C.Calim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring