Adliya vazirligi poytaxt hokimiyatiga sovg‘a qilingan mashinaga izoh berdi
Adliya vazirligi mutaxassisi Temur Safarov Bi-bi-si o‘zbek xizmatiga bergan intervyusida yaqinda Toshkent shahar hokimligiga sovg‘a qilingan qimmatbaho mashinaga izoh berib o‘tdi.
Gap shundaki, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan «O‘zbekiston Respublikasi davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorda davlat xizmatchilarining sovg‘a qabul qilish tartiblari va tadbirkorlik huquqlari belgilab berilmoqda.
«Siz aytib o‘tgan misolda, biz hokimiyatni bir shaxs sifatida, ya’ni hokim faoliyatida ko‘rishimiz noto‘g‘ri. Chunki sovg‘a hokimiyatga berilyapti. Ya’ni shaxsga emas. Shuni ham inobatga olishimiz kerak. U mashina hokimiyatning balansiga o‘tkazilyapti. Bunda bir qandaydir odob-ahloq, etika masalasi e’tiborga tushmasa ham kerak, qoidalar doirasiga tushmaydi. Chunki bu yerda predmet davlat tashkiloti va yuridik shaxs tomonidan o‘rtasida bo‘layotgan munosabat. Bugungi kunda davlat tashkilotlarining butunjahon amaliyotini o‘rganib chiqadigan bo‘lsak, har qanday davlat tashkiloti o‘zini moliyaviy shakllantirish bazasiga ega. Ya’ni unda jismoniy va yuridik shaxslardan kelayotgan hadya bo‘ladimi, yordam bo‘ladimi, o‘shalarni olish imkoniyati belgilangan bo‘lsa, boshqa talablar belgilanmagan bo‘lsa, albatta, qabul qiladi», deya izoh berdi Safarov.
Eslatib o‘tamiz, 30 noyabrda fuqaro Ziyoda Latipova o‘ziga tegishli MERCEDES BENZ S500 HYBRID rusumli mashinani Toshkent shahar hokimligi tasarrufiga ixtiyoriy ravishda tekinga bergan edi.
Keyinroq esa Toshkent shahrining Uchtepa va Chilonzor tumani hokimliklariga ham bittadan 2 ta uy sovg‘a qilingan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter