Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Shodmonov: «Koronavirusni berkitishni hech qanday iloji yo‘q» (video)

Alisher Shodmonov: «Koronavirusni berkitishni hech qanday iloji yo‘q» (video)

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ning profilaktikasi va uning kirib kelishining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati, tegishli vazirlik va idoralar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov dunyoda koronavirusning epidemik holati va COVID-19ning mamlakatimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Vazirning qayd etishichpa, Prezidentning 2020-yil 29-yanvar kuni «O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoyishi qabul qilinib, tizimli choralar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir rahbarligida «Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasi»ning  yig‘ilishlarida ham bu borada kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalar belgilab berilgan.

Mamlakatimizdagi barcha havo va temir yo‘llarida tashkil qilingan sanitariya-karantin punktlari, hududlarda tuzilgan shtablar faoliyatini bugungi kun talabidan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqish, mehmonxonalar va korxonalar, mahalla, ichki ishlar organlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ularga davlat tomonidan qo‘yilayotgan talab, tavsiyalarni o‘z vaqtida yetkazish, tibbiy-patronaj xizmatini yanada yaxshilash, maktabgacha ta’lim, o‘rta maktab, oliy o‘quv yurtlari va jamoat joylarida sanitariya talablariga qat’iy rioya qilish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

O‘z navbatida, profilaktika va nazorat choralarini kuchaytirish maqsadida maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, oliy va o‘rta-maxsus ta’limi kabi kabi qator vazirlik va idoralari bilan qo‘shma qarorlar qabul qilindi.

— Joriy yilning 15 yanvaridan hozirgi kunga qadar respublika bo‘yicha tibbiy kuzatuvga olingan fuqarolardan 5 ming nafarga yaqini kuzatuvdan chiqarilgan, 1 542 nafar fuqarolarda tibbiy kuzatuv davom ettirilmoqda. Koronavirus qayd etilgan Xitoy va boshqa davlatlardan kelgan fuqarolardan epidemik va klinik ko‘rsatmaga asosan 1760 nafaridan laboratoriya tahlili uchun olingan biologik namunalarda koronavirus aniqlanmadi, — dedi Alisher Shodmonov.

Tadbirda ta’kidlanganidek, ayni paytda mamlakatimizga yuqumli kasalliklar, jumladan, COVID-19 infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida sanitariya-karantin punktlari xalqaro talab va mezonlar asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda ushbu punktlarda boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari ish olib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatuvchi shtab tashkil qilingan.

— Shu o‘rinda bir holatni aytib o‘tishimiz kerak. Har kuni respublikamizning qaysidir burchagidan koronavirus tarqalibdi degan mish-mishlar, feyk xabarlar tarqatilmoqda. Bu kasallikni yashirib bo‘lmaydi. Agar, xudo ko‘rsatmasin, u yurtimizga kirib kelgudek bo‘lsa, berkitishni hech qanday iloji yo‘q. Shuning uchun bizda bu yashirilyapti degan gap-so‘zlarga ishonmasligingizni so‘rardim, — dedi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘z ma’ruzasida.

Anjumanda, shuningdek, Sog‘liqni saqlash va epidemiologiya sohasida xalqaro espert, Amerika Mikrobiologiya jamiyati a’zosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Mixail Favorov dunyodagi epidemik vaziyat bo‘yicha dolzarb savollarga javob berdi. U 40 yildan ziyod umrini dunyoning turli mintaqalarida – Markaziy Osiyoda kam uchraydigan gepatit turlaridan tortib, Keniya va Malida turli yuqumli kasalliklarni o‘rganish va oldini olishga bag‘ishlagan.

Ayni paytda Mixail Favorov koronavirus infeksiyasi bo‘yicha dunyo va O‘zbekistondagi holatni o‘rganmoqda. Shu kunlarda u mustaqil xalqaro ekspert sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi bosh shtab mutaxassislari bilan birgalikda mamlakatimizga koronavirusning kirib kelish va tarqalishining oldini olish maqsadida ushbu sohada ixtisoslashgan tibbiyot muassasalaridagi tibbiyot xodimlariga maslahatlar bermoqda.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, xalqaro talab va tavsiyalarga muvofiq, koronavirus infeksiyasi bo‘yicha aholining epidemiologik farovonligini ta’minlash bo‘yicha profilaktika va ushbu infeksiyani kirib kelishiga qarshi nazorat  tadbirlari  amalga oshirilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring