Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Advokat Oliy sud raisini Bosh prokurordan o‘rnak olishga chaqirdi

Advokat Oliy sud raisini Bosh prokurordan o‘rnak olishga chaqirdi

Foto: «Xabar.uz»

Advokat o‘z hamkasblari, Advokatlar palatasi va Bosh prokuratura xodimlariga «Facebook» ijtimoiy tarmog‘i orqali qilgan murojaatida shaxsiy qabul uchun Bosh prokurorga minnatdorchilik bildirdi va barcha advokatlarni bu imkoniyatdan foydalanishga chaqirdi. Bu haqda «Advokatnews.uz» xabar bermoqda.

«O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining zimmasidagi ish hajmidan kelib chiqib, u tergov va surishtiruv organlari mansabdorlari yoki sudlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik harakatlari ustidan qilgan shikoyatlari bo‘yicha advokatlarni qabul qilishga imkon topa olmaydi deb hisoblagan edim, — deydi o‘z murojaatida advokat A.S.Pashkovskiy. — Ammo aslida bunday emasligi ma’lum bo‘ldi. Men 2019-yil boshida dastlabki tergov organlari va tergov hibsxonasi mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan bir necha marotaba protsessual shikoyatlar bergan edim. Shunga ko‘ra 2019-yilning 8-fevral kuni Bosh prokuror Otabek Bahritdinovich meni o‘zining qo‘l ostidagi rahbar xodimlari bilan birgalikda shaxsan qabul qilib, shikoyatim maqsadini diqqat bilan eshitdi hamda ayrim o‘rinlariga aniqlik kiritib oldi. Shundan so‘ng shikoyat qilingan huquq-tartibot organlari mansabdor shaxslariga nisbatan zudlik bilan tegishli choralar ko‘rilishi to‘g‘risida qabulda ishtirok etayotgan vakolatli xodimlariga ko‘rsatma berdi. Ularning zimmasiga advokatlarning kasbiy faoliyatiga doir huquqlari buzilishi bo‘yicha tushgan har qanday shikoyatlari haqida Bosh prokurorga shaxsan hisobot berish va ularni zudlik bilan o‘rganib chiqib, aybdorlarga nisbatan jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan choralar ko‘rish vazifalarini yukladi. Shuningdek, Bosh prokuror shu paytdan boshlab advokatlarning kasbiy huquqlari o‘z nazoratida bo‘lishiga va unga rioya etilmasligi yuzasidan xavotirga o‘rin yo‘qligiga meni shaxsan ishontirdi».

Bu murojaatga sabab bo‘lgan tarixdan xabaringiz bo‘lsa kerak. Ya’ni, xabar berib borganimizdek, joriy yilning 30-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi saytida advokatlarning kasbiy faoliyatlariga daxl qilinishi yuzasidan o‘tkazilgan anonim so‘rovnoma asosida tayyorlangan ma’lumotnoma e’lon qilingach, avvaliga mazkur ma’lumotnoma haqidagi xabarlar, keyin esa unga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan bildirilgan munosabatlar OAVda ketma-ket yoritilgan va bu ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokaga sabab bo‘lgan edi. Shundan so‘ng Advokatlar palatasi saytida yana bir xabarnoma paydo bo‘ldi. Unda, jumladan, Bosh prokuror va Advokatlar palatasi raisi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tganligi ma’lum qilinib, bundan keyin advokatlarning kasbiy faoliyatlariga doir huquqlarning buzilishi bilan bog‘liq holatlar Advokatlar palatasi raisi bilan bigalikda Bosh prokuror tomonidan ham shaxsan nazoratga olinishi ta’kidlandi.

Advokatlar palatasi saytida e’lon qilingan murojaatnomada advokat Pashkovskiy ushbu va’daning qanchalik haqiqat ekanligiga o‘z misolida guvoh bo‘lganini bayon qilar ekan, buning uchun Bosh prokurorga minnatdorchilik bildiradi va ayni paytda Oliy sud raisi tomonidan ham xuddi shunday yo‘l tutilib, sud tizimi xodimlari tomonidan advokatlarning kasbiy huquqlari buzilishi holatlarini nazoratga olish va bartaraf etish uchun ularni shaxsan qabul qilishni tashkil etishiga umid bildiradi.

Shuningdek, advokat o‘z hamkasblarini ham faollikka undab, faoliyatlari davomida kasbiy huquqlariga turli idoralar mansabdor shaxslari tomonidan daxl qilinganida sustkashlik qilmasdan, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli protsessual harakatlarni amalga oshirishga, bu yo‘l bilan masala hal bo‘lmaganida esa bu haqda Bosh prokuraturaga murojaat qilishga chaqiradi. Ayni paytda bu jarayonda advokatlar o‘zlarining va rahbariyatning qimmatli vaqtlarini hurmat qilishlari lozimligini ham ta’kidlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring