«Akamning ko‘ziga qanday qarayman...»
Turkiyada to‘pponchadan o‘zini otgan (yoki otilgan) o‘zbekistonlik qiz dugonasiga o‘limidan oldin: «Akamning ko‘ziga qanday qarayman endi», degan gaplarni aytgan. Mana shu birgina gap qizning aybi yo‘qligini isbotlamaydimi? Mana shu birgina gap o‘zbek qizining o‘z nomusi uchun qayg‘urganini anglatmaydimi?
Deputat qizni ruhiy xastaga chiqardi. Dugonasi bilan uni yana fohishalikda ham aybladi. Qiz fohisha bo‘lgan taqdirda ham uning o‘limiga qanday aloqasi bor?.. Qiz ruhiy xasta bo‘lib qolgan bo‘lsa, uni keltirib chiqargan omillar, stresslar nimalardan iborat?
Avvalo, agar qiz fohishalikni bo‘yniga olgan bo‘lsa, osonlikcha depressiyaga tushmaydi. Vijdoni bor ayol fohishalik qilmaydi, vijdoni yo‘q ayol fohishalikdan tap tortmaydi, demak vijdon yo‘qmi ruhiy kasallikka ham osonlikcha chalinmaydi. Chunki ruhiy xastalik avvalo o‘z-o‘zini ayblashdan, aybdorlik hissidan boshlanadi. O‘zi xohlamagan ayol, zo‘rlangan ayol, zo‘rlik orqali fohishaga majburan aylangan ayol stressga tushadi va ruhiyatida buzilish sodir bo‘ladi. Agar biror inson hatto hammada uchrashi mumkin bo‘lgan depressiyaga uchraganida ham uyda xizmatkorlik qilishga yaramaydi. Uning hech narsaga xohishi bo‘lmaydi.
«Akamning ko‘ziga qanday qarayman» degan gapi Nodiraning fohishalik qilmaganiga asos. «Akamning ko‘ziga qanday qarayman», degan birgina istihola uning kimdir tomonidan majburlanganiga bir ishora. «Agar jim yurmasang o‘ldirvoraman», degan burchakka qisilishga majbur qilinadigan holat bu. Agar qiz zo‘rlangan bo‘lsayu, jim yurishga majburlansa ham, qizning ruhiyatida o‘zgarish bo‘lishi mumkin. O‘zini otishiga ham, otilishga ham mana shu nomusiga tegish sabab bo‘lgani ehtimoli juda katta. Boshqa variant yo‘q.
Bir inson vafot etdi. Buni turk jamoatchiligi ham oqlayotgani yo‘q. Turkiyaning Bolalar va ayollar birinchi nomli assotsiatsiyasi rahbari Mujde Tozbey Erden «Agar Nodira fohishalik bilan shug‘ullangan bo‘lganida ham, buning ishga bog‘liqlik joyi yo‘q. Bu yerda gap uning o‘limi va jinsiy tajovuzga uchragani bo‘lishi mumkinligi haqida ketmoqda. Hech kim unga nisbatan bunday qilishga haqqi yo‘q edi. Qolaversa, Nodira ko‘zida yosh bilan do‘stiga: «Akamning ko‘ziga qanday qarayman endi», deb aytgan.
Savol tug‘iladi: Nodira fohisha va ruhiy kasal bo‘lsa, nega deputatning xonadonida shu paytgacha ishlagan?
O‘zbek qizi o‘limi oldidan nomusi qanchalar qadrli ekanligini, akasining yuziga qanday qarashini ta’kidlagan. Biz uni vafotidan keyin balchiqqa bulg‘ashlariga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Butun o‘zbek ayollarini qo‘llab-quvvatlaydigan, vakolatlari juda katta bo‘lgan Xotin-qizlar qo‘mitasi mana shunday paytda tinch o‘tirolmasligi kerak. Tashqi ishlar vazirligiga, elchixonaga, chet ellardagi elchixona va konsulliklarimizga murojaatmi, bayonotmi bilan chiqishi shart. Chunki elchixona va konsulliklarimiz ham mudroqda, tashqi ishlar vazirligi esa vaziyat elchixona nazoratida degan ma’lumot bilan cheklangan.
Axir Bolalar va ayollar birinchi nomli assotsiatsiyasining rahbari, huquqshunos turk ayoli Tozbey o‘zbek qizining haq-huquqlari uchun talashayotgan bir paytda, siz bir chetda turasizmi? O‘z nomusi uchun qanday kurashishni bilmay sirli o‘lim topgan o‘zbek qizining or-nomusi biz o‘zbek ayollarining or-nomusi emasmi? O‘zbek qiziga fohisha va ruhiy kasal edi, degan tamg‘a yopishtirilaversinmi? Uyg‘oning! Uyg‘oning! Uyg‘oning! Mana shu qizning hayotiga, o‘zbek qizlarining, ayollarining bundan keyin tahqirlanmasligiga, or-nomusi uchun talashib sirli ravishda o‘lib ketmasligiga befarq bo‘lmagan har qanday inson, har qanday tashkilot borki, uyg‘oning!
Nodiraning fojiali o‘limiga, o‘zbek qizlarining or-nomusi toptalishiga jimgina qarab turaverar ekanmiz, o‘z qizlarimizning ko‘ziga qanday qaraymiz?!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter